Bolaning rivojlanishi uchun qayer yaxshi: uymi yoki bog‘cha?
Besh yoshli qizimning iltimosi bilan yo‘l chetidagi bolalar maydonchasiga kirdik. E’tiborimni tortgan narsa, qizim u yerdagi 3-4 nafar bola bilan tez til topishib, birga o‘ynay boshladi.
Faqat bir bola o‘zini chetga olar, o‘yinchoqlariga teginganlarni quvib solardi. Farzandini sayrga olib chiqqanlardan so‘rab bilsam, bu 6 yoshlar chamasidagi bola aslida ko‘chaga ham kam chiqarkan, “Ota-onasi tilab olgan, avaylab bog‘chaga ham berishmaydi uni”, deb vaziyatni tushuntirishdi menga. Qizimning aytishicha, bolalar u bolaga “yovvoyi”, deb laqab qo‘yishibdi.
Yovvoyi bola. Buni o‘qib, xayolingizda o‘rmonda, yovvoyi hayvonlar ichida ulg‘aygan, insonlarga xos xislatu fazilatlardan mosuvo multfilm qahramoni - Maugli gavdalandi, shundaymi? Aslida, bu atama bugun tibbiyotda ham bor. Faqat endi “Maugli” bo‘lish uchun o‘rmondan chiqish shart emas, yashab turgan jamiyatida o‘zini begona his qiladigan, jamoaviylikka o‘rganmagan, bir so‘z bilan aytganda, ijtimoiylashmagan bolalar tibbiyotda shunday ataladi. Ular o‘z xayoliy olamida yashaydi, atrofida bo‘layotgan voqea-hodisalarga juda ta’sirchan bo‘lib qoladi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bolaning maktabgacha davrda ijtimoiylashuvi juda muhim hisoblanadi. Hayotining aynan shu bosqichida ular muloqotga kirishishni, to‘g‘ri fikrlashni va boshqalarning fikrini hurmat qilishni o‘rganadi. Albatta, bu jarayon uyda, televizor qarshisida sodir bo‘lmaydi, balki jamoada, tengdoshlar bilan muloqot davomida shakllanadi. Bog‘chalarning ijtimoiy ahamiyati ham shunda. Ular faqatgina bolaga enagalik qiluvchi muassasa emas, balki ularni shaxs, jamiyatning to‘laqonli a’zosi sifatida tarbiyalaydigan maskan hisoblanadi. Xo‘sh, bugun bog‘chalarimiz bu mas’uliyatli vazifani bajara olyaptimi? Bog‘chaga borgan bola bilan bormagan bolaning qanday farqi bor? Toyloq tumani misolida holatni tahlil qildik.
Avval, ba’zi raqamlarga e’tiboringizni qaratmoqchimiz. Ma’lumotlarga ko‘ra, tumanda ayni kunda 188 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyat yuritmoqda. Shundan 44 tasi davlat, 138 tasi oilaviy, 4 tasi davlat-xususiy sheriklik asosidagi hamda 2 tasi xususiy bog‘cha. 50 ta mahallaning 17 tasida davlat bog‘chalari mavjud emas. Oilaviy bog‘chalarning asosiy qismi ana shu hududlarga to‘g‘ri keladi. Har bir oilaviy bog‘chada 25 nafardan 50 nafargacha bola tarbiyalanadi.
- Bolalarning bog‘chalarga qamrovi tizimli oshirib borilmoqda, - deydi tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi shu’ba mudiri Javod Rasulov. – Misol uchun, o‘tgan yili ko‘rsatkich 71 foiz edi. Joriy yil 3-7 yoshli bolalar soni 18102 nafarni tashkil etgani holda, ularning 13468 nafari, ya’ni 80 foizi bog‘chaga qamrab olindi. Yaqin bir-ikki yil ichida hududda bog‘chalar bilan bog‘liq muammo qolmaydi.
Demak, bu yerda bolalarning asosiy qismi davlat va oilaviy bog‘chalarga qatnaydi. Mas’ulning ma’lumotiga tayanadigan bo‘lsak, ularda nopedagog kadrlar deyarli qolmagan. Borlari ham ishdan ajralmagan holda qayta tayyorlov kurslarida o‘qimoqda.
Raqam va hisobotlar o‘z yo‘liga. Tumandagi maktabgacha ta’lim muassasalaridagi asl holat qanday? Buni aniqlash uchun har to‘rt turdagi bog‘chalarda bo‘lib, ulardagi ta’lim-tarbiya jarayoni, bolalar va ota-onalarning kayfiyatini o‘rgandik.
30 bolani bir nafar tarbiyachi eplay olmaydi
Madaniyat mahallasida joylashgan 17-davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida 112 nafar bola 4 ta guruhda tarbiyalanadi. 5 nafar tarbiyachi bor. Biz maktabgacha tayyorlov guruhiga kirib, mashg‘ulotlarni kuzatdik. “Nonning ushog‘i ham non” mavzusidagi mashg‘ulotga bolajonlar non haqidagi she’rlarni yod olib kelishibdi. Ahamiyatlisi, ularning barchasi darsda faol qatnashyapti, mehmonlar bilan salomlashish, kattalarga yo‘l berish, xayrlashish odobidan ham yaxshi xabardorlar. Ammo baribir ba’zi holatlar e’tiborimizdan chetda qolmadi. Masalan, aksariyat bolalar “Katta bo‘lsang, kim bo‘lasan?”, “Qaysi fan senga ko‘proq yoqadi?”, degan oddiy savollarimizga javob berishga qiynaldi. Aksincha, “Sizga bog‘chaning nimasi yoqadi?”, degan savolga bir ovozdan “O‘ynash va sayr qilish”, degan javobni oldik. Bolalarning faol bo‘lishi yaxshi, biroq ularni hayotning keyingi bosqichiga tayyorlash, iqtidorini to‘g‘ri yo‘naltirish masalalari ham e’tibordan chetda qolmasligi kerak.
Ana shu vaziyatda bog‘chalarda kuzatiladigan bir muammo ko‘zga tashlanadi. Qaysi deysizmi? Masalan, 17-DMTTdagi biz kuzatgan guruhda 29 nafar bola bor. Ularga bor-yo‘g‘i bir nafar tarbiyachi va uning yordamchisi biriktirilgan. Tajribadan ma’lumki, tarbiyachining yordamchisi odatda shu guruhning farroshligini ham qiladi. Ya’ni, u ta’lim-tarbiya jarayonida deyarli ishtirok etmaydi. Demak, 29 nafar bola tarbiyasining uvoliyu savobi bir nafar tarbiyachi zimmasida qolmoqda. Bunday muhitda har bir bola bilan individual ishlash, uning iqtidorini aniqlab, ro‘yobga chiqarish mumkinmi? Bunda pedagogning dasturda belgilangan mashg‘ulotlarni bekamu ko‘st o‘tishi ham amrimahol. Unutmang, gap maktab o‘quvchisi yoki institut talabalari haqida emas, bog‘cha bolalari haqida ketyapti. Ota-onalarning o‘zi ham bu yoshda bolalarning diqqatini jamlash, tartibga o‘rgatish qanchalar qiyin ekanligini yaxshi bilishadi.
- Pandemiya davrida bir guruhga faqat 10-15 nafar bola qabul qilishga ruxsat berilgan edi, - deydi bog‘cha direktori Muborak Rivojeva. – Ana shu oraliqda tarbiyachilarimiz zavq bilan ishlashdi. Mashg‘ulotlarning sifati, bolalarning xulqi, mavzularni o‘zlashtirishi ham sezilarli yaxshilangan edi. Ochig‘ini aytish kerak, 30 nafar bolaga bir nafar tarbiyachining “kuch”i yetmaydi. Bunday guruhlarda ikki nafar tarbiyachi ham qiynalib qoladi.
Rivojlangan davlatlardagi bog‘chalarda har 10 nafar bolaga tarbiyachi va yordamchi ajratilar ekan. Agar guruhda 30 nafar bola bo‘lsa, ular bilan bir nafar tarbiyachi va uch nafar yordamchi shug‘ullanadi. Bizda esa buning aksi. Toyloq tumanini qo‘ya turing, Samarqand shahrida bir guruhga 40 nafargacha bola qabul qilgan bog‘chalar ham bor.
Madaniyat mahallasiga qaytsak. Bu yerda davlat bog‘chasidan tashqari 5 ta oilaviy bog‘cha ham bor ekan. Demak, bu hududdagi bolalarning asosiy qismi oilaviy bog‘chalarga joylashtirilgan. Mahalla faollaridan bolalarning maktabgacha ta’limga qamrovi haqida ma’lumot olmoqchi bo‘ldik. Biroq mahalla markaziga borib, hech kimni topa olmadik. Keyinroq yetib kelgan mahalla xotin-qizlar faoli esa biz so‘ragan ma’lumotlarga ega emasligini, uning ishi faqat xotin-qizlar bilan ishlash ekanligini aytib, hayratimizni oshirdi. Rais mahalla ishlari bilan, profilaktika inspektori jinoyatchilikning oldini olish bilan shug‘ullansa, mahallaning bolalari “yetim” ekan-da?!
Oilaviy bog‘chalarda sharoit yaxshi, ammo...
Keyingi yillarda viloyatimizda oilaviy bog‘chalarning soni keskin ortdi. Bu ayniqsa, davlat maktabgacha ta’lim muassasasi yo‘q mahallalar, chekka qishloqlardagi bolalarni bog‘chalarga qamrab olishning eng oson va qulay yo‘liga aylandi. Xususan, hudud jihatidan uncha katta bo‘lmagan Toyloq tumanining o‘zida ularning soni 138 tani tashkil etmoqda. To‘g‘ri-da, oilaviy bog‘cha ochish tadbirkor uchun har tomonlama foydali bo‘lib qoldi: oz emas, ko‘p emas, naqd 10 yil soliq va majburiy ajratmalardan ozod etilasan, bolalar soniga qarab, davlat subsidiya beradi, xodimlaring maoshini ham davlat to‘laydi. Sizdan faqat ishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish va bolalar taqdiriga vijdonan yondashish talab qilinadi. Javod Rasulovning ma’lum qilishicha, oilaviy bog‘chalardagi tarbiyachi pedagog mutaxassisligiga ega bo‘lishi shart ekan. Talab shunday, aks holda, unga davlatdan oylik yozilmaydi, deyildi.
Tumanning Charog‘bon mahallasidagi yakka tartibdagi tadbirkor Dilafro‘z Rasulovaga qarashli oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti misolida holatni o‘rgandik. Darhaqiqat, bog‘chadagi sharoit havas qilsa arzigulik, xonalari issiq (17-DMTTda isitish mavsumi boshlanmaganligi uchun xonalar zax edi), bolalar o‘ynashi va sport bilan shug‘ullanishi uchun alohida maydonchalar bor. E’tiborlisi, bog‘chani tashkil etgan Dilafro‘z opa pedagog bo‘lib, tarbiyachilikni ham o‘zi qilar ekan. Ota-onalar bilan suhbatlashganimizda ular oilaviy bog‘chadagi ta’lim-tarbiya jarayonidan qoniqishini, shikoyati yo‘qligini aytishdi.
- Daromadim mahalladagi jamoat ishlaridan edi, hozir ishsizman, - deydi onalardan biri. – Oilaviy sharoitim og‘irligi sababli o‘g‘limni bog‘chaga bermagandim. Mas’ullar kelib o‘rganishdi, roziligimni olib, o‘g‘limni o‘zlari oilaviy bog‘chaga bepul joylashtirib berishdi. Tan olaman, ilgari u ko‘p vaqtini televizor qarshisida o‘tkazganligi sababli tortinchoq, injiq bo‘lib qolgandi. Hozir xulqi butunlay o‘zgargan. Odamlarga xushmuomala, bog‘chadan kelishi bilan yangi o‘rgangan narsalarini aytib, meni quvontiradi.
Bir qarashda oilaviy bochg‘alardan bolalar ham, ota-onalar ham xursand. Ammo xulosa qilishga shoshilmaylik. Diqqatni qaratish kerak bo‘lgan jihat shuki, bu kabi bog‘chalar odatda 25 o‘rinli bo‘lib, bir guruhga turli yoshdagi bolalar qabul qilinadi. Masalan, biz borgan bog‘chada ham bir guruhda 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan 25 nafar bola qabul qilingan. Shundan to‘rt nafari maktabgacha tayyorlov yoshida ekan. Qiziq tomoni, bu turdagi oilaviy bog‘chalarda mashg‘ulotlar “Ilk qadam” maktabgacha ta’lim muassasasi davlat o‘quv dasturining o‘rta guruhlarga mo‘ljallangan rejasi asosida o‘tiladi. Ya’ni, ularda bolalarni kichik va katta guruhlarga bo‘lishning imkoni yo‘q. Shu bois mashg‘ulotlar umumiy tartibda tashkil etiladi. 50 o‘rinli oilaviy bog‘chalarda vaziyat sal yaxshiroq bo‘lishi mumkindir, ammo unda ham bir guruhga teng yoshli bolalarni to‘plash qiyin. Savol tug‘iladi, kelasi yil maktabga chiqishi kerak bo‘lgan bolalarni o‘qitish nima bo‘ladi?
To‘g‘ri, qonunchilikka ko‘ra, bu yoshdagi bolalarni hududdagi umumta’lim maktablarida tashkil qilingan maktabgacha ta’lim sinflariga berish mumkin. Lekin bu ota-onaning xohishiga bog‘liq. Ko‘p hollarda kechgacha ishda bo‘ladigan kattalar bolasini maktabdan olib ketishga vaqt topa olmaydi. Bunday oilalar uchun yagona yo‘l farzandini bog‘chada qoldirish bo‘lmoqda. Buni Dilafro‘z Rasulova ham tasdiqladi.
- Asosiy muammomiz ham shunda, - deydi u. – Maktab yoshidagi bolalarning ota-onalariga vaziyatni tushuntiryapmiz. Lekin ular kuni bilan ishda bo‘lishini, maktabdagi ikki soatlik darsdan keyin bolaga qarab turadigan odami yo‘qligini aytishmoqda. Biz ham qarab turganimiz yo‘q, imkon qadar bu bolalar bilan alohida shug‘ullanishga harakat qilyapmiz.
Aytish kerakki, bu tumanning namunali oilaviy bog‘chalaridan biri edi. Aslida, barcha oilaviy bog‘chalarda ham sharoit, bolalarga e’tibor bir xil emas. Vorsin mahallasidagi yakka tartibdagi tadbirkor Rahima Ismatilloyevaga qarashli oilaviy bog‘chada bo‘lganimizda bunga yana bir bor amin bo‘ldik. Kelishimiz bolalarning kunduzgi uyqu vaqtiga to‘g‘ri kelganligi sababli tarbiyachi bilan suhbat qildik. Ochig‘i, uning savollarimizga bergan o‘lda-jo‘lda javoblaridan qoniqmadik, tarbiyachining ish jurnalini so‘radik. Ammo u ham nomigagina yuritilayotgan ekan. Bu biz o‘rgangan ikkinchi oilaviy bog‘cha edi. Qiziq, tumandagi 138 ta shu kabi bog‘chadan yana nechtasida bolalar taqdiriga shunday munosabatda bo‘linmoqda?
Asqar Barotov.