Boshcho‘rash mahallasi og‘ir hudud toifasidan chiqariladi
Bu mahalla Payariq tumanida joylashgan. "Boshcho‘rash"da 4 mingdan ortiq aholi yashaydi.
Aholini uzoq yillardan beri qiynab kelayotgan muammolari o‘z yechimini topadigan bo‘ldi. Viloyat va tuman hokimligi ishchi guruhi tomonidan xalq qabulxonasi bilan birgalikda mahallada obodonlashtirish, bunyodkorlik ishlarini olib borish, hududdagi infratuzilmani yaxshilash, aholi bandligini ta’minlash hamda og‘ir hudud toifasidan chiqarish bo‘yicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar ishlab chiqildi.
Mahalla aholisi uchun bugungi kunda dolzarb muamolardan biri, bu energiya ta’minoti va yo‘l bilan bog‘liq masala hisoblanadi. Hududda 4 ta qishloq - Boshcho‘rash, Oqtosh, Sohibkor va Baliqchi qishloqlari mavjud bo‘lib, jami 270 ta beton ustunlar va 1 ta transformator o‘rnatish, 4 ta qishloqning 2,7 km. tuproq ko‘chalarni shag‘allashtirish, 5 km. asosiy yo‘lni ta’mirlash, Oqtosh qishlog‘ida yangi ichimlik suv inshooti qurish va 3,7 km. suv va mahallaga 9,4 km. aloqa tarmog‘i tortish hamda Boshcho‘rash mahallasi binosini ta’mirlash va jihozlash rejalashtirilgan.
Shu maqsadda Boshcho‘rash mahallasida viloyat xalq qabulxonasi mudiri M.Turdiyev, tuman hokimining birinchi o‘rinbosari U.Ollanov hamda viloyat va tuman tegishli tashkilotlar rahbarlari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda yuqoridagi masalalarga asosan vazifalar belgilab olindi.
Shuningdek, rahbarlar xonadonma-xonadon yurib, aholining murojaatlarini o‘rgandi. Mahallada yashovchi ehtiyojmand oilalarga moddiy yordam va qurilish materiallari olib beriladigan bo‘ldi. Xususan, Baliqchi qishlog‘ida yashovchi O.Sindorovning xonadonida ham qurilish ishlari boshlab yuborildi. Rahbarlar ushbu xonadonda bo‘lib, oilaga oziq-ovqat mahsulotlari topshirdi.