Bolalarda ko‘z kasalliklari, aqliy zaiflashish sabablari nimada?

Farzand sog‘lom o‘sishi va rivojlanishida uning taomlanishi, do‘stlari bilan muloqoti, bilim olishi bilan bir qatorda qiziqishlari ham muhim ahamiyat kasb etadi. Hozirda ko‘pchilik bolalarning qiziqishi bu kompyuter va telefon o‘yinlari bo‘lib qolgan. Buning zararli ekanligi ko‘p takrorlansada, so‘nggi yillarda nafaqat O‘zbekistonda balki, butun dunyo bo‘ylab global muammoga aylanib bo‘ldi.

Kompyuter va telefonlar inson uchun foydali bo‘lishiga qaramasdan, yosh bolalarning bu qurilmalarga qaramligi ortib bormoqda. Ota-onalar befarqlik bilan bunday qurilmalarni bolalariga topshirib qo‘ymoqda. Buning natijasida - ko‘z kasalliklari, ko‘zning quruqlashishi, bosh va bel og‘rig‘i, asab kasalliklari, immun tizimining zaiflashuvi kelib chiqadi. Bolalar va o‘smirlarning psixikasida buzilishlar, o‘yin, kompyuter yoki telefondan ajrala olmaslik, qo‘rquv, depressiya va jahldorlikning ortishi, odamlar bilan muloqot qilolmaslik, uyqusizlik kuzatiladi. Tadqiqot natijalari telefon nurlanishi butun tanamizga ta’sir qilishini, ayniqsa, elektromagnit nurlanish ba’zi sabablarga ko‘ra, immuniteti zaif odamlarga va bolalarga zararli ekanligini ko‘rsatmoqda.

Telefon gadjetlarining inson ko‘rish qobiliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishini  alohida ta’kidlash kerak. Ko‘z mushaklarining vazifasi miyamizga tasvirni yetkazib berish hisoblanadi. Turli kompyuter va telefon qurilmalariga uzoq vaqt mobaynida qaraganimizda, ko‘z mushaklari aniq tasvirni yetkazish uchun nomutanosib ravishda katta kuch bilan ishlaydi. Internet sahifalarini kuzatayotgan inson telefon ekraniga diqqatini qaratishiga to‘g‘ri keladi. Bu esa ko‘z mushaklari va nervlarining zo‘riqishiga sabab bo‘ladi. Bunday holatning surunkali takrorlanishi ko‘zning funksiyasiga salbiy ta’sir qiladi. Ayniqsa, o‘sish yoshida bo‘lgan bolalarda bu jarayon tezroq kechadi.

Shuningdek, mobil telefonlar eshitishga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Uzoq muddatli suhbat davomida quloq, quloq pardasi, qo‘shni to‘qimalar va miyaning qo‘shni sohalarida haroratning oshishi kuzatiladi. Albatta, ko‘pchiligimiz uzoq suhbatdan keyin qulog‘imizda iliqlik hissi paydo bo‘lganini sezgan bo‘lishimiz mumkin. Bu telefon uzatgichi tomonidan yaratilgan elektromagnit maydonning bizga ta’sir qilayotganini bildiradi.

Farzandlarimiz mobil qurilmalarga qaramlik oqibatida nafaqat jismonan, balki ma’nan nosog‘lom bo‘lib qolishi mumkin. Bunday salbiy holatlarni oldini olish uchun ota-onalar mas’uliyatni oshirishlari shart va zarur.

Nigina BOZOROVA,

Samarqand davlat tibbiyot universiteti

Farmatsevtika ishini tashkil qilish

kafedrasi mudiri.

Mavsuma OLTIBOYeVA,

assistent.