Bosh prokuratura Ishtixonda yuz bergan qotillik haqida axborot berdi: 22 million so‘m evaziga 5 kishi hayotdan ko‘z yumdi

Avval xabar qilinganidek, fuqaro A.X. va uning oila a’zolari (jami 5 nafar) jasadlari qotillik alomatlari bilan topilganligi holati yuzasidan Bosh prokuraturaning O‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi tomonidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Tergov-tezkor guruhi amalga oshirgan keng qamrovli tadbirlar natijasida jinoyat fosh etilib, jinoyatni ushbu mahallada yashovchi G‘.T. (1981 yilda tug‘ilgan, ishsiz), J.U. (1993 yilda tug‘ilgan, ishsiz), Sh.E. (1995 yilda tug‘ilgan, ishsiz) va X.N.(1996 yilda tug‘ilgan, ishsiz)lar noqonuniy boylik orttirish maqsadida joriy yilning 14 maydan 15 mayga o‘tar kechasi marhum A.X.ning xonadoniga yashirincha kirib, ularning uxlab yotganligidan foydalanib, o‘zlari bilan olib kelgan temir bo‘laklari bilan bosh, yuz va jag‘ qismlariga bir necha marotaba urib, qasddan o‘ldirib, xonadondan 22 mln. so‘m va marhum J.I.ning “Samsung Galaxy A8” rusumli telefonini qo‘lga kiritishgan.

Shundan so‘ng, ular jinoyat izlarini yashirish maqsadida marhum J.I.ga tegishli “Damas” rusumli avtomashinaga jasadlarni yuklab, avtomashinani Qo‘shrabot tumani, “Do‘stlik” MFY., “Boqichig‘atoy” qishlog‘idagi dalaga tashlab ketishgan.

Gumon qilinuvchilar G‘.T., J.U., Sh.E. hamda X.N.larning sodir etgan jinoyatlari ularning iqrorlik ko‘rsatuvlari, gumon qilinuvchilarning ko‘rsatuvlarini hodisa joyida tekshirish tergov harakatlari, ashyoviy dalil tariqasida olingan jinoyat qurollari bo‘lgan 4 dona temir bo‘laklari, marhum J.I.ga tegishli bo‘lgan “Samsung Galaxy A8” rusumli telefon apparati, marhumlarga tegishli bo‘lgan pul mablag‘lari, jinoyat sodir etish vaqtida gumon qilinuvchilarning egnida bo‘lgan kiyimlari va boshqa dalillar majmui bilan to‘liq tasdiqlanmoqda.

19.05.2019 yilda G‘.T., J.U., Sh.E. va X.N.lar O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “a”, “v”, “j”, “i” ,“p” bandlari bilan gumon qilinuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilinib, Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan.

Dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda.

Foto: Dastlabki tergov davomida olingan ashyoviy dalillar.