Bolalar qaysi sport turi bilan shug‘ullangani ma’qul? Kattalar-chi?
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, inson salomatligi 55 foiz holatda sog‘lom turmush tarziga bog‘liq. Ortiqcha vazn yoki biror yondosh kasalliklari bor, sog‘lig‘iga yetarlicha e’tibor bermaydigan kishilarda har qanday kasallik og‘ir kechadi.
Aksincha, immuniteti kuchli, sog‘lom turmush tarziga amal qiladigan, sport bilan muntazam shug‘ullanuvchi insonlar yoshidan qat’iy nazar, xastalikni tez va oson yengib o‘tadi.
Albatta, odamlar bu tavsiyalarga ongli ravishda amal qilishga odatlansa, sog‘lom turmush tarzini hayotining bir bo‘lagi sifatida qarasa hamda farzandlarini ham shunga o‘rgatsa, samarali natijaga erishish mumkin.
Xo‘sh, bu borada mutaxassislar qanday tavsiya beradi?
Bolalar uchun sport turi yoshga ko‘ra tanlanadi
– Sog‘lom turmush tarziga amal qilishning to‘rt asosi bo‘lib, bular to‘g‘ri ovqatlanish, jismoniy faollik, ruhiy salomatlik, zararli odatlardan voz kechishdir, - deydi viloyat ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot markazi vrachi Maftuna Ibragimova. – Farzandlarimizni bolaligidan bunga o‘rgatish juda muhim. Avvalo, 1 yoshdan 3 yoshgacha bo‘lgan bolalarning to‘g‘ri ovqatlanishini tashkil etish, shifokor nazoratida bo‘lishi hamda harakatlanish ko‘nikmalarini rivojlantirish uchun kerakli o‘yinchoqlar bilan ta’minlash lozim. Shu bilan birga, bolalarni ma’lum bir yosh uchun mo‘ljallangan sport turlari bilan ham shug‘ullantirish kerak. Bu bolaning sog‘lom rivojlanishi uchun juda zarur.
Bolani o‘zining yoshiga mos sport turiga berish maqsadga muvofiq. Xususan, 2-3 yoshda bolalarning jismoniy yuklamaga suvda bardosh berishi oson. Bunda suv va xona haroratini hisobga olib, bolaning tanasini suvda chiniqtirish kerak. Ammo bunday yoshda organizmni qiynab yuborish tavsiya etilmaydi. Bu yoshda bolalarga turli harakat va o‘yinlar to‘g‘ri keladi. Masalan, velosiped haydash, to‘p bilan o‘ynaladigan o‘yinlar, estafeta, bekinmachoq, faol o‘yinlar paytida yugurish va boshqalar.
4-5 yoshda sport raqslari, gimnastika bilan shug‘ullangan ma’qul. Sport raqslari bola tanasini qayishqoq qiladi va boshqa sport turlarini boshlash uchun yaxshi asos bo‘ladi. 5-6 yoshdan karate bilan shug‘ullanish tavsiya etiladi. Ushbu mashg‘ulotlarda bolalar diqqatni jamlash, o‘z energiyasini zarur oqimga yo‘naltirishga o‘rganadi. 7 yoshdan bolaning jismoniy holati va qiziqishlarini hisobga olib, xokkey, badminton, stol tennisi, futbol va boshqa sport turlariga berish mumkin.
Sog‘lom turmush tarziga amal qilish uchun rahbarlar ham tashabbus ko‘rsatishi kerak
- Yoshim 58 da, 40 yildan buyon sport bilan shug‘ullanaman, - deydi viloyat gimnastika bo‘yicha ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktabi katta murabbiysi, II darajali «Sog‘lom avlod uchun» ordeni sohibasi Yelena Aslanova. – Har bir inson o‘zining jismoniy faolligini oshirishdan oldin maqsadi nimaligini anglab yetishi kerak. Misol uchun, birovlar shunchaki jismonan yaxshi holatda yurishni, kimdir sportchi bo‘lishni, yana ayrimlar ozishni, kimdir kasalliklarga yo‘liqmaslikni xohlaydi. Albatta, bularning barchasiga erishish uchun jismoniy tarbiya bilan muntazam shug‘ullanish kerak. Biroq sportchi bilan havaskor bajarayotgan harakatlarda farq bor.
Hozirgi kunda odamlarda asosan harakatsizlik va jismoniy faollik kamayib ketgan. Buning ortidan turli kasalliklar ham kelib chiqyapti. Ayniqsa, korxona va tashkilotlarda ishlaydigan fuqarolarda bunday holatni ko‘p uchratish mumkin. Aksariyat tashkilotlarda sharoit yaratilgan, ammo sport bilan shug‘ullanish muntazam yo‘lga qo‘yilmagan. Aytmoqchi bo‘lganim, har bir tashkilot rahbari xodimlarining sport bilan shug‘ullanishga doimiy e’tibor berib, sog‘lom turmush tarziga amal qilishni nazorat qilsa, xodimlarning jismoniy faolligi oshadi.
Yengil atletika barcha uchun qulay sport turi
- Ortiqcha vazn yurak, jigar, buyrak, bo‘g‘imlarga salbiy ta’sir qilishi oqibatida qandli diabet, yurak-qon tomir kasalliklari, gipertoniya kabi kasalliklarni keltirib chiqaradi, - deydi Samarqand Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi yengil atletika bo‘yicha murabbiyi Muzaffar Karimov. - Bularning barchasi noto‘g‘ri ovqatlanish, me’yoridan ko‘p yog‘li taom va shirinliklar tanovul qilish, harakatsizlik, jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanmaslik hamda vaqtida tibbiy ko‘rikdan o‘tmaslik natijasida yuzaga keladi. Zararli odatlarning oldini olishning qulay usuli yengil atletika bilan shug‘ullanishdir.
Yengil atletikada 50 dan ziyod mashq bor. Masalan, yaponiyaliklar eng ko‘p shug‘ullanadigan sport turi — piyoda yurish. Shuning uchun yaponlar uzoq umr ko‘radi. Muntazam piyoda yurish — qon bosimini me’yorlashtiradi, kayfiyatni va organizmning umumiy holatini yaxshilaydi. Bundan tashqari, qon bosimi va xolesterin miqdorini me’yorlashtiradi. Piyoda yurish uchun eng ma’qul vaqt ertalab bo‘lib, bu vaqtda havo musaffo bo‘ladi. Kechki paytda piyoda yurish esa yengil uxlashiga va organizm salomatligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Ertalab yugurish inson tanasi uchun foydalidir. U immunitet tizimini yaxshilaydi, energiya beradi, nafas olish tizimini va chidamliligini yaxshilaydi. Shifokorlarning fikriga ko‘ra, yugurish tanaga foydali ta’sir ko‘rsatadi, nafas olish va yurak-qon tomir tizimi faoliyatiga ijobiy ta’sir qiladi. Yugurish tufayli o‘pka tozalanadi. Shuningdek, ertalab va kechki badantarbiya mashqlarini bajarish asab tizimini tinchlantirib, stressni qoldiradi, ishtahani yaxshilaydi, ovqat hazm qilishga yordam beradi.
Fazliddin Ro‘ziboyev.