Bobur ijodiga fransuzlarning ehtiromi
Zahiriddin Muhammad Bobur o‘zining “Boburnoma” asari bilan jahonning mashhur tarixnavis olimlari qatoridan joy olgan.
Sharqshunos olimlar tomonidan Bobur ijodini o‘rganish, u haqda tadqiqotlar yozish XVIII asrning ikkinchi yarmida rivojlandi. XIX asrga kelib esa Yevropa, ayniqsa, fransuz sharqshunosligida uning asarlarini tarjima qilish borasida yangi davr boshlandi. Bu yillarda “Boburnoma”ni fransuz tiliga tarjima qilish, uning matn xususiyatlarini o‘rganish, siyosiy-tarixiy ahamiyatini baholashda fransuz olimlari e’tiborga molik tadqiqotlar qildi.
Jumladan, “Boburnoma”ni fransuz tiliga tarjima va tadqiq qilishga sharqshunos olim Anri Jyul Klaprot (1783-1835) birinchilardan bo‘lib kirishdi. 1824 yil A.Klaprotning “Sulton Bobur yoxud “Boburnoma” tarixiga oid kuzatishlar” nomli maqolasi chop etildi.
XIX asrning 60-yillarida fransuz leksikografi Per Larusning ko‘p jildli “XIX asr fransuz qomusiy lug‘ati” (“Grand Larousse universal du XIX siecle”) nashr etildi. Undagi “Zahiriddin Muhammad Bobur” maqolasi diqqatga sazovor. Maqola muallifi “Boburnoma” matni badiiyligi xususida mulohaza yuritar ekan, aniq xulosalar chiqarishga harakat qildi.
Bobur merosini o‘rganish, “Boburnoma”ni tarjima qilishda fransuz turkologi, fransuz kolleji turkiy tillar kafedrasi mudiri, Sankt-Peterburg fanlar akademiyasi muxbir a’zosi Anri Pave de Kurteyl salmoqli hissa qo‘shdi. Professor A.Pave de Kurteylning olimlik faoliyatida u tuzgan “Sharqiy turkiy tillar lug‘ati” (“Dictionnaire de turk orientale”.-Paris,1870) yoxud “Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur va Abulg‘ozi Bahodirxon asarlarini o‘qish uchun izohli lug‘at” alohida ahamiyatga molik.
Pave de Kurteyldagi katta tayyorgarlik, eski o‘zbek tili va adabiyotidan egallagan puxta bilim uni “Boburnoma” asarini tarjima qilishga undadi. 1871 yilda “Boburnoma”ning Pave de Kurteyl tomonidan qilingan tarjimasi ikki jildda nashrdan chiqdi («Memoire de Baber»(Traduit pour la premiere fois sur le texte djagatai par A.Pavet de Courteille.-edition, 1871).
“Boburnoma”ning tili xalq tiliga, o‘sha davrda ijod qilgan yirik shoirlar va adiblar tiliga yaqin bo‘lgan. Bu xususda Pave de Kurteyl shunday yozadi: «Bobur tili usmonli turk tili emas, balki sof turkiy til (o‘zbek tili) bo‘lib, har qanday arab va forsiy iboralardan xolidir. Bu til shoir Lutfiy va Navoiy, Sulton Husayn va Mir Haydar tili bo‘lib, juda sodda, boy hamda ifodalidir”.
Pave de Kurteyl Zahiriddin Muhammad Boburning merosini Fransiyada o‘rganish va targ‘ib qilishda katta hissa qo‘shib, “Boburnoma”ning tarjimoni sifatida mashhur bo‘ldi. Olim boshlagan bu xayrli ish so‘nggi yillarda uning vatandoshlari tomonidan izchil davom ettirildi.
1983 yil YuNESKO qarori bilan Bobur tavalludining 500 yilligi keng nishonlandi. Bu qutlug‘ sanaga fransuz olimlari ham ajoyib tuhfa tayyorladi. Parijdagi “Publication orientaliste de France” nashriyoti “Boburnoma”ning yangi fransuzcha tarjimasini “Bobur kitobi» (Le livre de Babour) nomi bilan chop etdi.
A.J.Klaprot, A.Longpere, M.Langle, A.Pave de Kurteyl, F.Grenard, Bake-Grammon kabi tadqiqotchi va tarjimonlar Bobur merosini tarixiy etnografik hamda lingvistik jihatdan tavsif qilishda Yevropada boburshunoslikning rivojiga munosib hissa qo‘shdi.
Aytib o‘tish kerakki, Boburning o‘zbek, arab va boshqa turkiy xalqlar she’riyati qonuniyatlarini o‘rganishda muhim ahamiyatga molik bo‘lgan “Aruz risolasi” qo‘llanmasining bir nusxasi Parij milliy kutubxonasida saqlanadi.
Ozoda ISLAMOVA,
SamDChTI talabasi.