Bo‘lgan voqea: Birovning haqi...

Buni menga bir talaba aytib bergandi.

- Tirikchilik sabab besh-to‘rt so‘m topish uchun ishga chiqib turardik. "Mardikor bozori"da odatdagidek xaridor kutib turganimizda bir bashang kiyingan kishi kibru havo bilan oldimizga keldi.

– Hovliga gul ekish kerak, – dedi.

Uning manmanligi malol kelsa ham ishsiz qolishimizdan qo‘rqib, narxni kelishib olib, noiloj rozi bo‘ldik.

Mashinasida uning hovlisiga bordik. Gul ekiladigan maydon ancha katta edi. Boyvachcha ishni boshlash paytida qo‘shib qo‘ydi:

– Haqlaringni gulni ekib ulgursanglargina olasan! Bo‘lmasa bir so‘m ham bermaysan!

Rozi bo‘ldik va ishga qattiq kirishdik. Ish og‘ir, yer ancha qattiq. Ish qurollari ham juda bop emas. Uning ustiga bu po‘rim yigit bir oz dam olishga ham qo‘ymay,  bizning tepamizda turdi. O‘lgudek ishlab, nihoyat shom paytida zo‘rg‘a ishni tugatdik. Ayniqsa, oramizda yoshi kattaroq sherigimiz bor edi, o‘sha kishi sirtdan bildirmasa ham, ancha horib qoldi.

Nihoyat ish yakunlanib, yuz-qo‘llarimizni yuvib, kiyimlarimizni almashtirdik. Haligi boyvachcha uyiga kirib ketdi. Biz "Endi u pulni olib chiqar", deb ancha kutdik, ammo hech gap yo‘q. Oxiri odobdan bo‘lmasa ham ichkari uyining eshigiga borib chaqirishimizga to‘g‘ri keldi.

U so‘rida yastanib yotgancha televizor tomosha qilardi. Bizga bepisandlik bilan qarab:

– E-yeye... Senlar haliyam shu yerdamisanlar? Haqlaringni ertaga olasanlar, - dedi.

– O‘ylab gapiryapsizmi? Ertaga yana kelamizmi?

– E, boshimni og‘ritmalaring! Asabimga tekkanlaring uchun bir so‘m ham bermayman! Qani, uyni bo‘shatib qo‘ylaring!

Uning bu gapidan hangu-mang bo‘lib qoldik. Bosiqlik bilan insofga chaqirmoqchi ham bo‘ldik. Biroq u istehzo qilishdan nariga o‘tmadi. Shunda haligi yoshi katta sherigimiz tasalli berib, boyvachchani Xudoga solib, "Mayliga, xonaga qaytamiz", dedi. Lekin oramizdagi eng yosh yigit chiday olmay:

– Ilohim, bizning haqimiz janozangga buyursin! – deb yubordi. Bu gapni eshitgan boyvachchaning xotini qo‘rqib ketdi:

– Og‘zingizga qarab gapiring!..

Vaqt allamahal bo‘lib qolgani sababli avtobus, yo‘nalishli taksilar harakati to‘xtagan. Cho‘ntagimizda taksiga yetarli pulimiz yo‘q edi. Noiloj piyoda ketishga majbur bo‘ldik. Ancha yurganimizdan keyin yonimizga bir yengil mashina kelib to‘xtadi.

- Chiqinglar, akalar. Oborib qo‘yaman, - dedi haydovchi.

Biz bir-birimizga qarab qoldik. Chunki unga beradigan yo‘lkiramiz yo‘q edi. Noiloj bahona qildik:

- Yo‘q, rahmat, piyoda ketaveramiz.

- Shu yarim kechada-ya? Qayoqqa borasizlar o‘zi?

Manzilni eshitib: - Voy bo‘o‘! Qachon yetib borasizlar u yerga. Chiqinglar, men kirakash emasman, bepul oborib qo‘yaman, - deb iltifot qildi.

Biz mashinaga chiqqach, nima qilib yurganimizni so‘radi. Bo‘lgan gapni eshitib, ancha jahli chiqdi va tasalli berdi. So‘ng davom etdi:

– Akalar, shu desanglar, bugun hayotimda eng quvonchli kun. Farzandli bo‘ldim. Hozir tug‘ruqxonadan, kelinlaringizning oldidan kelyapman. Shu tug‘ilgan farzandim uchun ehsonim bor edi. Sizlarni Xudo yetkazdi, - dedi.

So‘ng yonidan ancha pul chiqardi va bizlarga uzatdi. Yo‘q deganimizga quloq solmay majbur qo‘limizga tutqazib qo‘ydi.

Har birimizga berilgan pul hatto bugungi kelishilgan xizmat haqidan ham ortiqroq edi.

Taqdir taqozosiga ko‘ra oradan bir hafta o‘tib yana o‘sha ko‘chaga borib qoldik. Haligi boyvachchaning uyi tomon qaragim kelmas edi. Lekin uning darvozasi oldi odamlar bilan gavjum edi.

– To‘y bo‘lyapti, shekilli, – dedi sheriklarimning biri haydovchiga qarab.

– E, to‘y qayoqda, – dedi haydovchi. – Kecha bu hovli egasining o‘g‘li avtohalokat tufayli olamdan o‘tdi. O‘shaning janozasi...

Manba