Bojxonachi bo‘lmoqchimisiz?
O‘zbekiston Respublikasining “Davlat bojxona xizmati to‘g‘risida”gi Qonuni hamda Prezidentimizning 2018 yil 12 apreldagi Qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlarida xizmatni o‘tash to‘g‘risida”gi Nizomda bojxona organlariga ishga qabul qilish tartibi belgilangan.
Ushbu qonun hujjatlari talablariga ko‘ra, xizmatga ixtiyoriy ravishda, tanlov asosida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, yoshi o‘n yettidan kam bo‘lmagan va o‘ttizdan oshmagan, oliy, o‘rta maxsus va o‘rta ma’lumotga ega, o‘zining shaxsiy, ishchanlik va axloqiy sifatlari, sog‘ligi va jismoniy tayyorgarligi darajasiga ko‘ra bojxona organi xodimi xizmat vazifalarini bajarishga qodir erkaklar (bo‘yi 165 santimetrdan kam bo‘lmagan), ayollar (bo‘yi 160 santimetrdan kam bo‘lmagan) qabul qilinadi.
Bojxona organlariga muddatli harbiy xizmatni yoki safarbarlik chaqiriq rezervida yoxud oliy ta’lim muassasalarida harbiy tayyorgarlikdan o‘tgan erkaklar qabul qilinadilar.
Xizmatga kirish istagini bildirgan nomzod o‘zining doimiy yashash joyida (propiskasi) joylashgan bojxona organiga quyidagi hujjatlarni taqdim qiladi:
- xizmatga qabul qilish to‘g‘risida ariza;
- pasport nusxasi (aslini taqdim etgan holda);
- 3x4 sm va 9x12 sm (bosh kiyimsiz) o‘lchamdagi fotosurat;
- anketa-ma’lumot;
- o‘qish, ish (nomzod o‘qisa yoki ishlasa) va yashash joyidan tavsifnoma hamda ma’lumotnoma (oila a’zolarini ko‘rsatgan holda);
- o‘rta, o‘rta maxsus, professional va oliy ma’lumotga egalikni tasdiqlovchi hujjatlar nusxalari (aslini taqdim etgan holda);
- harbiy guvohnoma nusxasi (aslini taqdim etgan holda);
- doimiy yashash joyidagi tibbiyot birlashmasidan sog‘ligi darajasi bo‘yicha o‘rnatilgan shakldagi tibbiy ma’lumotnoma (bo‘yi o‘lchovini ko‘rsatgan holda);
- mehnat daftarchasi aslini taqdim qilgan holda (mavjud bo‘lsa).
Xizmat xususiyatidan kelib chiqib hamda ayrim hujjatlarga aniqlik kiritish maqsadida nomzod yoki mutasaddi tashkilotlardan qo‘shimcha hujjat va ma’lumotlar olinishi mumkin.
Xizmatga qabul qilish tanlov asosida bojxona organlari tomonidan o‘tkaziladigan dastlabki va yakuniy saralash asosida amalga oshiriladi.
Dastlabki saralash quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
- birlamchi suhbat;
- jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash;
- maxsus tekshirish;
- tibbiy shahodatlash.
Belgilangan tartibga ko‘ra, muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan, xizmatni o‘tashga to‘sqinlik qiladigan kasalligi yoki jismoniy nuqsonlari bo‘lgan, boshqa davlat organlaridan salbiy sabablarga ko‘ra bo‘shatilgan, shuningdek, sodir etgan jinoyati uchun muqaddam sudlangan, qo‘llanilgan jazo turidan, sudlanganlik holati tugallangan yoki olib tashlangan va amnistiya akti qo‘llanilgandan qat’i nazar, fuqarolar xizmatga qabul qilinishi mumkin emas.
Yakuniy saralash nomzod bilan yakka tartibdagi suhbat shaklida o‘tkazilib, suhbat davomida uning aqliy salohiyati, xizmat o‘tashga ruhan tayyorligi baholanadi.
Agarda nomzod xizmatga qabul qilish talablariga javob bermasa, mutasaddi rahbar tomonidan uni xizmatga qabul qilish maqsadga muvofiq emasligi yuzasidan qaror qabul qilinadi va bu haqida nomzodga yozma ma’lum qilinadi.
Yakuniy saralashdan muvaffaqiyatli o‘tganlar, nomzodlarning xizmatni o‘tashga kasbiy layoqatliligi to‘g‘risida qabul komissiyalarining xulosasi asosida DBQ raisi buyrug‘i bilan bo‘sh lavozimlardan kelib chiqqan holda lavozimga tayinlanadilar. Ishga qabul qilinayotgan nomzod hududiy bojxona boshqarmalarining birida mavjud bo‘lgan bo‘sh o‘rinlarga tayinlanishi mumkin.
Hozirda Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan tizimda mavjud bo‘sh o‘rinlardan kelib chiqib, bojxona ishi, yuridik, iqtisodiy, moliyaviy mutaxassisligi bo‘yicha oliy ma’lumotga ega bo‘lgan hamda kinologiya mutaxassisligi bo‘yicha o‘rta-maxsus ma’lumotga ega bo‘lgan nomzodlarni ishga qabul qilish uchun kadrlar zaxirasi shakllantirilmoqda.
Bunda nomzodning chet tilidan birini bilishi (asosan ingliz va rus), axborot-kommunikatsiya texnologiya, texnik vositalardan foydalana olish qobiliyatiga e’tibor qaratiladi.
Davlat bojxona qo‘mitasining Bojxona institutiga o‘qishga kirib ham bojxona organlariga ishga kirish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 2 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi bojxona organlari kadrlarini tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining Bojxona instituti qayta tashkil etildi.
Institut bojxona organlari uchun ta’lim muddati to‘rt yil bo‘lgan bakalavrlarni va ta’lim muddati bir yil bo‘lgan magistrlarni bojxona ishi va yurisprudensiya (iqtisodiy xavfsizlikni huquqiy ta’minlash) ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha tayyorlaydi.
Institutga harbiy xizmatni o‘tamagan 17 yoshdan 21 yoshgacha (qabul yilida 17 yoshga to‘ladiganlar) bo‘lgan hamda harbiy ofitserlar tarkibi unvonlariga ega bo‘lmagan harbiy xizmatchilar yoki harbiy xizmatni o‘tagan 18 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tanlov asosida qabul qilinadi.
Institutga o‘qishga kirish uchun arizalar 1 fevraldan 1 aprelga qadar qabul qilinadi.
Yuqorida qayd etilgan talablarga javob beradigan va bojxona organlari xizmatiga kirish istagida bo‘lgan nomzodlar Samarqand viloyati bojxona boshqarmasining kadrlar bo‘limiga murojaat qilishlari mumkin.
Nomzodlardan murojaatlarni qabul qilmaslik, sababsiz qaytarish yoki ta’magirlik holatlariga yo‘l qo‘yilganda Samarqand viloyati bojxona boshqarmasining (66) 233-63-00 raqamli “Ishonch telefoni”ga qo‘ng‘iroq qilish so‘raladi.
SAMARQAND VILOYaTI BOJXONA BOShQARMASI AXBOROT XIZMATI