Rais, bosh hisobchi yoki 3 nafar ishchi bilan 100-200 gektarlik fermer xo‘jaligini eplash mumkinmi?

«Samarqand-Live» kanali orqali e’lon qilgan “Davlat soliq qo‘mitasining «yangi tartib»i ortidan tadbirkorlar kasodga uchramoqda” maqolasi aniq bir tahlilga asoslanmay yozilgan.

Davlat soliq xizmati organlari tomonidan ishchi-xodimlarning qonuniy ishlashini ta’minlash maqsadida olib borilayotgan tadbirlar soliq bazasini kengaytirish, davlat byudjetiga har bir fuqaroning soliqlarni o‘z vaqtida to‘lashlarini ta’minlashdan iborat. Bugungi kunda mamalakatimizda olib borilayotgan soliq islohotlari bloger Mirzo Subxonov ta’kidlaganidek, tadbirkorlarning faoliyatini kasodga uchratish uchun emas, “Soliq xizmati – insofli soliq to‘lovchilarning ishonchli hamkori” shiori ostida amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashini juda ko‘p bor ta’kidlaydi. Soliq qonunchiligiga kiritilayotgan o‘zgarishlarda ham bu o‘z aksini topmoqda.

2019 yil 1 yanvardan boshlab soliq tizimida yangi bosqich boshlandi. Soliq qonunchiligidagi islohotlar soliq yuki darajasini kamaytirish, soliq qonunchiligini soddalashtirish, yanada qulay investitsiya muhitini yaratish hamda soliqlar va to‘lovlarni optimallashtirishga xizmat qilmoqda.

Soliq yuki darajasini kamaytirish maqsadida 2019 yildan yuridik shaxslarning foyda solig‘i stavkasi 14 foizdan 12 foizga, mol-mulk solig‘i stavkasi 5 foizdan 2 foizga, yagona soliq to‘lovi stavkasi 5 foizdan 4 foizga va yagona ijtimoiy to‘lov stavkasi 15 foizdan 12 foizga tushirildi. Jismoniy shaxslarning ish haqidan olinadigan 8 foizli sug‘urta badali bekor qilindi hamda 4 pog‘onali stavkalarda undirib kelingan va maksimal stavkasi 22,5 foiz bo‘lgan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bir xil 12 foizga tushirildi.

Yaratilayotgan shuncha yengilliklarga qaramasdan, hisobotda ishchilar sonini kam ko‘rsatib, qolganlariga “konvert” usulida haq to‘lab kelayotganlar hamon uchrab turibdi. Taqdim etilgan hisobotlarda ishchilar sonini kam ko‘rsatib, ishchi guruh tomonidan borib o‘rganilganda ko‘proq ishchilar ishlayotgani aniqlanmoqda. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, 4-5 nafar quruvchi, uning ham biri boshliq, yana biri hisobchi bo‘lsa, katta bir ob’yektni qanday qilib bitkazadi? Yoki rais, bosh hisobchi va 3 nafar ishchi bilan 100-200 gektarlik fermer xo‘jaligini eplash mumkinmi?

Davlat soliq xizmati organlari tadbirkorlarning, xususan, fermer xo‘jaliklarining qonuniy faoliyat yuritishini ta’minlashdan iborat. Bloger maqolasida keltirib o‘tgan qishloq xo‘jaligida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish bo‘yicha Respublika komissiyasining №01-03-12-16-sonli bayoni Adliya vazirligi tomonidan 2016 yil 25 aprelda rasman ro‘yxatdan o‘tgan hujjat hisoblanadi. Ushbu bayonda fermer xo‘jaliklariga qo‘yiladigan talablar belgilab qo‘yilgan. Ular yangi ishchi o‘rinlarini yaratish majburiyatini oladi. Unga ko‘ra, sabzavot-polizchilik yo‘nalishida har gektarga kamida 4 nafar, bog‘dorchilik-uzumchilik yo‘nalishida har gektarga kamida 2 nafar, g‘alla-sabzavotchilik yo‘nalishida - g‘alla ekiladigan har 5 gektar maydonga 2 nafar, sabzavot ekiladigan har 1 gektar maydonga 4 nafardan ishchi-xodimni mehnat shartnomasi asosida ishga olishi shart. Ishchi-xodimlarni legallashtirish jarayonida ishchi guruh aynan yuqoridagi bayonga tayanib emas, bevosita joyiga chiqqan holda o‘rganishlar o‘tkazmoqda. Soliq, moliya, bandlik, qishloq xo‘jaligi va boshqa mutasaddi tashkilotlar vakillaridan iborat ishchi guruh holat bilan tanishib, ishchi-xodimlarning faoliyati qonuniyligini ta’minlashmoqda. Tadbirkorlarga huquqiy maslahatlar, qonunchilikdagi yangiliklar to‘g‘risida ma’lumot berishmoqda.

Mehnat kodeksining 155-moddasiga asosan muayyan davr uchun belgilangan mehnat normasini va mehnat vazifalarini to‘liq bajargan xodimning oylik mehnat haqi qonun hujjatlarida mehnatga haq to‘lash yagona tarif setkasining birinchi razryadi bo‘yicha belgilangan miqdordan oz bo‘lishi mumkin emas. Demak, mavsumiy ishlagan ishchilar bilan ham qonuniy mehnat shartnomasi tuzilishi shart.

Yana shuni ta’kidlashimiz lozimki, tadbirkor qonuniy faoliyat yuritib, to‘layotgan solig‘i bilan kasodga uchrab qolmaydi. Qilgan mehnati evaziga topgan daromadi hisobidan daromad solig‘i to‘lagan ishchi ham ko‘p narsa yo‘qotmaydi. Aksincha, kelajakda pensiyasi uchun zamin hozirlaydi. Tuzilgan mehnat shartnomasi orqali o‘zining ijtimoiy himoyasini ta’minlaydi. Yig‘ilgan soliqlar esa mamlakat iqtisodiyotini yanada mustahkamlashi shubhasiz.

Shu o‘rinda fuqarolarga murojaat qilmoqchimiz. Siz yashirincha tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan “tadbirkorlar” haqida soliq organlariga xabar bering. Bu bilan Siz o‘z fuqarolik burchingizni bajarib, davlat byudjetining yanada ko‘payishiga o‘z hissangizni qo‘shgan bo‘lasiz.

Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi axborot xizmati.