Bo‘lajak veterinar va biotexnologlar Belarusda ham o‘qiydi
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetida «Veterinariya va chorvachilikda innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqarish va joriy etishning istiqboldagi vazifalari» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda Markaziy Osiyo va hamdo‘stlik mamlakatlari veterinariya, chorvachilik, qishloq xo‘jaligi va biotexnologiya sohasining yetakchi olimlari, tadqiqotchilar ishtirok etdi. Konferensiya ishida Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Bahromjon Norqobilov, viloyat hokimining mahalliy sanoatni rivojlantirish masalalari bo‘yicha yordamchisi Nozim Ibragimov qatnashib, sohada qo‘llanilayotgan innovatsion texnologiyalar, erishilgan yutuqlar va mavjud muammolar haqida gapirdi.
- Belarus Respublikasining Vitebsk davlat veterinariya meditsinasi akademiyasi oliygohimizning eng yaqin hamkorlaridan biri, - dedi universitet rektori X.Yunusov. - 2019 yildan buyon hamkorlikda ilmiy va amaliy ish olib boramiz. Akademiya va universitetimiz o‘rtasida tashkil etilgan qo‘shma fakultetda ayni kunda 40 nafarga yaqin talaba tahsil olmoqda. 2023 yilda mazkur qo‘shma fakultet o‘zining birinchi bitiruvchilarini chiqaradi. Har ikki mamlakat diplomini qo‘lga kiritadigan mazkur fakultet bitiruvchilarining salohiyati va bilimiga mutaxassislar tomonidan katta ishonch bildirilmoqda.
Ilmiy anjuman ishida akademiya rektori Nikolay Gavrichenko ham ishtirok etdi. U ikki tomonlama hamkorlik aloqalarining mustahkamlanishi va rivojiga qo‘shgan salmoqli hissasi, qolaversa sohaga ko‘rsatayotgan e’tibori uchun Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Bahromjon Norqobilovga akademiyaning faxriy professori unvoni va nishonini topshirdi.
Anjuman doirasida Vitebsk akademiyasi bilan universitetning Nukus filiali, Veterinariya ilmiy tadqiqot instituti va Qorako‘lchilik ilmiy tadqiqot institutlari o‘rtasida hamkorlik memorandumi va shartnomalar imzolandi.
Gulchehra Berdiyorova.