Bolangiz qayerda cho‘milyapti?

Misol uchun, 2013 yilda 22, 2014 yilda 9, 2015 yilda 7, 2016 yilda 6 va 2017 yilda 18 nafar fuqarolar turli sabablarga ko‘ra, suvda cho‘kib vafot etganlar.

Bu kabi holatlar asosan Samarqand va Kattaqo‘rg‘on shaharlarida, Kattaqo‘rg‘on, Urgut, Samarqand, Bulung‘ur va Narpay tumanlarida nisbatan ko‘proq kuzatilmoqda. Oxirgi 2 yil davomida fuqarolarning suvda cho‘kib vafot etishi Darg‘om va Narpay kanallari, Katttaqo‘rg‘on suv omborining chiqish kanali, Zarafshon daryosida va Kattaqo‘rg‘on suv omborida ko‘proq qayd etilgan. Halok bo‘lgan fuqarolarning 42,5 foizini 23 yoshdan 53 yoshgacha, 35 foizini 13 yoshdan 22 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar va 22,5 foizini 12 va undan kichik yoshda bo‘lgan bolalar tashkil etmoqda. 

Jumladan, joriy yilning 22 iyun kuni Past Darg‘om tumanidagi Oltiqahramon mahallasidan oqib o‘tuvchi "Anhor" kanalida 2012 yilda tug‘ilgan 6 yoshli bola jonsiz holda topilgan va uning suvda cho‘kib, halok bo‘lganligi aniqlangan. Katta yoshdagilar o‘rtasida suvda cho‘kib vafot etishning 70 foizi spirtli ichimlik iste’mol qilib cho‘milish, yosh bolalarning 95 foizi esa ota-onalar tomonidan nazoratsiz qoldirilganligi oqibatida ro‘y bergan.

Eslatib o‘tamiz, ruxsat etilgan suv havzalarida fuqarolarning cho‘milishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan bo‘ladi. Qutqaruvchi g‘ovvoslardan iborat qutqaruv postlari tashkil etiladi. Taqiqlangan hududlarda bunday sharoitlar bo‘lmaydi, ushbu suv havzalari cho‘milish uchun umuman talabga javob bermaydi, qutqaruvchilardan iborat qutqaruv postlari tashkil etilmaydi. Bu kabi joylarda suv oqimi tez bo‘lishi, sanitariya-gigiyena holati talabga javob bermasligi mumkin.

Anvar TURDIQULOV,

viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi aholi va rahbarlar tarkibini tayyorlash markazi o‘qituvchisi.