Bog‘chadagi besh tonna ko‘mir nega yaroqsiz chiqdi?
– 1982 yilda qurilgan bog‘chamiz bugunga kelib, xaroba ahvolga tushib qolgan, – deydi ushbu maktabgacha ta’lim muassasasi tarbiyachisi Ibodat Ergasheva. – Eshik-derazalar eskirib, pol teshilib qolgan. Qo‘lbola pechlarda o‘tin yoqib kun ko‘ramiz.
– Eng yomoni, bog‘chada ichimlik suvi yo‘q, – deydi hamshira Shahlo Islomova. – Ovqat pishirishga qiynalamiz, yonimizdagi hovlilardan tashib kelamiz. Qish mavsumi uchun berilgan olti tonna ko‘mirning atigi bir tonnasi yaroqli chiqdi. Qolgan besh tonnasi uvalanib yotibdi, yoqib bo‘lmaydi. Maktabgacha ta’lim muassasasi sovuqligi uchun 80 nafar o‘rniga 25-30 nafar bola qatnayapti. Katta va kichik yoshdagi bolalarni bir guruhda olib o‘tirishga majburmiz.
– Bola kamligi tufayli maoshimizning ham tayini yo‘q, – deya gapga qo‘shiladi Gulnora Yodgorova. – Buning ustiga metallom, archa ko‘chati uchun pul yig‘ishlari ortiqcha. Bolalar karavoti, choyshablar eskirib ketgan. Sovuqdan bir amallab o‘tib oldik, ammo qishning bir kuni ham qish-da.
Bu aytilganlar sirasiga eshik ushlagichlaru derazaning singan ko‘zlarini ham qo‘shib tasavvur qilsangiz, ayanchli holat ko‘z o‘ngingizda gavdalanadi. Sharoitning yomonligi bir taraf-u, bu bog‘chada tartib-intizomning yo‘qligi yana bir taraf. Misol uchun, tarbiyachilar mashg‘ulot o‘tishi uchun reja tuzmagan. Turli yoshdagi bolalar yig‘ilgan, bir amallab isitilayotgan xonada kun o‘tkazishning o‘zi ham yetarli, rejaga nima bor dersiz? Hatto taomnoma ham yo‘q.
Bu yerdagi ahvolga mutasaddilar nima der ekan? Yaqin yillarda bu bog‘chada yaxshi tomonga o‘zgarish bo‘lishidan umid qilish mumkinmi?
Azim QODIROV.