Boshingga ko‘tarmasang mayli ammo onangga qo‘l ko‘tarma

– Hoy, Nozimaxon, eshitdingizmi? Hurliqo opaning qizi yana uyiga qaytib kelganmish.

– Voy o‘lmasam, qanday qiz edi-ya...

– Qaynonasi-ku, mayli, qaynotasi ham bu ishga aralashganiga balo bormi?

– Ko‘rsang ko‘zing to‘ymaydigan farzandi bor. Ularga yana nima kerak? Hayron bo‘lasan, kishi.

– E, siz bilmaysiz-da, opajon.  Kuyovto‘ra pul topmasmish. Qaynona va qaynota alamini kelinidan olarmish.

– Esiz qizgina-ya, esiz farzand. Endi buyog‘i nima bo‘ladi?..

Bunday gap-so‘zlar, voqealar keyingi paytda ko‘payganday. Aslida masalaning ildizi qayerda degan savol tug‘iladi. Bor aybni kelinning zimmasiga tashlashni qachon bas qilamiz? "Ish qilmaysan, mehmon kutishni bilmaysan", shu ham bahonami? Bularning barchasi   hayotga yengil-yelpi qarashdan kelib chiqmayaptimi?

Mahalla oqsoqoli bilan bir nizoli oilaga bordik. Masala – oilaviy  janjal, kelin uyda ish qilmas emish.

– Yo‘q, o‘g‘lim bu kelin bilan yashamaydi, – deb turib oldi qaynota.– Toqatim toq bo‘ldi, nevaramni ham olib ketaversin. Bir oyning ichida o‘g‘limni onasi o‘pmagan qizga uylantirib qo‘yaman.

Qaynotaga tushuntirishga qancha urinmaylik, befoyda. "O‘g‘limni yana uylantiraman, gap tamom-vassalom", degan gapni takrorlashdan nariga o‘tmaydi.

Yosh er-xotin birga yashashni istaydi. Lekin yigit otasining ra’yiga qarshi borolmaydi. Bir xotini va bolasiga, bir otasiga qarab, nima de­yishni ham bilmaydi.

Ota-ona o‘z o‘g‘li baxtini o‘ylamaydimi, kelinini oilasining yangi a’zosi, qizi deb bilmaydimi? Yoshlar katta hayot ostonasida xato qilayotgan bo‘lsa, ularni to‘g‘ri yo‘lga boshlash, turmushning past-balandini tushuntirish ota-onaning vazifasi emasmi?

– Ilgari xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularning bandligini ta’minlash, oilalarda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish kabi vazifalarni bajarishga xotin-qizlar qo‘mitasining ham, bizning ham "qo‘limiz kalta"lik qilardi, – deydi Payariq tumani "Oila" ilmiy-amaliy tadqiqot markazi rahbari Dilfuza Mamasoliyeva. – Mahalladagi diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchilar ham o‘z ishi qolib, turli yumushlar bilan band qilib qo‘yilardi. Natijada ular "Falon oilaga kirdim, faloncha oilani yarashtirdim", degan yolg‘on ma’lumotlar bilan daftar qoralab qo‘yardi. Bugun esa Prezidentimiz farmoni bilan xotin-qizlar qo‘mitalari faoliyati tubdan takomillashdi. Bizning markazimiz ham yangicha asosda qayta tashkil etildi. Mahalladagi maslahatchi vazifasi o‘rnida xotin-qizlar qo‘mitasining bevosita oilalar bilan ishlaydigan mutaxassisi shtati joriy etildi. Ayni paytda xotin-qizlar qo‘mitasi va boshqa jamoat tashkilotlari bilan yaqin hamkorlikda ish olib borib, oilalarni mustahkamlash, yoshlarni oilaga tayyorlash masalalariga alohida e’tibor qaratyapmiz. Notinch va ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalar bilan ishlash faoliyatimizning asosini tashkil etyapti. Bitta oilaviy ajrimning oldini olsak ham bir necha kishining ertangi taqdiriga daxldor ezgu ish qilgan bo‘lamiz. Bunda uyma-uy yurish, odamlar bilan yuzma-yuz muloqot qilish ishimiz natijadorligini ta’minlamoqda. Oilalarga kirib, ularning turmush tarzi, muammolaridan xabardor bo‘lgach, masalaga yechim topish oson kechmoqda. Lekin o‘rganishlar davomida birovga aytsangiz ishonmaydigan holatlarga ham duch kel­yapmiz. "Farzandim ichib olib, do‘pposlaydigan bo‘ldi", deya ko‘zlariga yosh oldi bir onaxon. Bu gapdan barchamiz larzaga tushdik. Qanday o‘g‘il ekanki, u butun hayotini, borlig‘ini bag‘ishlagan volidasiga qo‘l ko‘tarsa? Zo‘ravon o‘g‘il bilan gaplashdik, lekin unga gap uqtirish befoyda ekanligini bilib, tegishli idoralarga murojaat qildik.

Oila, hayot yuki og‘ir. Uni ko‘tarish uchun avvalo, er-xotin bunga tayyor bo‘lishi, bir-biriga yelka tutishi lozim. Atrofdagilar – ota-ona, qarindosh-urug‘ esa ularga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishi, yangi oilaning poydevorini mustahkamlashga yordam berishi lozim.

 

Husniddin XOLDOROV.