Bolalarini daryoga tashlamoqchi bo‘lgan ona bilan suhbat o‘tkazildi
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Bekobod tumanida yashovchi ayol farzandlarini daryoga tashlamoqchi bo‘lgan, degan mazmundagi videoxabar tarqalmoqda.
Ayolning uyida bo‘lgan Bekobod tumani hokimining mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha o‘rinbosari Yoqutxon Mo‘minova voqea yuzasidan shunday xabar beradi:
"Videodagi ayol A.R. va uning farzandlari Bekobod tumani Turkman MFYda doimiy yashab keladi. Bu holat 2020 yil 15 dekabr kuni sodir bo‘lgan.
Dastlabki suhbatlardan ma’lum bo‘lishicha, ayol Sirdaryo viloyati Shirin shahri obodonlashtirish boshqarmasida ishlovchi turmush o‘rtog‘i telefoniga javob bermagani uchun jahli chiqqan va rashk ustida nojo‘ya gaplarni gapirganini aytgan.
Onaning so‘zlariga qaraganda, u va bolalari Toshkent viloyati Bekobod tumanidan Sirdaryo viloyati Shirin shahri, Farhod MFYga o‘tadigan "Do‘stlik" kanalidan o‘tib bo‘lgach, Shirin shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘limi xodimlari tomonidan to‘xtatilib videoga olingan.
Ayol alam ustida ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘limi xodimlariga keskin gapirgani, ammo hech qachon o‘z farzandlarini suvga tashlash niyati bo‘lmaganini, o‘g‘lining bosh kiyimi esa bexosdan suvga tushib ketganini aytmoqda.
Mazkur oila shu paytgacha tinch-totuv yashab kelgan, oilada muqaddam notinchlik kuzatilmagan.
Ayni paytda holat viloyat hokimligi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan atroflicha o‘rganilmoqda.
Shuningdek, Vasiylik va homiylik organi vakillari kelib, bolalarning kelgusi taqdiri bo‘yicha tegishli qaror qabul qilinishi kutilmoqda.
Holat yuzasidan keyinroq batafsil axborot berilishi ma’lum qilingan.