Bobur va Shayboniy – bobolarimizdir

Bobur kim? Mening bobom. Shayboniy kim? U ham mening bobom.

Nega boboni boboga qarshi qo‘yyapmiz? Bu ishimiz borib-borib elni yana ikkiga bo‘lib yuboradi-ku!..

Xo‘p, Shayboniyxon bilan birga “o‘zbek” degan nom yurtimizda uzil-kesil qaror topdi, deylik. Lekin biz faqat nomdan iborat emasmiz-ku! Ungacha turk degan nom ostida bor edik-ku!

O‘zbek ham o‘sha turkning, turkiyning bir qismi, bir urug‘i bo‘lib qo‘shildi. Nega parchani olib, butunga qarshi qo‘yyapmiz?

O‘zaro urushlarda Shayboniyxonning (keyinroq avlodining) qo‘li baland keldi va Turkistonda katta ishlar qildi: davlat tuzdi, yangi davlat barpo qildi. Xo‘sh, Bobur yengib chiqqanda, u bunday ishlarni qilmasmidi? Albatta, qilardi. Aytaylik, yetti mo‘’jizadan biri – Tojmahal Andijon yoki Samarqandda qad rostlardi. Lekin nega biz ularning birini boshqasidan ustun ko‘rmoqchi bo‘lib so‘z so‘zlayapmiz?

Kechagi, sovet davridagi siyosatning davomi emasmi bu?

Faqat farqi shuki, kecha Bobur ulug‘lanib, Shayboniy yerga urilgan edi. Bugun esa teskarisi yuz beryapti. Nega? Axir, xato bitta-ku!?..

Yana bitta farq shuki, kecha dushman atayin “xato” (bu ko‘zlangan reja edi) qilgan bo‘lsa, bugun o‘zimiz shu ishning boshida turibmiz. Yana oramizda el tanigan, el suygan ziyolilar ham borligi kishini jiddiy o‘ylatib qo‘yadi. Axir, ziyoli degani elni birlashtiradigan g‘oyalarni o‘rtaga tashlamaydimi?!.. Buzg‘unchilik kimga kerak, nega kerak? Agar ziyoli buzg‘unchi bo‘lsa, elning parokanda bo‘lgani shu emasmi?!

Bilmaymizki, tomirdagi qonimizda qaysi bobomizning qoni ko‘proq oqayotgan ekan!

U yog‘ini surishtirsangiz, Shayboniyxon qurgan davlatchilikda temuriylarning ham hissasi bor edi. Axir, uning o‘zi temuriylar davlatida yollanma qo‘shin boshi, arbob bo‘lib yetishdi, kuchga to‘ldi. Yana surishtirsangiz, Shayboniy qonida temuriylarning qoni (Mirzo Ulug‘bekning qizi Robiya Sultonbegim tomonidan) borligiga guvoh bo‘lasiz. Buni men emas, tarixchilarimiz yozyapti. Yoki yolg‘on yozyaptimi? Bunday deb o‘ylamayman. Hatto yolg‘on bo‘lganda ham biz Odam Ato va Momo Havoning farzandlari emasmidik! Nega ota talashyapmiz, bobo talashyapmiz?

Shayboniy o‘zbek, ayni paytda turkdir, turkiydir.

Bobur ham o‘zini “turk” deydi, xuddi Navoiyni “turk” deganidek.

Agar shu millat, eskida turk, hozirda o‘zbek deb atalayotgan el unib-o‘ssin degan inson bo‘lsa, u hech qachon Boburni Shayboniyga, Shayboniyni Boburga qayramaydi. Albatta, tarix qanday bo‘lgan bo‘lsa, shunday o‘qib o‘rganish lozim, biroq o‘qib o‘rgangandan to‘g‘ri, sog‘lom xulosalar chiqarish ham kerak-da, el ichida fitnaga sabab bo‘luvchi gaplar nega kerak?!

Xo‘p, O‘rta asrlarda ikki xon yurt, hokimiyat talashib urushibdi va bu o‘z davri uchun normal ish sanalibdi, lekin bugun O‘rta asrlar emas-ku! Bugun barcha urushlardan to‘g‘ri, sog‘lom o‘gitlar chiqarib, birlashadigan paytda birlarimiz Bobur, boshqalarimiz Shayboniyxon tarafida turib qirpichoq bo‘laylikmi?

Tushunaman, kimningdir Shayboniyxonga, boshqa birovning Boburshohga muhabbati bo‘lishi mumkin va bu tabiiy. Lekin simpatiya va antipatiyani ichimizda saqlaylik. Biroq ikki kishiga so‘z aytar ekanmiz, so‘zimiz elni bo‘lishga emas, birlashtirishga xizmat qilsin!

Johilning o‘zidan kattaroq dushmani yo‘q! Aslida, johilga dushman kerak ham emas.

Tomirlarda oqqan biologik qondan tashqari dunyoqarash degan “qon” ham bor. O‘zbekistonliklarning biologik tomirida ko‘proq Shayboniyxonning qoni oqayotgan bo‘lishi mumkin. Lekin dunyoqarash degan tomirimizda hech shubhasiz, Manguberdilarning, Temuriylarning, jumladan, Boburiylarning ham qoni jo‘sh urib oqayotganligini unutmaylik. Boburdek ulug‘ini yerga uradigan, uni ko‘kragidan turtadigan el bo‘lsak, bunday elning ertasi yorug‘ bo‘lmaydi. Xuddi shu gapni Shayboniyni yomon ko‘radiganlar uchun ham aytish mumkin va kerak. Kimki, bu ishga bosh qo‘shib, uni targ‘ib qilsa, buzg‘unchidir, tuzg‘unchi emas.

Demak, Shayboniy ham, Bobur ham mening bobom, hammamizning bobomiz.

Biri Turkistonda ulug‘ davlat tuzgan bo‘lsa, ikkinchisi dunyoga chiqib, Hindda buyuk imperiya qurdi. Biz esa, har ikki davlatchilikdan o‘rganaylik!

Qolaversa, ularning har ikkisidan elimiz va dunyoga tatigulik madaniy va adabiy meros qoldi. O‘lmas meros!

Biz o‘zimizda ularning har ikkisiga suyanadigan kuch, iroda va bilim topsakkina kuchli millatga aylanamiz.

Ulug‘bek HAMDAM.