Bo‘lgan voqea: Armona yoki yo‘lda hamroh bo‘lgan zaifa qismati

Universitetda xalq og‘zaki ijodi fanidan dars beraman, bo‘sh vaqtlarimda baxshilar yashaydigan qishloqlarga borib, folklor namunalarini yozib olaman.

Bir safar Samarqand viloyatining shimolidagi Do‘rmon qishlog‘iga borib, Yunus va Misqol parilarning Go‘ro‘g‘liga yor bo‘lishlari haqidagi dostonni jirovlardan yozib oldim. Materialni to‘g‘ri Toshkent folklor institutiga yetkazish uchun mashinamda yo‘lga otlandim.

Kuz, havo sovuq, yomg‘ir tomchilab turibdi. Aholi yashaydigan joylardan uzoqlashgach, charchoq tufayli uyqu elita boshladi. Hushyorlikni oshirish maqsadida magnitofonni ovozini ko‘tardim. Baxshi termasi salonni larzaga soldi: “Orqa ovuldan kelar edim anqayib, oldimdan bir ko‘za chiqdi do‘mpayib, bo‘za ichib yangi chiqsam kapadan, kadili bir opam o‘tdi tepadan...” Qo‘shiq shu yerga yetganda momaqaldiroq gumburladi, chaqmoq chaqdi-yu magnitofon o‘chdi. Yeldirim shu darajada yorug‘ bo‘ldiki, yo‘l chetida bir ayolning qo‘l ko‘tarib turgani aniq ko‘rindi. Kimsasiz ovloq joyda, yana sovuq ob-havoda boshdan oyoq oq kiyingan bu zaifa kim bo‘ldi? Mashinani to‘xtatdim.

- Assalomu alaykum, Toshkentga ketayotuvdim, haq yo‘lida o‘zingiz bilan olib ketolasizmi? – so‘radi ayol.

- Bilgandek to‘xtatibsiz. O‘tiring. - Salonning chirog‘ini yoqdim. Ayol orqa o‘rindiqqa shu qadar ohista o‘tirdiki, na bir ovoz eshitildi, na mashina qimirlab qo‘ydi: - Sherik topildi,  yaxshi bo‘ldi – Toshkentga zerikmay ketadigan bo‘ldim. Ko‘zgudan ayol yuziga razm soldim. “O‘tkan kunlar”dagi Kumushni eslatuvchi bu ayolning yuzida mung bilan bezovtalikning qorishiq aksini ko‘rdim.

- Singlim, kechirasiz, manzil harqalay yaqin emas, suhbat qurishimiz tabiiy. Tanishib olsak yaxshi bo‘lardi. Meni Bek aka deb chaqirishadi, sizni-chi?

- Armonaman. Ismim shunaqa, g‘alatiroq, – ayol bir tin oldi-yu, davom etdi. - Ismlar osmondan inadi! Nom taqdir ko‘zgusi! Armonim bor, shu sababli yo‘ldaman. Manzilim, aytganingizdek, yaqin emas.

 Biroz sukutdan keyin Armona ortimdan menga tikilib qaraganini aniq sezdim. Bu qarash vujudumga sanchilib, tanamga singib ketayotgandek edi go‘yo.

- Menga yordam bera olasizmi? – ayolning ovozi titrab chiqdi. - Yolg‘iz qizim kasal. Og‘ir xasta. Bedavo deyishadi bu dardni. Do‘xtirlar allaqachon bolamning tirik qolishidan umid uzib, hukm chiqarib qo‘yishgan. Ixlossiz ichirilgan dori-darmonlar unga yordam bermaydi. Xudoyim har bir dardning davosini yaratgan. Bor uning davosi! Uch kun ichida malham berilmasa joni uziladi bolamning, men buni aniq bilaman. Menga yordam bering! Iltimos, duo qilaman, yordam berasizmi?

Ona bolasi uchun kuysagina shunday hissiyotli holga tushishini yaxshi bilaman. Chunki ayolim mana sakkiz yildirki farzand dog‘ida. Shu mavzuda gap ketsa uning ham ovozi shu yanglig‘ titrab chiqadi. Shoshib qoldim. Suhbatimiz bu tarzda o‘zgarib ketishini kutmagandim. Ayolni ovutgan bo‘ldim:

- Sizga albatta yordam beraman. Faqat qanday yordam berishimni tushunmay turibman. Nima qilishim kerak, ayting!

- Samarqand shahriga yigirma chaqirim qolganda Ko‘ktosh ota maqbarasi oldida to‘xtaysiz. U yerda kuz faslidan to bahorgacha bor-yo‘g‘i yetti kun gullaydigan ko‘k chechak degan o‘simlik o‘sadi. Bu yil erta gulladi. Yarim kecha ko‘ngli toza bir er kishi o‘simlikni tomiri bilan kavlab olishi va isiriq urug‘i bilan birga qaynatishi, so‘ngra qaynatmani yetti kun bemorga ichirish lozim. Malham ikkinchi kundan o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Men sizni yaxshi bilaman, pokiza insonsiz, bu ishni amalga oshira olasiz. Iltimos, yo‘q demang...

- Agar malhamning yordami tegsa, men buni, albatta, bajaraman.

Samarqand yaqinidagi Ag‘ron qishlog‘iga yaqinlashganimizda mashinamni ayol aytgan tomon burdim. Ko‘ktosh ota maqbarasini topish qiyin bo‘lmadi. Aytilgan maysa ham maqbaraning yonginasida o‘sarkan. Ko‘rinishidan oddiy ko‘kat. Chechakning gullari mayda, biroq rangi to‘q ko‘k tusda bo‘lib, uning shifobaxshligi menda negadir shubha uyg‘otdi. Ishonib-ishonmay ayolning aytganini qildim. O‘simlikni tomiri bilan yerdan qazib oldim, nam lattaga o‘rab, mashinaning orqa oynasi maydonchasiga ixcham qilib joylashtirdim. Ish bitdi, Toshkent tomon yo‘l oldik. Armona jim, men esa o‘z xayollarim og‘ushiga g‘arq bo‘ldim. Yo‘l-yo‘lakay ayolning oppoq yuziga qarab qo‘yib uning g‘alati tuyulgan gap va qiliqlariga o‘zimcha izoh topmoqchi bo‘ldim. Biroq bularning barchasi ham aqlning izmiga bo‘ysunmas edi. Masalan, yarim kecha ayolning yolg‘iz bir o‘zi, yana oq kiyingan holda yo‘limni to‘sishi, tuzalmas xastalikning oddiygina davosini bilishi, samoviy go‘zalligi, g‘alati gaplari, meni tanishi, mening esa bilmasligim... Mashina Bulung‘urdan Jizzax viloyatiga o‘tish joyidagi xalq orasida “Yuqori nuqta” nomini olgan hududga yaqinlashganda ayol yana so‘z boshladi:

- Men tug‘ilib o‘sgan yurt huv tepalikda ko‘rinib turgan qishloq. Hududdagi eng yuqori joy shu tepalik. Bu  yerning iqlimi sovuq, oyog‘im va belim og‘riqchan bo‘lib qolganda  qizimning dadasi To‘lqin aka dardimning sababini shu sovuqdan ko‘rgan edilar, harakatdan qolganimda ham o‘zlaricha meni sovuqqa qarshi muolaja qildirar edi. Biroq do‘xtirlarning xulosasiga ko‘ra dardim bedavo bo‘lib chiqdi, umrim bor-yo‘g‘i bir oy davom etishi kerak edi. Shunga ham mana uch yil bo‘libdi. Endi esa qizim...

- Vrachlar ham adashishlariga imoningiz komil bo‘ldimi, siz esa vahima qilasiz. Hozir ham savodsiz vrachlar yo‘q emas, mana, sizga qo‘ygan tashxislari bedavo bo‘lsa tuppa-tuzuk yuribsiz-ku. Sizni sog‘ ko‘rib rosa xijolat bo‘lgandir bu do‘xtirlar! – qo‘limni peshonamdagi ko‘zguga paxsa qilib gapirar edim.

- Ular meni sog‘ ko‘rishmagan, - ayolning yuzida tabassum paydo bo‘ldi, - ko‘rishganda yuraklari yorilib o‘lisharmidi...

Biroz sokinlikdan keyin ayol menga malhamni qanday tayyorlashni va qay tartibda qiziga ichirishni tushuntirdi.  

Toshkentga yaqinlashganimizda osmondagi bulutlar siyraklashib, sharq tomondan quyosh oqarib chiqa boshladi. Armona bezovtalangandek bo‘ldi.

- Bek aka, siz buni uddalaysiz, ishonchim komil. – U bir oz tin olgach, gapini yana davom etdi. - To‘lqin akaga ham qiyin bo‘ldi. Bir yo‘qotishdan keyin ikkinchisini ko‘tarolmaydilar, sinadilar. Uch yildan beri ne azoblarni boshlaridan kechirmadilar, men uchun juda kuydilar. O‘zlari bilan ishlaydigan Barchin juda imonli ayol. – Armonaning tomog‘iga bir nima tiqilgandek yo‘talib oldi: - Barchin qizimni yolg‘izlatib qo‘ymasligiga ishonchim komil! Men roziman! Shu yerda, Bek aka, domla, siz bilan xayrlashamiz. U yoqqa endi o‘zingiz ketasiz.

“Manzilingizga olib borib qo‘yaman”, deyishimga qaramay ayol oilamning sha’niga duo qildi va mashinadan tezda tushib ketdi. Armona tushgandan keyin o‘chib qolgan magnitofon ishga tushib ohista qo‘shiq yangradi: “Menku chavgonman, nigohing olmagin mendin nari, Qistama otingni  ey, Armon meni tark aylama…”

Charchoq o‘z ishini qildi. Ayolning ketidan termulib ko‘zimni uyqu elita boshladi. Qancha uxlaganimni bilmayman. Mashinam yo‘l chetida turardi, yonimdan esa Toshkent tarafga otlangan mashinalar oqimi to‘xtamasdi. Mashinamni o‘t oldirdim va yo‘limni davom ettirdim.

Toshkentga borgach, malhamni oldimda, tezda Armona aytgan kasalxona tomon yo‘l oldim. Registraturadagilardan Armonaning qizi yotgan palatani aniqlab, yoniga o‘tdim.

Yetti yoshlardagi qizaloq og‘ir ahvolda yotar, uning yonida sochlari to‘zib ketgan, juda charchaganligidan yuzi ezilgandek, ichiga botgan ko‘zlari bema’no boqayotgandek tasavvur uyg‘otgan bir kishi o‘tirgan edi. Bu odam qizaloqning dadasi To‘lqin aka ekan. Salom-alikdan so‘ng men unga Armona va uning malhami haqida gapira boshladim.

To‘lqin aka menga talmovsirayotgan devonaga duch kelgan kishi singari yaqin kelib ko‘zimga termuldi-da, qo‘llarini paxsa qilib baqira ketdi:

- Huv, uka! Hozir nimalar deding? Nimalar deb valdirading?! Mening ayolim bundan uch yil oldin saraton kasalligidan vafot etgan! Shuncha yildan beri yolg‘iz farzandimiz – qizimni  o‘zim katta qildim. Manglayimga yozig‘liq ekan, ko‘rmaysanmi, qizim ham onasining kasali bilan og‘rib qoldi. Qani bo‘l, yaxshisi bu yerdan jo‘na!

Unda men mashinada besh soat kim bilan gaplashib keldim, nahotki hammasi tush bo‘lsa, qolaversa To‘lqin akaning xotini vafot etgan ekan, demak, haqiqatan ham qovun tushiribman chog‘i.

- Aka, meni kechiring, adashibman, sizni ranjitganim uchun uzr so‘rayman, - deya qo‘lim ko‘ksimda asta palatadan chiqa boshladim.  

- Mana Armonaning surati! – To‘lqin aka rangi uchib ketgan ko‘ylagining cho‘ntagidan g‘ijim selofan paketchaga o‘ralgan, atlas ko‘ylakdagi bir ayolning suratini ko‘rsatdi. – Yaxshilab qara! Ko‘rdingmi? U o‘lgan! Senga ko‘rinishi aslo mumkin emas!

To‘lqin aka ko‘zini yengi bilan artib o‘zini chetga oldi.

Men suratni ko‘rib hayronu lol bo‘lib qoldim. Yo tavba, suratdagi ayol aynan Armonaning o‘zi-ku! U o‘lgan bo‘lsa men mashinamda kim bilan gaplashib keldim? Astag‘firulloh!

To‘lqin akaga yuzlandim:

- Menga qarang, kuni kecha shu ayol bilan birga Samarqanddan Toshkentga keldim. U menga sizlar haqingizda gapirib bermaganda, bu yerga kelmas edim. Ishonish-ishonmaslik sizning ixtiyoringizda. Ayol kim bo‘lishidan qat’iy nazar, qizingizga malhamni tezroq ichirish kerak. Vaqtni boy berib qo‘ysak, uni yo‘qotib qo‘yamiz. Menga ishoning! Qizingizning tuzalishiga umid bog‘lab, uni davolashga kirishaylik. Ayolning Armona yoki boshqa ekanligini esa keyin ham aniqlab olaveramiz.

Bu gap To‘lqin akaga ham ma’qul bo‘lib, ishga kirishdik...

Muolajaning uchinchi kuni qizning ishtahasi ochildi. “Bedavo” dardga yo‘liqqan qiz tuzala boshladi! Shifoxonaning do‘xtirlari qizda bo‘layotgan ijobiy o‘zgarishlardan hayratlana boshladi. To‘lqin aka xursandligidan o‘zini qo‘yarga joy topolmas, Xudoga shukrlar, menga rahmatlar aytar edi. Payshanba kuni ertalab qiz o‘rnidan turdi. Poklanib kelib joyiga yotdi va nimalarnidir pichirlab, iltijo qildi. Og‘riqlardan charchab ketgan qiz tezda yana uxlab qoldi. To‘lqin aka ikkimiz endi qizning yonidan siljigan ham edikki, palataning derazalari noxos esgan yeldan ochilib ketdi, qizning “Oyijon” chinqirig‘i butun palatani larzaga soldi.

- Kelishingizni bilardim! Endi sira yonimdan ketmaysiz-a? Meni yaxshi ko‘rasiz-ku! Meni, dadajonimni tashlab ketolmaysiz-ku! Yana birga bo‘lamiz! Qolsangiz bo‘ldi, oyijon, endi sira kasal bo‘lmayman! Dadajonim ozib-to‘zib ketdilar. Tunlari bilan sizni chorlab chiqadilar, rahmingiz kelmaydimi?! Bizning qiynalishimizni istamaysiz-ku, oyijon! - qizning uyqusidagi alahsirashlaridan hamshiralar dong qotib qolgan edilar. To‘lqin aka: “Armona?! Armona, sen keldingmi? Shu yerdamisan?!” deya, palatani aylanar, derazadan tashqariga qarab, alanglar  edi. Ota-bolaning holati barchaning yuragini ezivordi, yoshgina hamshira qiz ko‘zidan oqayotgan duv-duv yoshni to‘xtata olmas edi. To‘lqin akani o‘ziga keltirish uchun borib bag‘rimga bosdim...

Qizni reanimatsiyadan chiqarishganda, ota-bola bilan hayrlashdim, ketish oldidan To‘lqin akaga uning kasbdoshi Barchin opa, unga Armonaning ijobiy munosabati haqida gapirib berdim. Akaning gaplarimni hazm qilib olishini kutib o‘tirmay, u yerni tark qildim.

  Toshkentdan Samarqandga yo‘l olganimda Armona bilan xayrlashgan   joyga keldim. Mashinadan tushib, Armona ketgan tarafga qarab uni chaqirdim, qizining tuzalganini baqirib aytdim, biroq hech kim menga javob bermadi. Xuddi keladigandek uni o‘sha yerda kutib o‘tirdim. Men bilan sodir bo‘lib o‘tgan voqeaning sir-sinoatlarini tahlil qilishga harakat qildim: “Nima uchun men bilan bunday holat sodir bo‘ldi, Armona tushimga kirgan bo‘lsa, nega uning aytganlari bunchalik to‘g‘ri bo‘lib chiqdi. Qizini tuzalmas deyishgan edi...”

Kunni tun qildim. Yomg‘ir asta-sekin tomchilay boshladi, chaqmoq chaqdi. Hech kim kelmadi! Mashinamga chiqib Samarqand tomon yo‘l oldim.

Bu voqeaga ham besh yilcha bo‘ldi. Shu voqeadan so‘ng farzand dog‘ida yurgan ayolim bilan ikki o‘g‘illik bo‘ldik. Tangrining menga qilgan ushbu in’omida Armonaning menga qilgan duosining ijobati bordek, nazarimda.

Erkin Musurmonov.