Bo‘lg‘usi jurnalistlar “Mahorat maktabi”da toblandi
Viloyat Matbuot uyida “Hududiy ommaviy axborot vositalari faoliyatini takomillashtirish hamda bosma nashrlarni boshqarishda muharrirning o‘rni va roli” mavzusida seminar o‘tkazildi.
Tadbirda viloyat, shahar va tuman gazetalari muharrirlari, televideniye, gazetalar va internat sayti muxbirlari, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi huzuridagi “Mahorat maktabi” tinglovchilari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi hamda viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda dastlab “Mahorat maktabi”ning 18 nafar tinglovchisiga sertifikat topshirildi.
Taqdirlash marosimida viloyat hokimining o‘rinbosari X.Ochilov, Oliy Majlis Senati a’zosi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist F.Toshev, uyushmaning viloyat bo‘limi raisi A.Haydarov mazkur maktab “Zarafshon” maktabining davomchisi ekanligi, ko‘plab professional yosh jurnalistlar qalami shu yerda charxlangani alohida e’tirof etishdi.
- Samarqand davlat universitetining psixologiya va ijtimoiy-siyosiy fanlar fakultetida tahsil olaman, - deydi tinglovchilardan biri Jasurbek Shukurov. – Jurnalistika sohasi, ayniqsa, gazeta fotomuxbirligiga qiziqaman. Shuning uchun darsdan keyin “Mahorat maktabi”ga qatnadim. Bu yerda olgan amaliy saboqlarimiz universitetda olgan nazariy darslarimiz bilan uyg‘unlashib, jurnalistika nima ekanligini angladik. Dastlab, “Milliy matbuotimiz tarixi hamda uning hozirgi jamiyatdagi o‘rni va roli” xususida tajribali jurnalist, uyushma viloyat bo‘limi raisining dars mashg‘uloti, darsdan keyin “Samarqand matbuot muzeyi”ga qilgan sayohatimiz bizga juda ko‘p ma’lumotlarni taqdim etdi. Olti oy davomida ko‘p ma’lumotlarga ega bo‘ldik, o‘qib o‘rgandik.
Darhaqiqat, tinglovchilarga mashg‘ulotlar o‘tayotgan jurnalistlar sohaning rivojlanishi va buguni haqida, badiiy-publitsistik janrlar: lavha, ocherk tayyorlash, notiqlik va nutq madaniyati to‘g‘risida o‘z bilim va tajribalari bilan o‘rtoqlashdi. Masalan, filologiya fanlari nomzodi, tilshunos olim Tolib Jo‘rayev, “Zarafshon” gazetasi maxsus muxbiri Gulruh Mo‘minova, tajribali jurnalist Abdug‘afur Sherxolov maqola yozishning o‘ziga xos jihatlarini bugungi jurnalistikaga bog‘lagan holda tushuntirib berdi.
- Mashg‘ulotlarda talaba-tinglovchilarga maqola yozish ham oson, ham mashaqqat ekani, bu jiddiy va murakkab janr bo‘lib, jurnalistdan katta kuch, bilim va mahorat talab etishini o‘rgatdik, - deydi G.Mo‘minova. - Maqola yozish uchun jurnalistga uch asos muhim. Bular – mavzu, fikr, fakt. Shuningdek, mashg‘ulotlarda maqola yozishda voqelikni yechimi bo‘yicha tavsiyalar berdik, bu borada misollar keltirdik.
Bundan tashqari, imkon qadar mashg‘ulotlar davomida sohaning yetuk mutaxassislari ishtirokida matbuot xizmatining jamoatchilik bilan aloqasi, fotojurnalistika, videotasvir, dizaynerlik, montaj ishi ham o‘rgatildi.
“Mahorat maktabi” tinglovchilari viloyat teleradiokompaniyasi “Samarqand MTRK” viloyat teleradiokompaniyasi binosida amaliyot o‘tashdi. Amaliyot jarayonida tinglovchilar lavha ortidagi ijodiy jarayon bilan tanishib chiqdilar va o‘zlariga kerakli ma’lumot va tajribaga ega bo‘lishdi. Shuningdek, tinglovchilar amaliyot davomida ovoz yozish jarayoni, montaj ishi, muxbirlar xonasidagi ijodiy ish, radio montaj, markaziy studiya xonasida ham bo‘lib, bilim va ko‘nikmaga ega bo‘lishdi.
Olti oylik kurs davomida “Mahorat maktabi” tinglovchilari tomonidan maxsus “Ziyo” gazetasi tayyorlandi va chop etildi. Gazeta tayyorlanish jarayoniga tinglovchilarning o‘zlari mas’ul bo‘ldi va o‘zlarining tanqidiy-tahliliy, mulohazali materiallari jamlanib, chop etildi.
Ma’lumot o‘rnida: 16 ta shahar va tuman gazetalari qoshida ham ijod mahorat to‘garaklari ham yo‘lga qo‘yilgan. Ularda ham kamida 10-15 nafar ijodga qiziquvchi yoshlar jurnalistikaga oid o‘z bilimlarini oshirib bormoqda.
Yuqoridagi mahorat maktabi va to‘garaklar tahririyatlarda yosh kadrlar zaxirasini shakllantirishga xizmat qiladi.
Shundan so‘ng bosma nashrlarni boshqarishda muharrirning o‘rni, tuman, shahar gazetalarida siyosiy jarayonlarning yoritilishi hamda hududiy ommaviy axborot vositalari faoliyatini takomillashtirish mavzusida tavsiyalar bilan o‘rtoqlashildi, mulohaza yuritildi.
Husan Eltoyev.