Boshqa mahalladagi qizni istirohat bog‘iga olib ketmoqchi bo‘lgan yigitlar bir guruh kishilar tomonidan kaltaklandi
Urgut tumanida sodir bo‘lgan holat haqida viloyat IIB xabar bermoqda.
Qayd qilinishicha, tumanning "Pastki Qayroqli" mahallasida yashovchi M.M. «Damas» rusumli avtomashinasida o‘zining tanishlari bilan «Kamangaron» mahallasida yashovchi tanishi T.A. ni yashash uyidan olib, «Urgut istirohat bog‘i»ga aylanish maqsadida jo‘nagan.
Bu paytda shu mahallada yashovchi bir necha fuqaro ularni ko‘rib, avtomashinasini to‘xtatgan va ularni sababsiz urib, tan jarohatlari yetkazgan.
Tuman IIB navbatchilik qismiga kelib tushgan xabarga asosan, voqea joyiga IIB xodimlari zudlik bilan yetib borib, fuqarolarni tinchlantirayotgan vaqtida, bir guruh fuqarolar IIB xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan, ularga qarshilik ko‘rsatgan.
Samarqand viloyati IIB axborot xizmati xabar berishicha, mazkur holat yuzasidan Urgut tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi (Bezorilik) 3-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilar protsessual tartibda ushlangan.