Bosh qonun, mezon, poydevor
Konstitutsiya davlatchilikning bosh qonuni, mezoni, poydevoridir. Jamiyat hayotini barpo etuvchi barcha qonunlar ana shu Konstitutsiya asosida ishlab chiqiladi.
1992 yil 8 dekabrda qabul qilingan Konstitutsiyamiz davlatimiz shakllanishi va jamiyat rivoji uchun chinakam huquqiy poydevor sifatida xizmat qildi. Bu yillarda O‘zbekiston davlati misli ko‘rilmagan taraqqiyot bosqichlarini bosib o‘tdi. Jamiyat ravnaqiga mos ravishda Konstitutsiyamizga ham o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Natijada 2023 yil 1 may kuniga qadar amalda bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi xorijiy ilg‘or tajriba hamda xalqaro standart va talablarga har tomonlama mos kelar edi.
Keyingi yillarda davlatimiz yangi rivojlanish bosqichiga o‘tdi. Endi Konstitutsiyamizdagi ba’zi normalarni takomillashtirish, bugungi kun talablariga moslashtirishni zamon taqozo etdi.
2023 yil 30 aprel kuni bo‘lib o‘tgan referendumda xalqimiz o‘zining yuksak huquqiy madaniyati va dunyoqarashini namoyon etib, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini qabul qildi. Shu tarzda zamonaviy mezonlar asosida yangilangan Asosiy Qonunimiz davlatchilik, ijtimoiy-siyosiy va sud-huquq sohasini yanada barqaror rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratdi.
Avvalo, yangilangan Konstitutsiyamizda ilgari amal qilib kelgan “davlat – jamiyat – inson” tamoyili “inson – jamiyat – davlat” deb o‘zgartirildi va inson manfaati har narsadan ustun ekanligi qat’iy belgilab qo‘yildi.
Bosh Qomusimizda davlatning ijtimoiy majburiyatlariga oid normalar qariyb uch baravarga oshdi. Xususan, fuqarolarning ehtiyojmand toifasini uy-joy bilan ta’minlash, mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori insonga munosib yashashini ta’minlashni hisobga olgan holda belgilanishi hamda barcha tibbiy yordamning kafolatlangan hajmini davlat hisobidan olishga haqliligi va boshqalar shular jumlasiga kiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 54-moddasida inson huquq va erkinliklarini ta’minlash davlatning oliy maqsadi ekani belgilab qo‘yilgan bo‘lsa, 20-moddasida aynan ushbu maqsadga erishish uchun insonning sha’ni va qadr-qimmati daxlsizligi, davlat organlari tomonidan insonga nisbatan qo‘llaniladigan huquqiy ta’sir choralari mutanosiblik prinsipiga asoslanishi va qonunlarda nazarda tutilgan maqsadlarga erishish uchun yetarli bo‘lishi kerakligi qayd etilgan.
Ahamiyatli jihati shundaki, inson bilan davlat organlarining o‘zaro munosabatlarda yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin qilinishi belgilandi.
Eng muhimi, endilikda Konstitutsiya to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan hujjat sifatida e’tirof etildi. Ya’ni, fuqarolar o‘zining kundalik hayotida ham Konstitutsiyaga murojaat qilishi, undagi barcha normalar, ularni qanday amaliyotda qo‘llashni ochib beruvchi qonunchilik hujjati mavjud yoki mavjud emasligidan qat’i nazar, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlashi ta’minlanadi.
Shuningdek, “Xabeas korpus” instituti ko‘lamini yanada kengaytirish maqsadida shaxsni 48 soatdan ortiq sudning qarorisiz ushlab turish mumkin emasligi, telefon so‘zlashuvlarini eshitish va tintuv o‘tkazish faqat sud ruxsat bersagina amalga oshirilishi mumkinligi belgilandi. Jinoyatda gumonlanib ushlangan shaxsga sukut saqlash va boshqa huquqlari hamda ushlab turish asoslari sodda tilda ilk soniyalardanoq tushuntirilishi, hech kim o‘ziga va yaqin qarindoshlariga qarshi ko‘rsatma berishga majbur emasligi kabi “Miranda” qoidalari Konstitutsiya darajasida belgilanganligini alohida e’tirof etish lozim. Bu qoidalar insonni nohaq jinoiy ta’qibdan himoya qiladi.
Odil sudlovga erishish darajasini oshirish va sudyalar mustaqilligini ta’minlashga qaratilgan qoidalar so‘ngi yillarda amalga oshirilgan islohotlarning Konstitutsiya darajasida hal etilishi imkonini berdi. Sudyaning boshqa organlar va shaxslardan xoli bo‘lishini ta’minlash maqsadida sudyalar muayyan ishlar bo‘yicha hisobdor bo‘lmasligi hamda sudning qayta tashkil etilishi yoki tugatilishi sudyani lavozimidan ozod etish uchun asos bo‘lmasligi belgilandi.
Ta’kidlash joizki, Konstitutsiyamizning yangi normalarida asosiy e’tibor inson, jamiyat va davlatning barqaror rivojlanishini ta’minlashga qaratilgan.
Otabek Qodirov,
O‘zbekiston Respublikasi sudyalar oliy kengashi huzuridagi sudyalar oliy maktabining tinglovchisi.