Bog‘chada 5 yashar bola bo‘yoq suyultirgich ichib qo‘ydi. Uning ahvoli qanday?

Ijtimoiy tarmoqlarda bog‘chada bo‘ëq suyultirgich ichib qo‘ygan 5 yashar bola og‘ir ahvolda reanimatsiyada ekanligi haqida tarqalgan xabarlar yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligi quyidagilarni ma’lum qiladi.
Haqiqatdan, Xorazm viloyati Xonqa tumani Madir qishlog‘ida yashovchi 5 yashar Sharipov Lochinbek Jasurbek o‘g‘li 32-sonli “Qaldirg‘och” bolalar bog‘chasida bilmasdan bo‘ëq suyultirgich (razbavitel) ichib qo‘ygani oqibatida 22 avgust kuni soat 17.10da tuman tibbiyot birlashmasi qabul bo‘limiga murojaat qilgan va shoshilinch tez tibbiy yordam bo‘limiga yotqizilgan. Unga bo‘yoq eritish vositasidan zaharlanish tashxisi qo‘yilgan.
Bo‘limda shifokorlar tomonidan bemorning oshqozoni yuvilib, zudlik bilan intensiv davo muolajalari olib borilgan. Ko‘rilgan tezkor choralar natijasida bemor ahvoli yaxshilandi va ertasi kuni bolalar bo‘limiga o‘tkazilgan. Mazkur bo‘limda ham davo muolajalari davom ettirilgan holda 24 avgust kuni shifokorlar tekshiruviga ko‘ra, ahvoli qoniqarli deb topilib, uyiga ruxsat berilgan.
Bundan tashqari, 28 avgust kuni tuman tibbiyot birlashmasining bir guruh mutaxassislari Sharipov Lochinbek Jasurbek o‘g‘lining uyiga borib, uni qo‘shimcha ko‘rikdan o‘kazishgan. Tekshiruv natijalariga ko‘ra, bolaning ahvoli qoniqarli va sog‘lom. Ayni paytda u shifokorlarning doimiy nazoratida.