Blogerlar tanlovi Nizomi

Samarqand viloyat matbuot va axborot boshqarmasi, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Samarqand viloyat bo‘limi hamda viloyat “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari birlashgan tahririyati “Samarqandning turistik salohiyati blogerlar nigohida” mavzusidagi maqolalar tanloviga O‘zbekistondagi barcha blogerlarni taklif etadi.

 

  1. Blogerlar tanlovida kimlar ishtirok eta oladi? 

1.1. Blogerlar tanlovida internet tarmog‘ida o‘zining sahifasi (blog, veb-sayt), Telegram'dagi shaxsiy kanali, ijtimoiy tarmoqlarda sahifalari bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari, shu bilan birga, O‘zbekistonda istiqomat qiluvchi, ammo fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar qatnashishi mumkin.

1.2. Tanlovda matn shaklidagi postlar qabul qilinadi.

1.3. Tanlovda ishtirok etayotgan blogerlarning fikrlari shaxsiy xarakterga ega bo‘lib, uning to‘g‘riligi uchun faqat muallifning o‘zi javobgar bo‘ladi. Tashkilotchilarning fikri bloger va o‘quvchilar fikridan farq qilishi mumkin.

  1. Tanlovning maqsad va vazifalari 

2.1. Loyihaning maqsadi – mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan internet foydalanuvchilari orasida professional blog yuritish ko‘nikmalarini yuksaltirish hamda Samarqandning turistik salohiyatini namoyish etish, yurtimiz tarixi, madaniyati, o‘ziga xos an’analarini targ‘ib etish.

2.2. Loyihaning vazifalari – o‘zbek tilida blog yurituvchi blogerlarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish hamda internet tarmog‘ida foydali resurslarni yanada boyitishga hissa qo‘shish.

2.3. Blogerlar tanlovining moliyaviy ta’minoti va tashkiliy tadbirlari O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Samarqand viloyat bo‘limi, “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari birlashgan tahririyati tomonidan amalga oshiriladi. 

  1. Tanlovni o‘tkazish tartibi

3.1. Tanlovga 2019 yilning 20 yanvaridan 20 martigacha yozilgan blogpostlar taqdim etilishi mumkin.

3.2. Blogpostlar 2019 yilning 20 mart soat 23.59 gacha qabul qilinadi. Ushbu muddatdan kechikkan ishtirokchilarning blogpostlari tanlovga qabul qilinmaydi.

  1. Blogpostga qo‘yilgan talablar

4.1. Blogpostlar matn ko‘rinishda bo‘lishi lozim. Blogpost hajmi cheklanmagan.

4.2. Blogpost tanlov mavzusi bo‘yicha yozilishi lozim. Ularning soni cheklanmagan. Kamida uchta blogpost yozgan muallif boshqalarga nisbatan ustunlikka ega bo‘ladi.

  1. Ijodiy ishlarni baholash tartibi 

5.1. Tanlovga kelib tushgan ijodiy ishlarni tashkilotchilar tomonidan tayinlangan va malakali mutaxassislardan iborat hakamlar hay’ati baholab boradi. Hakamlar hay’ati blogpost haqida Internet tarmog‘ida foydalanuvchilar tomonidan bildirilgan fikrlarni inobatga olishi mumkin.

Hakamlar tanlovga taqdim etilgan ijodiy ishlarni 5 ballik tizimda baholashadi. 

  1. Mukofotlar

 6.1. Eng yaxshi deb topilgan blogpostlarning uch nafar muallifi qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi. Shuningdek, o‘z originalligi bilan ajralib turgan ijodiy ishlar mualliflari ham taqdirlanadi.

  1. Tanlov yakuni

7.1. Tanlov g‘olib va sovrindorlarini taqdirlash marosimi Navro‘z umumxalq bayrami kunlari bo‘lib o‘tadi. O‘zbekistonning boshqa hududlaridan bo‘lgan g‘olib va sovrindorlar Samarqandga tashkilotchilar hisobidan taklif etiladi.  

  1. Yakuniy qoidalar

 8.1. Blogerlar tanloviga kelib tushgan ijodiy ishlarni boshqa ommaviy axborot vositalarida e’lon qilish, chop etish uchun tanlov tashkilotchisining roziligini olish shart.

8.2. Zaruriyat tug‘ilganda tashkilotchilar tomonidan tanlov nizomiga o‘zgartirish kiritilishi mumkin.

8.3. Tanlov davomida yuzaga kelgan va yechimi ushbu nizomda nazarda tutilmagan muammoli vaziyatlar tashkilotchilar tomonidan hal qilinadi.