Bo‘lgan voqea: Onangiz bilan suratga tushganmisiz?
Dang‘illama uy qarshisida turgan kishi asta qo‘ng‘iroq tugmasini bosdi. Ichkaridan “hozir” degan tovush eshitildi va zum o‘tmay o‘sha mashhur odam ko‘rindi.
— Odamlarga o‘rnak bo‘ladigan xislatlaringiz ancha, - dedi mashhur odamning xonadoniga kirib kelgan noshir. — Shu sabab siz haqingizda kitob yozishni niyat qildik. Ma’lumotlarni yig‘dik, yetmaganini so‘raymiz. Faqat shaxsiy fotosuratlaringizdan olsak degandik...
— Albatta, - dedi mashhur odam jilmayib javondan fotojamlanmasini olarkan, — marhamat, istagan suratingizni tanlab olavering, rasmlar yetarli...
— Tashakkur!
— Manavi suratda davlat arboblari, bunisida nomdor san’atkorlar bilan rasmga tushganman. Bu esa oilam: rafiqam, farzandlarim... Bunisida hamkasblarim qurshovida o‘tiribman.
— Xo‘p ajoyib, - noshir albomni varaqladi. - Ammo... nashriyotimiz muqaddimaga onangiz bilan tushgan suratingizni qo‘ymoqchi edi. Shu suratni topib bera olasizmi?
Mashhur odam bir zum o‘ylanib qoldi, suratlarni barini birma bir kuzatib chiqqach, mulzamlik bilan javob qaytardi:
— Buni qarang... onam bilan ikkimiz biror marta suratga tushmagan ekanmiz. Buni... endi payqabman, - u shunday deb albomni joyiga qo‘ydi. - Odamlarga o‘rnak bo‘lishimga hali vaqt bor ko‘rinadi, uka. Onam bilan suratga tushganimda kelarsiz...
Noshir ketdi.
Siz-chi? Onangiz bilan suratga tushganmisiz?..
Nodirabegim Ibrohimova.