Bola o‘g‘irlashga urinish holati o‘rganildi
Avvalroq, Toshkent shahar Yunusobod tumanidagi 260-maktab atrofida bola o‘g‘irlashga urinish holati yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilayotgani haqida xabar bergan edik.
Voqea yuz bergani yuzasidan maktab rahbariyati tomonidan darhol tuman ichki ishlar bo‘limiga murojaat qilingan.
Ma’lum bo‘lishicha, 2019 yil 21 oktyabr kuni taxminan soat 13.00 larda 19 yoshli maktabning sobiq bitiruvchisi shu maktabda tahsil olayotgan 17 yoshli do‘stining oldiga qora rangli “Spark” rusumli yengil avtomobilda kelgan. Yo‘l yuzida turgan boshlang‘ich sinf o‘quvchisiga nechinchi sinfda o‘qishi haqida so‘ragan hamda uni uyiga olib borishni taklif qilgan.
Taxminan 10 metr uzoqlikda kuzatib turgan boshlang‘ich sinf o‘quvchisining otasi bu holatni noto‘g‘ri tushungan hamda IIB xodimlarini voqea joyiga chaqirtirgan.
Tuman IIBB YPX va Milliy gvardiya xodimlari darhol voqea joyiga yetib kelib, surishtiruv ishlarini olib borishgan.
Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi matbuot xizmatining xabar berishicha, o‘rganish natijalari bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ma’lumotlar o‘z isbotini topmadi.