Bolani "qolip"da ushlamang
O‘nida kitob-daftarlari. U hozir ilhom og‘ushida, uyga berilgan murakkab masalani berilib yechmoqda. Shu lahza xonaga onasi kirdi.
– Ha, o‘g‘lim, bu nima yotish?
– Dars qilyapman, aya.
– Uzala tushib dars qiladimi odam? Tur o‘rningdan. Bu ahvolda umurtqang qiyshayib, bukri bo‘lib qolasan!
– Shunday yotib, dars qilish yaxshi menga, aya, miyam yaxshi ishlaydi.
– Tur deyapman o‘rningdan! Muallimlaring partada qanday o‘tirishni, umurtqani tik tutishni o‘rgatmaganmi?
– O‘rgatishgan, ammo menga shunday dars qilish yaxshi-da, ayajon.
Ona farzandining gapiga quloq solmadi, uni o‘rnidan turg‘azib, stolga o‘tqazdi. Boladagi ilhom parisi esa uchdi-ketdi. Hafsalasi pir bo‘lib, bo‘shashdi. Bu ahvolda endi dars qilib bo‘lmaydi, oxirlab qolgan masalaning yechimi mavhumlashdi. Yaxshisi, bugungi uy vazifasini qilmaydi. Boladagi ishtiyoq, havas, intilish so‘ndi. O‘rnidan turib, ko‘chaga chiqib ketdi.
Axir ko‘plab daholar o‘z kashfiyotlari, asarlarini noqulay, og‘ir sharoitlarda yaratganlar. Mashhur rus satirik yozuvchisi N.Gogol o‘zining yuksak asarlari – "Intiqom", "Viy"ni eski qabristonda yolg‘iz o‘tirib yozgan. Biz esa tangri iste’dod bergan bolalarimizni qolipda ushlamoqchi bo‘lamiz, erkini bo‘g‘amiz.
Bola stolda o‘tirib, dars qildi nima-yu, ko‘rpachada uzala tushib, dars qildi nima? Muhimi, masala yechimi. Ammo u yechilmay qoldi, xalaqit berishdi. To‘g‘ri, ota-ona bolasining salomatligi haqida qayg‘urishi kerak, ammo unga "Chizgan chizig‘imdan chiqma", – deyish tarbiya vositasi emas.
Endi buni qarang: "She’r yozdingmi, sen-a? Urug‘-aymog‘ingda birorta shoir o‘tmagan-ku, he, he…". "Sen hadis o‘qi. Aqling kiradi. Badiiy kitob o‘qib nima qilasan. Otasi janda chopon kiyib o‘tgan-u, buning shashtini ko‘ring"…
Hozir yosh talantlarimizni e’tiborsiz qoldirsak, yutqazamiz.
Murodim UMRZOQOV.