BMT va jahonning 88 mamlakati insoniyatga tahdid solayotgan qotil-robotlarni ta’qiqlash tarafdori

Rossiya, AQSh, Xitoy, Janubiy Koreya, Isroil va Buyuk Britaniya esa ushbu qurol ishlanmalarini davom ettirmoqda, deb yozadi «Mir novostey» (2019 yil, 25-son) haftanomasi. Yaqinda bu oltilikka Avstraliya ham qo‘shildi. Ularning fikricha, qotil-robotlar urushni nisbatan «odamgarchilik» bilan olib borish imkonini berarmish va harbiy talofatni kamaytirarmish.

Xo‘sh, qotil-robotlarning o‘zi nima? Huquqiy jihatdan bu tushuncha aniq belgilanmagan. Mohiyatan gap, odamsiz – operator ishtirokisiz biror bir nishonni yo‘q qilish haqida qaror qabul qiladigan harbiy texnika haqida bormoqda.

- Inson tugmacha yonida turmaydi va nishonni tanlashga ta’sir o‘tkaza olmaydi. Robot o‘zi qaror qabul qiladi. Agar unga barcha yugurib borayotgan mallasoch juvonlarni kaltaklab o‘ldirish algoritmi joylangan bo‘lsa, u barchasini kaltaklab o‘ldiradi, - deydi Rossiya «Etika va texnologiya» tahliliy markazi rahbari, huquqshunos Alena Popova. - Bunda qotil-robot Gollivud jangari filmidagi Terminatorga o‘xshash ekanda deb o‘ylash yaramaydi. Bu sezilmaydigan mitti, temir-tersak, masalan, dron shaklida bo‘lishi mumkin. Shunday voqea bo‘lgan. Uchuvchi dronga to‘pponcha osib qo‘yishgan, dron kerakli derazaga uchib borgan, to‘pponcha esa o‘q uzgan. Buyurtmachini topisholmadi.

Xalqaro xavfsizlik bo‘yicha ekspert Vadim Kozyulin boshqa bir misolni keltiradi: «Hozirda «tozalash» paytida derazaga granata uloqtiriladi, keyin bostirib kiriladi. Uyda esa ehtimol, qurolsiz qariyalar, bolalar bo‘lishi mumkin. Qotil-robotlar esa derazaga granata uloqtirmaydi, o‘ziga qarata o‘q uzilguncha kutib turadi, shundan keyingina derazaga granata uloqtiradi va bostirib kiradi».

Bu jihatdan qotil-robotlar urushda insonparvar «odamlar» bo‘lishi mumkin. Boshqa tarafdan qotil-robotlar raqibi robotlarga joylangan algoritm bo‘lishi, u ishdan chiqib qolishi ehtimoldan holi emas. Bundan tashqari, qotil-robotlarni ishlab chiqqanlarni, topshiriqqa chiqarib yuborganlarni aniqlash o‘ta mushkul va javobgarlikka tortish qiyin.

- Hozirda Rossiyada qotil-robotlardan foydalanish Mudofaa vazirligi buyrug‘i bilan amalga oshiriladi. Ya’ni, ulardan avtonom rejimda faqat texnikaga qarshi foydalanishga ruxsat beriladi. Odamlarga qarshi ishlatish ta’qiqlangan. Amerika yo‘riqnomasida esa qotil-robotlar bilan aloqa uzilsa ularni bazaga qaytarish zarur. Umuman, Rossiya va AQShda o‘zi mustaqil ishlaydigan robotlardan odamlarga qarshi foydalanish man etilgan, - deydi Vadim Kozyulin. Shunday ekan, qotil-robotlarni ochiqchasiga ommaviy tarzda ishlab chiqarishga urinayotgan mamlakatlar ulardan foydalanishda o‘z qonunlarini o‘zgartirishlariga to‘g‘ri keladi.

Insoniyat mutlaqo yangicha usulda urush olib borish uchun yangi qurollanish poygasi bo‘sag‘asida turibdi. Qurollanish poygasi tarafdorlarini bu telba g‘oyadan jahonning taniqli odamlari, siyosatchilar ham to‘xtaga olishmaydi, deydi xavotir bilan ekspert.

T.MUROD tayyorladi.