Bosh vazir o‘rinbosari urgutlik onaxonga tashakkur bildirdi
Noroy Eshquvvatova Urgut tumanining Qaynarbuloq mahallasida istiqomat qiladi. Onaxon kasallik tufayli bu hayotdan erta ko‘z yumgan qizi va kuyovining to‘rt nafar farzandini bir necha yildan beri o‘zi katta qilib kelmoqda.
Afsuski, ular ulg‘ayib qolgach, to‘yini o‘tkazish bilan bog‘liq tashvishlar onaxonni o‘ylatib qo‘ydi. Bosh vazir o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi rahbari Zulayho Mahkamova Urgutda sayyor qabul o‘tkazishini eshitgach, belgilangan manzilga qarab kelaverdi. Fursati kelgach, dardini aytdi.
- To‘rt nafar farzandni qiynalib bo‘lsa-da, o‘z zimmangizga olib, voyaga yetkazganingiz uchun avvalo sizga tashakkur,- dedi Zulayho Mahkamova. - Chunki ota-onasidan ayrilgan bola uchun yaqinlari, oila muhitida katta bo‘lishi juda muhim. Siz xavotir olmang, nevaralaringiz to‘yini o‘tkazishda albatta yordam beramiz va buni nazoratga olamiz.
Shuningdek, sayyor qabulga sog‘ligini tiklash, moddiy yordam va boshqa o‘nlab muammolar bilan murojaat qilgan ayollarning muammolariga yechim izlandi.
Shu kuni Bosh vazir o‘rinbosari Z.Mahkamova viloyat ichki ishlar boshqarmasi qoshidagi voyaga yetmaganlarga ijtimoiy huquqiy yordam ko‘rsatish markazida ham bo‘lib, bu yerdagi shart-sharoitlar bilan tanishdi. Mazkur markazda turli sabablar bilan ichki ishlar idoralariga tushib qolgan voyaga yetmaganlar vaqtincha tarbiyalanadi. Z.Mahkamova bu yerdagi sakkiz nafar qizlar bilan suhbatlashdi, ularning dardini tingladi. Bu qizlarni ota onalari yoki yaqinlari bag‘riga tezroq qaytarish choralari ko‘rilishini ta’minlash kerakligini ta’kidladi.
- Har bir bola uchun oila muhitidan yaxshiroq joy yo‘q, - dedi Z.Mahkamova mutasaddilarga tegishli vazifalarni belgilab berar ekan. - Yopiq muassasada tarbiya topish usuli o‘zini oqlamaganini ko‘rdik. Ijtimoiy himoyaga muhtoj, notinch oiladan ko‘proq xabar olish, jamoatchilikni jalb qilish, ularning jamiyatga begonalashuvining oldini olish lozim. Bu mahalla faollaridan belgilab berilgan tizimli ishlarni muntazam amalga oshirish, hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, muammosi bor oilalar holidan doimiy xabar olishni taqozo etadi.
Shuningdek, Bosh vazir o‘rinbosari oliy va o‘rta ta’lim muassasalarida tashkil etilgan "Qizlarjon" klubi faoliyati bilan tanishdi, klubdan ko‘zlangan maqsad va vazifalarga to‘xtalib o‘tdi.
Gulruh Mo‘minova.