Bolani cheklash qanchalik to‘g‘ri: Farzand tarbiyalashda dunyo xalqlari qanday yo‘l tutadi?

Farzand tarbiyasida xalqimizdan o‘rnak olish mumkin bo‘lgan ko‘p jihatlar bor. Shu bilan birga bu borada har bir millatning ham o‘z an’analari bor. Qaysidir mamlakat aholisi tarbiyada qattiqqo‘llikni yoqlasa boshqa bir jamiyatda bolaning harakati umuman cheklanmaydi. Dunyo xalqlarining bu boradagi tajribalari bilan tanishamiz.

Yaponiya tarbiya masalasiga o‘ziga xos yondashuvi bilan ajralib turadi. Yaponlar bola besh yoshga to‘lgunga qadar uni hech qaysi sohada cheklashmaydi. Yapon bolalari bu muddatda "yo‘q", "mumkin emas", "jazolanasan" kabi so‘zlarni eshitmaydi. Bolaga o‘shqirish, uni qaysidir yomon ishi uchun jazolash qat’iyan taqiqlanadi.

Atrofdagilarga hurmat, ehtirom ko‘rsatish tarbiyaning asosi sanaladi. Ona o‘z hatti-harakatlari misolida unga jamiyatda o‘zini tutish odobini namoyish etadi. 5 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan muddatda esa qat’iy intizom yo‘lga qo‘yiladi. Bu vaqtda boladan jamiyatda o‘rnatilgan qonun-qoidalarga so‘zsiz itoat etish talab etiladi. O‘n besh yoshga to‘lgan yapon farzandi oilaning, jamiyatning teng huquqli a’zosiga aylanadi va ota-onasi endi unga do‘sti kabi munosabatda bo‘ladi.

5 yoshgacha shoh, 15 yoshgacha qul, 15 yoshdan keyin do‘st. Yapon bolalariga shunday ta’rif berishadi.

Fransuz ota-onalari esa ulg‘ayib qolgan farzandlarini ham yonlarida yashashini istashadi. Bola 30 yoshda ham ota-onasi bilan yashashi mumkin. Bu bolalarni erkatoy deb atashga shoshmaslik kerak. Chunki fransuz onalari ham ko‘p hollarda otalar bilan barobar ishlashadi. Uy yumushlarida farzandlar ko‘magiga tayanishadi.

Shvetsiyada bola avvaldanoq katta yoshli insonlar bilan teng huquqli sanaladi. Bu mamlakat tarbiyaviy qarashlarida "Bolaga o‘zingga loyiq ko‘rganing kabi munosabat ko‘rsat" qoidasiga amal qilinadi. Oilada bolaga nisbatan har qanday ruhiy va jismoniy zo‘ravonlik davlat tomonidan jiddiy taqiqlangan.

Amerika ota-onalari bolalari uchun bolalar bog‘chasidan ko‘ra uyda xizmat ko‘rsatuvchi enagani ustun ko‘rishadi. Ular ko‘p hollarda bolalarini kinoga, teatrga hattoki ishxonaga ham o‘zlari bilan birga olib borishlari mumkin. Turli munosabatlar bilan tashkillashtirilgan oilaviy yig‘in va tabiat qo‘yniga oilaviy sayohatlar ham amerikacha tarbiyaning bir usuli. Bolalar qilmishlariga ko‘ra sevimli o‘yinchoqlari olib qo‘yilib jazolanishlari ham mumkin.

Italiyada bolalar tarbiyasi millatimizning bu boradagi qarashlariga o‘xshab ketadi. U yerda ham ko‘p farzandli oilalar, katta-katta oilaviy yig‘inlar, bolalarni shirinliklar bilan siylash kabi an’analarga duch kelishingiz mumkin.

Dilora tayyorladi.