Bola puli kimlarga beriladi va qanday holatlarda rad etiladi?
Bizda bolalar nafaqasi olishni istovchi yosh oilalar ko‘p. Ammo, nafaqa puli tayinlanishni so‘rab murojaat qilgan fuqarolarning hammasiga ham nafaqa puli berilmaydi. Xo‘sh, nima uchun? Bolalar nafaqasi o‘zi kimlarga beriladi?
Shu kabi savollarga Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi Samarqand viloyati boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Abdurashid Rahimov javob berdi.
- Bolalar nafaqasi tayinlashda yaqinda qonunchilikka o‘zgartirish kiritildi, ya’ni 2021 yilning 21 oktyabrida Vazirlar Mahkamasining 654-sonli qarori bilan nizom tasdiqlandi, - dedi A.Rahimov. - Ilgari amalda bo‘lgan bolalar nafaqasi uch turga bo‘linardi, ya’ni 2 yoshgacha bolalar nafaqasi, 14 yoshgacha bolalar nafaqasi va moddiy yordam puli. Endi bu nafaqa turlari bolalar nafaqasi deb belgilanib, kichik yoshdagi bolalar uchun 3 yoshgacha nafaqa, 18 yoshgacha nafaqa deb uzaytirildi. Shu bilan birga moddiy yordam nafaqasi ham mavjud.
Bolaning 3 yoshga to‘lgunicha beriladigan nafaqa miqdori 325 ming so‘m bo‘ldi. Shuningdek, nizomga ko‘ra, onaning ikkinchi bolasi uchun 150 ming so‘m, uchinchi va undan keyingi bolalariga 100 ming so‘mdan nafaqa puli tayinlanadi. Endi nafaqa tayinlashda oiladagi bolalarning miqdori hisobga olinadi.
Qanday holatda nafaqa berish rad etiladi?
Nafaqa tayinlashda oila a’zolarining o‘rtacha daromadi hisobga olinadi. Masalan, oilada faqat ota ishlasa, uning oylik maoshi oila a’zolariga teng taqsimlanadi, o‘rtacha daromad 440 ming so‘mdan ortiq bo‘lsa, nafaqa berish rad qilinadi. Aksincha, oila a’zolarining o‘rtacha daromadi 440 ming so‘mdan kam bo‘lsa, nafaqa tayinlanadi. Agar oilada yolg‘iz o‘zi farzandini tarbiyalayotgan onalar bo‘lsa, bunday oilaga nafaqa tayinlashda yengilliklar berilgan.
Aksariyat holatda ishlamayotgan fuqarolarga nafaqa tayinlash rad etiladi. Boqimandalikning oldini olish maqsadida ishlamayotgan fuqarolarga nafaqa va moddiy yordam tayinlash cheklab qo‘yilgan.
Shuningdek, so‘nggi yetti yil ichida avtomashina sotib olgan fuqaroga, traktor yoki og‘ir avtomashinalari bor kishilarga ham nafaqa tayinlanmaydi. Bundan tashqari, oila a’zolaridan birining eng kam ish haqining 5 barobari yoki undan ortiq miqdorda banklarda qo‘yilgan omonatlari bo‘lsa, ularning nomida ikki va undan ortiq miqdorda ko‘chmas mulk bo‘lsa, nafaqa tayinlanmaydi. O‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarga esa nafaqa tayinlanadi.
Nafaqa olish uchun qayerga murojaat qilish kerak?
Fuqarolar nafaqa bo‘yicha arizalarni mahalla fuqarolar yig‘inlariga topshiradilar. Mahalla fuqarolar yig‘inlari har oyning 19-sanasigacha barcha arizalarni jamlab, pensiya jamg‘armasiga topshiradi. Pensiya jamg‘armasi tomonidan ularning ma’lumoti yagona reyestr dasturiga kiritiladi. Bu yerda inson omili qatnashishi juda ham cheklangan. Mahalla ham, pensiya jamg‘armasi ham birovga yordam berib yoki uning nafaqasini rad qila olmaydi. Bunda yagona reyestr dasturi o‘n uchta vazirliklar bilan bog‘langan. Bu dasturning o‘zi har bir ariza uchun so‘rov xati yuboradi. Masalan, ilgari oylik ish haqlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni kamaytirib olib kelish holatlari kuzatilgan bo‘lsa, endi dastur fuqaroning soliqdan qancha daromad olayotgani va qayerda ishlayotganini so‘rab oladi. Yoki fuqaroning avtomashinasi bo‘lsa, bu haqda ham dasturga ma’lumot kelib tushadi. Ko‘chmas mulki ikki va undan ortiq bo‘lsa, kadastrdan ma’lumot kelib tushadi. Mezonlarga to‘g‘ri kelgandan so‘ng dastur orqali nafaqa tayinlab beriladi.
Shuningdek, fuqaro nafaqa tayinlash haqida onlayn tarzda ham murojaat qilishi mumkin. Nafaqani tayinlash muddati 12 oygacha. Masalan, yanvar oyida tayinlangan nafaqaning muddati tugadi. Fevral oyidan fuqaro yana qayta murojaat qilishi mumkin. Unga mart oyining 1 sanasidan boshlab nafaqa tayinlanadi.
Moddiy yordam nafaqasi 6 oyga tayinlanadi.
Nafaqa to‘lovlari Xalq bankining sayyor kassalari orqali fuqaroning xohishiga ko‘ra, naqd yoki plastik kartalar orqali beriladi. Nafaqa to‘lovlari har oyning 5 sanasidan 25 sanasigacha amalga oshiriladi. Plastik kartasi borlarga har oyning 5 sanasigacha nafaqa pullari to‘lab beriladi.
Ijtimoiy nafaqalar ham Pensiya jamg‘armasi tomonidan beriladi
Ijtimoiy nafaqalar uch turga bo‘linadi: yoshga doir, nogironlik va boquvchisini yo‘qotganlik. Yoshga doir nafaqalar ish stajiga ega bo‘lmaganlarga, ya’ni 60 yoshdan ayollar, 65 yoshdan erkaklarga beriladi. Nogironlik nafaqasi tibbiy mehnat eksperti komissiyasi tomonidan nogironlik belgilangandan so‘ng tayinlanadi. Boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi fuqaro vafot etganda uning bolalariga tayinlanadi.
Ijtimoiy nafaqalar qat’iy miqdorda belgilangan bo‘ladi. Yoshga doir nafaqa umrbod tayinlanadi. Nogironlik nafaqasi tibbiy mehnat eksperti komissiyasi tomonidan nogironlik muddatiga qarab amalga oshiriladi. Boquvchisini yo‘qotganlik to‘g‘risidagi nafaqalar bolalarga 18 yoshga to‘lguniga qadar tayinlanadi.
Agar boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi oladigan bola o‘qiyotgan bo‘lsa, unga 23 yoshgacha nafaqa tayinlash haqida taklif kiritilyapti. Ushbu taklif hozircha muhokamada.
Xurshida Ernazarova suhbatlashdi.