Bobur Hindistonda chorvaga qancha soliq belgilagan?
Zahiriddin Muhammad Bobur Shimoliy Hindistonda o‘z saltanatini o‘rnatgunga qadar Hindistonda Shershoh tomonidan joriy etilgan soliq tartibi amal qilgan. Mazkur tizim haqidagi ma’lumotlar Boburning “Mubayyin” asarida bayon etilgan. Bu asar she’riy tarzda yozilgan masnaviydir. U besh qismdan iborat bo‘lib, uchinchi qismi, qonunlar va soliq tizimiga bag‘ishlangan.
Ushbu kitobda nafaqat boburiylar saltanati davridagi iqtisodiy hayot, balki temuriy hukmdorlar davridagi iqtisodiy hayot haqida ham ma’lumotlar berilgan. Bobur 1526 yilda Shershoh Sur (1472-1545) o‘rnatgan soliqlar tizimini ko‘zdan kechiradi. Ko‘pchilik boshqaruvchi (muqaddam)lar soliqning yozma ravishda, pul ko‘rinishida bo‘lishi uchun murojaat qilishsa, boshqa tabaqa vakillari natura shaklida bo‘lishini so‘rab murojaat qilgan.
XIII asrdan XVIII asrning o‘rtalarigacha xiroj mahsul, mol, mol-u jihat atamalari bilan bir o‘rinda ifodalangan. “Zakot haqidagi kitob”da zakot solig‘i 4 turga bo‘lingan. Xiroj hosil ko‘p bo‘lgan yillar ikki marta olingan.
Masalan, yer ikki marta hosil bersa, dehqon ikki marta soliq to‘lagan. Aholidan yerning qanday ko‘rinishda bo‘lishi va qanday mahsulot ekilishiga qarab o‘lpon olingan. Qiziqarli jihati shundaki, Bobur ham xirojni ikkiga bo‘lgan. Kambag‘al dehqonlar yer solig‘idan tashqari yana mevali bog‘lar uchun ham 1/10 qismda mahsulot solig‘i to‘lagan. Mabodo, ular o‘rmondan asal va meva yig‘ib olsa, ikkalasi uchun ham ushr bergan.
Lalmikor, qo‘riq yerlar, qamish o‘sadigan yerlarda dehqonchilik qiladigan yerlardan soliq olinmagan.
Shohjahon tomonidan 1654 yilda chiqarilgan farmonga ko‘ra, jog‘irdorlar soliqlardan ozod qilingan.
«Mubayyin» kitobining “Savayi bayon” qismida chorva mahsulotlari haqida ma’lumotlar keltirilgan. Chorva (ot, tuya, echki, qo‘y, sigir) bir yoshga kirgandan keyin, qo‘ylar soni 40 taga yetganda chorvadorlarga soliq olingan. Qo‘y va echkilar uchun o‘lpon bir xil bo‘lgan. Shoxli mollar va sigirlar uchun ham soliqlar 40 bosh uchun 1 bosh shaklida olingan. Toki 121 bosh bo‘lguncha, shunday tizim davom etgan. 121 bosh bo‘lganda 2 bosh, 201 bosh bo‘lsa 3 bosh qo‘y soliq sifatida to‘langan.
Mazkur tizim 400 bosh bo‘lguncha davom etgan. Agar 400 bosh bo‘lsa, har bir 100 bosh uchun 1 boshdan, 4 bosh olingan. Bu siyosat 10 ming bo‘lguncha o‘zgartirilmagan. Echki uchun ham zakot shu tarzda olingan. Yirik shoxli chorvalar 30 boshga yetgandan keyin, har bir 3 yoshli chorvadan to‘lov talab qilingan. 60 bosh uchun 2 bosh, 5 tuyadan 1 bosh, 10 boshdan 2, 15 boshdan 3 ta qo‘y olingan. 26 tuyadan 1 ta uch yoshli, 46 tuyadan to‘rt yoshli, 61 tuyadan besh yoshli tuya olingan. Bobur davrida savdo pul (kumush va oltin) bilan amalga oshirilgan.
Hindistonda Boburiylar o‘rnatgan tartib-intizom natijasida savdo-sotiq jonlandi, narx-navo tizimi xalq va davlat tomonidan belgilandi.
Sunnatilla JUMANOV,
Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi ilmiy kutubxona bo‘limi boshlig‘i.