Bo‘lgan voqea: Hokimni tunagan yigit iqrori
Abduvohid ikkimiz negadir qorong‘u tushgach, gulxan yoqishni, uning atrofida o‘rnashib jimgina o‘tirishni yoqtirar edik. Bu paytda esa boshqa o‘quvchilar maktab-internat yotoqxonasida televizor tomosha qilishni boshlab yuborishardi. Eng qizig‘i, ularning birontasi ikkimizning davramizga kelib qo‘shilmas, faqat o‘tirgan joylaridan hovlining gulxan yonayotgan tomoniga, aniqrog‘i, biz tarafga qarab qo‘yishardi. Biz esa olovning har-har zamonda yuzimizga o‘rlayotgan tutunini kaftlarimiz bilan haydab sukut saqlashda davom etardik. Darvoqe, Abduvohid maktab-internatning sakkizinchi sinfida o‘qiydi. Laqabi “cho‘ntakkesar”. Bu yerga kelgunga qadar odam gavjum joylarda, bekatlarda, avtobuslarda, bozorlarda cho‘ntakkesarlik bilan shug‘ullangan. Maktabga borishni esa xayoliga ham keltirmagan.
Olmaning tagiga olma tushadi, deganlaridek, otasining tarbiyasi yaxshi bo‘lmagan. Bir necha marotaba qamalib chiqqan. Odamlarning qoramollarini o‘g‘irlab, sotish bilan shug‘ullangan. Onasi esa Abduvohiddan tashqari yana uch nafar farzandini boqish bilan ovora bo‘lgan.
- Domla, Samarqandda viloyat hokimining ismi nima?
Kutilmagan bu savol meni sergak torttirdi.
- Viloyat hokimining ismini nima qilasan? Senga nimaga kerak?
Abduvohid bu savolimga javob bermaydi. Nigohini alangaga qadab bir muddat jim qoladi. Nimalarnidir o‘ylaydi. Men esa unga boshida aylanayotgan fikrlarini obdon “pishitib olish” uchun imkoniyat beraman.
- Tunov kuni bir guruh komissiya keldi-ku, - deydi u biroz xijolat chekib.
- Xo‘sh, - deyman gapining davomini sabrsizlik bilan eshitish maqsadida.
- O‘shalar biroz g‘o‘ddaygan odamlar ekan.
Abduvahobning nufuzli idoralar rahbarlari sha’niga bildirayotgan bunday fikri meni taajjubga sola boshlaydi. U esa bosiqlik va vazminlik bilan gapida davom etadi.
- Yotoqxonamizda to‘shalgan gilamlarning ustiga tuflilarini yechmasdan chiqishdi. O‘sha kuni men navbatchi edim. Har bir xonaga kirishdi. Ularning oyoq kiyimida yurganlarini ko‘rib ichim ezilib ketdi. Siz ham indamadingiz. Yechinglar, desangiz bo‘lardi-ku. O‘zingiz ham botinkangizni yechmadingiz. Xonalardagi gilamlarning usti tufli iziga to‘lib ketdi. Komissiya chiqib ketgach, bir soat tozala-tozala qildik.
Bu gaplardan qizarib ketdim. O‘zimni aybdordek sanay boshlayman. Yuzim lov-lov yonayotgandek tuyuladi. Yo‘g‘-ye, deyman yana o‘zimga o‘zim. Betimning bu darajada qizishi alanganing taftidan bo‘lsa kerak. Manashu fikr menga xotirjamlik beradi. Yosh bolaning oldida izza bo‘lgan bo‘lsam-da, yolg‘ondan o‘zimni ovuta boshlayman. Suhbatni davom ettirish maqsadida kuch to‘playman.
- Sen dastlab viloyat hokimining nomini so‘rading, keyin esa komissiya haqida gapirding, - deyman o‘rtadagi noqulay vaziyatga chek qo‘yish uchun.
Abduvohid biroz o‘ylanadi. Ko‘nglidan aytsammi-aytmasammi, degan fikrlar kechayotgani shundoqqina sezilib turadi. Uning gapirish uchun og‘zini juftlayotganini, yana nimagadir nafasi ichiga tushib ketayotganini seza boshlayman.
- E, gapirsang, gapirda. Odamni ziq qilib yubording-ku, - deyman go‘yo yaqin jo‘ram bilan gaplashayotgandek his qilib o‘zimni.
Bu gapimdan uning yuzlari qizaradi. Shundan so‘ng gapni iymanibgina boshlaydi.
Siz unda direktor emas edingiz. Maktab-internatimizga viloyat hokimi keldi. Ertalabdan hamma oyoqqa turdi. Bir pasda tevarak-atrofni tozalab, chinniday qilib qo‘yishdi. Hamma u yoqdan bu yoqqa yugurar, ishqilib tinch ketsinda, degan gap-so‘zlar qulog‘imizga chalinardi. Hayal o‘tmay kirib kelgan viloyatning kattasi dastlab maktab-internat hududini aylandi. Keyin yotoqxonaga kirdi. So‘ngra tuflisini yechib, gilamning ustiga chiqdi. Kirayotganida "Bu yerda bolalar o‘tiradi, shuning uchun gilamni tuflimiz bilan bossak yaxshi emas", dedi. Shundan so‘ng uning atrofidagi boshqa odamlar ham yotoqxona ichini oyoq yalang aylandilar. Bir qiziq gap aytaymi: ulardan birining paypog‘i yirtiq ekan. Bosh barmog‘i ko‘rinib turardi. O‘ziyam rosa xijolat chekdi. Aybini yashirishga harakat qilar, afsuski, buning uddasidan chiqmas edi. O‘sha kuni ham yotoqxonada men navbatchi edim. Viloyat hokimi menga qarab "navbatchimisan", dedi.
Chunki bilagimga ko‘k rangli bog‘ich bog‘lab olgan edim. Men esa ha, dedim. So‘ngra qayerdanligim, nechanchi sinfda o‘qishim, ismimning nimaligini so‘radi. Bir-bir javob berdim.
- Kelajakda kim bo‘lmoqchisan, - dedi u menga mehr va muloyimlik bilan boqib.
Xayolimga kelgan fikrdan o‘zim ham xursand bo‘lib ketdim. Bilasizmi, nima deb javob berdim?
- Aytchi, - deyman tezroq bilish maqsadida.
- Hokim bo‘lmoqchiman, - dedim.
U kishi meni quchoqladi. Nimagadir tezda bag‘ridan qo‘yib yuborgisi kelmadi. Ana shunda men bir ayb ish qildim.Cho‘ntagiga qo‘limni tiqdim.
Zum o‘tmay u mening qo‘limga dastro‘molcha tutadi.
- Mana shu viloyat hokiminiki. O‘g‘irlab olganman. Lekin asrab yuribman. Qilgan ishimni shunchalik tez bajardimki, hech kim sezmadi.
Bu gapdan so‘ng unga dakki bera boshlayman. Dakki beramanu ichimda qoyil qolaman. Yuragini bosib olgan. Qo‘rqmaydi.
- Shu ishni qanday qilasan? Nahotki o‘g‘irlik qilayotganing sezilmasa?
Unga shu savolni berar ekanman, ichim “qiziydi”. Isbotini amalda ko‘rgim keladi.
- Mening ham ro‘molchamni o‘g‘irlab ololasanmi?
- Ha, - deydi u hech ikkilanmay. - Ro‘molchangiz qaysi cho‘ntagingizda?
Chap cho‘ntagimdan ro‘molchamni chiqarib, yana joyiga solib qo‘yaman. So‘ngra uni quchoqlayman. Lekin natija bo‘lmaydi. Qo‘llarim bilan paypaslab ro‘molchamning joyida turganini sezaman. U esa qizarib yerga qaraydi. Uyaldi yoki tortindi, deyman o‘zimcha. Shu joyda bizning suhbatimiz yakun topadi. Uyimga qaytar ekanman, Ulug‘bek mavzesidagi Samarqand nonlari sotiladigan joyda to‘xtayman. To‘rtta nonni savdolashgach, ularni sotuvchiga qaytarib beraman. Ololmayman. Chunki cho‘ntagimdan ro‘molcham emas, pullarim o‘marilganini sezaman...
Abduhalim Meliyev.