Bolalar tutatayotgan tamaki – jamiyat uchun ogohlik qo‘ng‘irog‘i

Bugungi kunda mahalla ko‘chalarida, ko‘p qavatli uylar orasida, maktab atroflarida tamaki tutatayotgan o‘smirlarni ko‘p uchratyapmiz. Bu holat nafaqat o‘qituvchilar va ota-onalar, balki butun jamiyat uchun jiddiy ogohlik qo‘ng‘irog‘idir.

Yaqinda shunday voqeaning guvohi bo‘ldim. Kech payti ishdan qaytayotganimda, ko‘p qavatli uylar orasida bir guruh o‘smirlarga ko‘zim tushdi. Taxminan 14-15 yoshlardagi, ya’ni 8-9 sinf o‘quvchilari. Har birining qo‘lida sigaret. Sekin ularga yaqinlashdim.

Ular salom ham berishmadi. O‘zim “Assalomu alaykum”, dedim. Orasida bir-ikki nafari qo‘lidagi sigaretni yashirishga urindi, yuzlaridan xijolat alomati sezildi. Ammo aksariyatining yuz-ko‘zida beparvolik. Tanbeh berdim. Kitob o‘qishini, yaxshi inson bo‘lishini, o‘zlarini hurmat qilishini aytdim. Ammo bir bola jahl bilan:

- Sizning nima ishingiz bor? - dedi to‘satdan.

Sheriklarining ayrimlari uni qo‘llab-quvvatladi:

- Borib uyingizda farzandlaringizga tarbiya bering.

- Bizni tergaydigan, tarbiya beradigan o‘zimizning ota-onamiz bor.

- Ha, ko‘rinib turibdi, - dedim xo‘rsinib va sumkamdan telefonimni chiqardim. - Hozir sizlarni suratga olaman va uni shu atrofdagi maktab direktoriga topshiraman.

Bolalar qo‘llaridagi sigaretlarni birin-ketin yerga tashlab, oyoqlari bilan ezg‘iladi-da to‘rt tomonga qarab tarqala boshladi...

Ularning gaplari menga og‘ir botdi. Bolaligim yodimga tushdi. O‘sha paytda ota-onalarimiz yo‘lda kattalarning oldini kesib o‘tmaslikni, yoshi ulug‘larga albatta salom berishni, oila nomi, mahalla sha’nini himoya qilib, ko‘chada o‘zimizni qanday tutishimiz kerakligini o‘rgatardi. Agar biror xato ish qilsak, nafaqat ota-ona, balki mahalladagi har bir yoshi katta kishi bizga tanbeh bergan, biz esa ularning gapini hurmat bilan qabul qilganmiz.

Albatta, har zamonning o‘ziga xos muammolari bo‘ladi. Lekin bugungi masalalarning asosiy sabablaridan biri - farzandlarimizning hayotida kattalar nazoratining, samimiy muloqot va mehrning kamayib ketganidir. Internet, smartfon, erkin muhit…

Bolalarning ongida o‘zini “katta” deb bilish hissi erta shakllanmoqda, ammo bu ruhiy va ma’naviy barkamollik bilan emas, tashqi taqlid orqali kechyapti. Tamaki tutatish bunga yaqqol misol.

Farzand tarbiyasi - faqat ota-onaning emas, balki butun jamiyatning burchi. Agar bir bola ko‘chada noto‘g‘ri ish qilayotgan bo‘lsa, unga tanbeh berish - jamiyatning sog‘lom kelajagi uchun kurashish demakdir. Kamina o‘sha bolalarning harakatini ko‘rib jahlim chiqdi, ranjidim. Ammo shu narsani angladim: ularning oilasi, maktabi, mahallasi, ya’ni biz ularga yetarli tarbiya bera olmayapmiz.

Bugun bolalarimiz sigaret tutatyapti. Ertaga-chi? Yomon illatlar, giyohvandlik, huquqbuzarliklar, ma’naviy bo‘shliq… Bu yo‘ldagi ilk qadamni bola o‘zi tashlayotgandek tuyulsa-da, aslida jamiyatning sukuti, befarqligi, nazoratsizligi unga yo‘l ochib bermoqda.

Ehtimol, “Nega befarq bo‘lib qoldik?” degan savol sizu bizni o‘ylantirar. Balki aynan shu savol o‘sha bolalarning taqdiriga ijobiy ta’sir ko‘rsatar. Chunki har bir bola - kelajak. Uni yo‘qotish esa millatni yo‘qotish demakdir.

Farida Ahmedjonova,

SamDChTI o‘qituvchisi.