Bo‘riboy muallim

Qo‘shrabotlik 73 yoshli otaxon Bo‘riboy Tovboyev 33 yil davomida boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi bo‘lib ishlagan. Uning sabog‘ini olgan shogirdlari bugun yurtimizda va xorijda turli sohalarida mehnat qilmoqda.

Boshlang‘ich ta’limni bir xonali maktabda olgan

Bo‘riboy Tovboyev tuman markazidan ancha olisda joylashgan Chimmos qishlog‘ida tug‘ilgan. Shu qishloqdagi bir xonali maktab binosida boshlang‘ich ta’lim olgan. Sharoit og‘ir bo‘lsa-da maktabga mehri bo‘lakcha edi.
– Biz o‘qigan bino Jo‘shdagi maktabning filiali edi, - deydi otaxon. - Bir dahliz va bir xonadan iborat paxsadevor, shiftida qurigan yantoqlar osilib turadigan, ko‘rimsizgina, pastqam imorat men uchun ulug‘ dargoh edi. Qo‘ng‘iroq degan gap yo‘q, o‘qituvchilar “kiring­lar, chiqinglar”, deb dars boshlanishi va tugaganini aytib turardi. Bizga dars beradigan muallimlarning qadri baland edi. Qishlog‘imizda boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari yo‘qligi sabab ular boshqa qishloqlardan kelib ishlardi. Sharoitlar yetarli emasdi, ammo ularning bilim darajasi yuqori edi. O‘sha muallimlarga havas qilib, boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi bo‘lishni orzu qilganman.

Keyinchalik B.Tovboyev Jo‘sh qishlog‘i markazidagi maktabda o‘qishni davom ettirdi. Maktabni a’lo baholarga bitirib, oliy o‘quv yurtiga kirish uchun Toshkentga bordi.
O‘sha yili omadi chopmadi. Keyingi yil Kattaqo‘rg‘ondagi pedagogika texnikumiga o‘qishga kirdi.

Qovunchiga qatnab dars berish azob edi, ammo...

Texnikumni bitirib kelgach, yosh, shijoatli Bo‘riboyga o‘z qishlog‘ida dars o‘tishiga “katta”lar ruxsat bermadi. Chimmosdan 24 kilometr uzoqlikdagi Qovunchi qishlog‘iga borib muallimlik qilishini buyurishdi.
- Qatnab dars berish, ayniqsa, qish kunlari juda azob edi, - deb eslaydi otaxon. - Birgina Nurota-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha qatnaydigan avtobusdan boshqa transport yo‘q hisobi. O‘sha avtobusga ulgursam ulgurdim, bo‘lmasa onda-sonda o‘tib qoladigan yuk mashinalarini kutardim. Katta yo‘ldan maktabgacha bo‘lgan 4 kilometr yo‘lni piyoda bosib o‘tishni aytmasam ham bo‘ladi. Bugun shogirdlarimning yutuqlari haqida eshitsam yoshlikda chekkan azoblarim ham unut bo‘lib ketadi.

U paytlar mental arifmetika degan gap yo‘q edi

Bo‘riboy Tovboyev 50-maktabda ikki yillik ish faoliyatidan so‘ng, 45-maktabda bir yil, 64-maktabda 18 yil davomida o‘quvchilarga saboq berdi. 1994 yildan pensiyaga chiqqunga qadar 41-umumiy o‘rta ta’lim maktabida muallimlik qildi.

- Ustozimiz Bo‘riboy muallim tajribali, tashabbuskor, soddadil, xokisor inson, - dey­di Chimmos mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Sa’dulla Abdusamadov. – Dars o‘tish uslubi ham o‘ziga xos edi. Bizga saboq bergan paytlarda mental arifmetika degan gap yo‘q edi. Bo‘riboy muallim o‘sha paytlarda karra-karrani barmoqlarda bajarishni o‘rgatgan. Sinf­doshlarimizdan aksariyati oliy ma’lumotli, ular orasidan 5 nafari o‘qituvchi.

Bo‘riboy muallim saboq bergan sobiq o‘quvchilarining qariyb 200 nafari o‘qituvchilik kasbini tanlagan. Ular orasida hisobchilar, tadbirkor-u fermerlar, shifokorlar bor.

To‘lqin SIDDIQOV.