Bo‘lgan voqea: Men o‘g‘lingizman, dada!
Badavlat kishi kibr ila etikdo‘z bolaga:
- Poyabzalimni tozala, - deb buyurdi.
Bolakay: - Xo‘p bo‘ladi, janob, - dedi.
Kishi: - Tezroq bo‘l, tezroq! - dedi jirkib-xo‘mrayib.
Bolakay: - Qayerga shoshyapsiz, janob? - dedi.
Kishi mensimay: - Sen bir hashorat pashsha bo‘lsang, nima ishing bor qayerga shoshayotganim bilan, - dedi aftini bujmaytirib.
Bolakay: - Janob men pashsha emasman, men ham Allohning yaratgan bir bandasiman - dedi, ma’yuslik bilan.
Kishi: - Yaramas bola ekansan-ku, jim bo‘lmasang, shapaloq tushiraman, - dedi asabi buzilib.
Bolakay asta xo‘p bo‘ladi, janob! Lekin sizga bir savolim bor edi... – dedi.
Kishi: - Tezroq so‘ra, shoshib turibman, - dedi, qoshini chimirib.
Bolakay: - Men bilan teng bolalaringiz yo‘qmi? - dedi, sekin boqib.
Kishi: - Sen bilan barobar farzandim bor edi, lekin bir necha yil ilgari uni yo‘qotib qo‘yganman... - dedi, o‘yga tolib.
Bolakay: - Uni yaxshi ko‘rarmidingiz? - dedi.
Kishi: - Qalbimdagi eski yaralarimni tirnama... - dedi mahzun bo‘lib.
Bolakay ikkinchi marta: - Yo‘qolgan bolangizni yaxshi ko‘rarmidingiz?! - deya so‘radi.
Kishi: - Senga nima?! - dedi ensasi qotib.
Bolakay uchinchi bor so‘radi: - Yo‘qolgan bolangizni yaxshi ko‘rarmidingiz?! - dedi.
Kishi: - Qaniydi uni uchratsam, - dedi.
Bolakay: - Men sizning bolangizman, - dedi.
Kishi: - Bolalarim sen kabi isqirt hayot kechirmaydilar, - dedi istehzoli kulib.
Bolakay: - Alloh nomiga qasam ichaman! Men sizning bolangizman! - dedi.
Kishi bolakayni oyog‘i bilan tepib-itarib yuborib: - Boshqa bu gapingi takrorlama! - dedi o‘shqirib.
Bolakay ko‘zlari jiqqa yosh bo‘lib: - Siz dadamsiz... axir, dada -a -am, - dedi.
Kishi: - Bu gapni qayerdan olding, ahmoq? - dedi jahli chiqib.
Bolakay: - Bir yil oldin onam vafot etdi. O‘limidan oldin meni mana shu uyning oldiga olib kelib, «shu yerda dadang yashaydi» dedi. Men har kuni tongda kelib sizni uydan chiqishingizni kutib turar, chiqsangiz oyoq kiyimingizni tozalab qo‘yib, sizga yaxshilik qilmoqchi bo‘lish ilinjida bo‘laman, - dedi yig‘lab.
Kishi: - Onang kim? - dedi hayratlanib, mayin ovozda.
Bolakay: - Menga homilador bo‘lganini eshitib, yarim kechasi ko‘chaga quvganingiz o‘sha ayol mening onam edi, - dedi ko‘zyoshini artib.
Kishi: - Nimaaa? - dedi, ajablanib.
Bolakay: - Otajon, yelkangizda chandiq izi bor, - dedi ishonishiga umid qilib
Kishi: - Sen... Se-ye-yen???, - dedi-yu, tiz cho‘kib qoldi.
Bolakay: - Ismim nima bilasizmi? - dedi.
Kishi: - Isming nima, bo...o...o..lam?! - dedi.
Bolakay: - Ismim, sizning ismingiz, dada! - dedi.
Kishi: - Nima uchun, mening ismim senga qo‘yildi? - dedi taajjublanib.
Bolakay: - Onam odamlar meni sizning ismingiz bilan chaqirishlari va kun kelib sizga yo‘liqishimni juda umid qilgandi, - dedi boshini egib.
Kishi: - Onang qayerda? - dedi savolga tutib.
Bolakay: - Onam vafot etgan. U menga «otangni qidirib top, unga yaxshilik qil! Xizmatini qil, shoyad shu sabab jannatga kirsang» deb vasiyat qilgan, - dedi iltijo qarash qilib.
Kishi chidab turolmay hammani oldida yig‘lab yubordi. Ko‘zyoshlari yuzini yuvdi. Bolakayni mahkam quchdi va: - Bolajonim, seni qanchalar sog‘inganimni bilsayding... - dedi.
Bolakay: - Onamni hech ham sog‘indingizmi?! - dedi.
Kishi jim bo‘lib qoldi, hatto yuzi qizarib ketdi.
Bolakay: - Nimaga jimsiz, dada? Onam menga aytgan edilar, ikkinchi xotiningiz onamni taloq qilishingizni va shu paytgacha biron marta ko‘rmagan farzandingizdan voz kechishingizni shart qilgan ekan, shuning uchun bizdan kechdingizmi? Onam qanchalar qiynalganini bilganingizda edi... shunda ham meni sizga nisbatan mehr bilan ulg‘aytirdi. Sizni yomonlamasdi... - dedi.
Kishi afsus-nadomat ichra sukut saqlardi...