Bojxonachilar eksportyor korxonalarga borib, tadbirkorlar murojaatini o‘rgandi
Odatda, muammoga duch kelgan tadbirkor tegishli tashkilotga murojaat qilib, imkon qadar masalasini hal qiladi. Samarqand viloyat bojxona boshqarmasi rahbar va xodimlari bu borada boshqacha yo‘l tutdi. Ularning o‘zi ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish korxonalariga borib, tadbirkorlarning muammolarini joyida o‘rgandi va hal etdi.
Dastlab Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i Ya.Mirzarahimov va mutaxassislardan iborat ishchi guruh Samarqand va Jomboy tumanlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’yektlari bilan uchrashdi.
Xususan, “Stekloplastik”, “Navobod naslli parranda”, “Agromir Samarqand”, “Agro soy plast”, “Jomboy oil”, “B-Max plastic group” va “Orifjon agro fayz” kabi korxonalarga borib, u yerdagi ishlab chiqarish jarayoni, chet eldan import qilinayotgan xomashyolar, xorijga chiqarilayotgan tayyor eksport mahsulotlarini ko‘zdan kechirdi. Tadbirkorlar bilan muloqotda qilib, bojxona sohasi bo‘yicha muammolari bor-yo‘qligi, ularni qiynab kelayotgan masalalar bilan qiziqdi.
“Stekloplastik” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari D.Saidmurodov tashkilot nomiga chet davlatlardan olib kelinayotgan xomashyolarni maxsus sharoitda saqlash talab qilayotganligi bois o‘z omboriga tushirish bo‘yicha murojaat qildi. Mazkur murojaat ijobiy hal etilib, Bojxona kodeksining 93-moddasi talablari doirasi “bojxona ombori” bojxona rejimiga rasmiylashtirishga ruxsat berildi.
“Jomboy oil” mas’uliyati cheklangan jamiyati vakili S.Tilyayev Qozog‘iston davlatidan qayta ishlash uchun import qilib olib kelayotgan “Soyevie bobi” tovarining narxi “Narx ma’lumotlar byulleteni” bazasida juda baland ekanligini, ammo hozirda butun dunyo bo‘yicha narxlar pasayganligini aytib, bu tartib inobatga olinishi zarurligi haqida taklif berdi.
Ushbu taklif shu yerning o‘zida qonuniy o‘rganildi va Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan “Narx ma’lumotlar byulleteni”ga o‘zgartirish kiritilib, masala ijobiy hal etildi.
Uchrashuv davomida tadbirkorlik sub’yektlariga bir qator normativ hujjatlarning mazmun-mohiyati bo‘yicha ham tushunchalar berib o‘tildi.
Xuddi shunday uchrashuv viloyatning barcha tuman va shaharlarida o‘tkaziladi.
Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati.