Bo‘lgan voqea: Taskin

Taniqli yozuvchi Tog‘ay Murodning «Ot kishnagan oqshom» asarida bir holat yozilgan: bozorda uch kishi bir odamni o‘lar holatga kelguncha do‘pposlaydi, ajablanarlisi shundaki, atrofda tomosha qilib turgan yuz nafardan ortiq odam janjalga aralashmaydi, aniqrog‘i, aralashgisi, boshini og‘ritgisi kelmaydi.
Shu lavha nima uchundir xayolimga o‘tirib qolgan. Gohida atrofidagi voqealarga loqayd, hatto bepisand odamlarni ko‘rsam, ulug‘ yozuvchimizning asaridagi voqea xotiramga keladi. Darvoqe, buni eslaganimning sababi bor.
…Komila uch yashar bolasini yetaklab do‘konga chiqdi. Xaridini qilib bo‘lgach, bolani yetaklab, ortga qaytdi. Shu payt u do‘kondan sal narida yig‘lab turgan yolg‘iz bolani ko‘rdi. Yo‘lakdan yuzlab odamlar o‘tyapti. Birortasi to‘xtab «Hoy, bolakay, nima bo‘ldi?» deb so‘ramaydi. Tavba, odamlar shunchalik mehrsiz bo‘lib ketdimi-a, o‘yladi u o‘zicha. Ehtimol, adashgandir…
Komila bolaga yaqinlashdi, uning ko‘zlari qizarib ketgan. Faqat hiqillaydi. Hatto gapirishga qiynaladi, qo‘li ham titragandek bo‘ldi.
- Ha, bolaginam, nima bo‘ldi senga, birov xafa qildimi?
- Onam…
- Onang urishdimi?
- Onamni yo‘qotib qo‘ydim.
Bola ovoz chiqarib yig‘lab yubordi.
- Xafa bo‘lma, bolakay. Onani yo‘qotib bo‘lmaydi, ona yo‘qolmaydi, sen o‘zing adashgan bo‘lsang kerak-da.
U do‘kondan olgan suvidan bolaga berdi. Manzilini so‘ragan edi, bola tusmollab ayta ham olmadi, demak, adashgani rost ekan. Komila o‘ylab o‘tirmay, do‘kon ro‘parasidagi ichki ishlar binosi tomon yurdi. Kechqurungi yo‘qlama bo‘layotgan ekan shekilli, eshik oldida yoshgina xodimga duch keldi.
- Uka, mana bu bola adashganga o‘xshaydi. Do‘kon oldida turgan ekan. Manzilini ham ayta olmayapti.
Haligi ichki ishlar xodimi yoshlik qildimi yoki hazillashmoqchi bo‘ldimi, «Mabodo o‘zingizning bolangiz emasmi?», dedi.
Komila unga bittasi o‘ziniki, bu bola esa adashganligini jiddiyroq tushuntirdi. Xullas, yosh xodim bilan gaplari chiqishmadi. Qanaqadir ariza yozish, rasmga tushirish… U eriga telefon qildi.
- Do‘kondan chiqayotsam, adashib qolgan bolaga ko‘zim tushdi. Ichki ishlar bo‘limiga olib kelgandim, bir gala hujjatlar so‘rayapti.
- Hech tinch o‘tirmas ekansan-da, xotin. Yo‘qolgan bolaning taqdiri senga qoptimi? Ichki ishlar xodimlarining o‘zi olib keladi, onasini ham topib beradi. Endi bir kamim ichki ishlar xodimi bilan tortishish edi.
Komila mulzam bo‘ldi, lekin eridan xafa bo‘lmadi. Axir u xotinining tinch o‘tirishini istaydi-da. Ammo bolani ham tashlab ketolmaydi. U telefonda yana nimalardir degan edi, erining telefondagi ovozi yanada yo‘g‘onlashdi: «Bundan keyin biror ishga oqibatini o‘ylab qo‘shil, xo‘pmi. Uyga bor, gaplashamiz».
Shu payt bolakay ham o‘ziga kelgandek bo‘ldi. Komila uni uyiga chorladi.
- Yur, biznikiga boramiz. Mana bu akangning o‘yinchoqlari ko‘p, birga o‘ynab turasizlar. Ungacha onang ham kelib qoladi. Ichki ishlar xodimi ham tushunar ekan, «Opa, telefon raqamingizni aytib keting, mabodo kerak bo‘lib qolar", dedi…
Ular uyga kelishdi, birga tamaddi qilishdi. Mehmon bola ham sal ovungandek bo‘ldi. Shu payt Komilaning telefoniga qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Bu o‘sha ichki ishlar xodimi edi.
- Opajon, iltimos, bolani olib keling, onasining o‘zi izlab keldi. Yaxshiyam telefon raqamingizni olib qo‘yibman.
U tezda ichki ishlar maskaniga bordi. O‘zidan sal kattaroq yoshdagi ayol bo‘zlab, qaltirab turgan ekan. O‘g‘lini ko‘rib, hovliqib ketdi. Uni quchoqlab o‘par, qo‘l-oyoqlarini, boshini ushlab ko‘rardi: «Onang o‘lsin, bolam..!».
Komila bu holatni ko‘rib, IIB navbatchisiga qaradi, yigit undan ko‘zini olib qochdi. Xijolatga qo‘ymaslik uchun unga ham, onaga ham gapirmadi. Ammo Komilaning yuragi taskin topgan edi. U shunga shukr qildi.
Ozoda Abdusamatova.