Bo‘stonsaroy ko‘chasidagi qurilish 20 noyabrgacha yakunlanadi
Samarqand shahridagi Rudakiy ko‘chasining Bo‘stonsaroy ko‘chasi kesishmasidan Chuquryo‘l (Makaronka) ko‘chasi kesishmasigacha bo‘lgan qismida tonnel qurilayotgani bois transport vositalari harakati vaqtincha cheklangan. Bu esa Bo‘stonsaroy ko‘chasida avtoulovlar tirbandligini yuzaga keltiryapti.
Ko‘pchilik bu holat qachongacha davom etishi, yo‘l qurilishi qachon yakunlanishi haqida qiziqmoqda.
Bunga javobni “Samarqand mintaqaviy yo‘llarga buyurtmachi xizmati” DUK bosh muhandisi S.Abduraimovdan oldik.
- Bo‘stonsaroy ko‘chasini kesib o‘tgan Chashma arig‘iga 200 metr uzunlikdagi 5x5 metrlik kollektor qurilyapti, - deydi S.Abduraimov. – Uning ustidan qurilayotgan ko‘prik foydalanishga topshirilgach, yo‘lning balandligi 6 metrga ko‘tarilib, deyarli barcha qismlari tenglashtiriladi. Avtomobillar harakatlanadigan qismi 6 qatorli bo‘ladi va ko‘chaning ikki tomonidan mahalla ichiga kiruvchi ichki qo‘shimcha yo‘l barpo etiladi.
Ayni paytda «New Tech Samarqand» MChJ korxonasining 20 dan ortiq maxsus texnikalari U.Tursunov ko‘chasi kesishmasidan Chashma arig‘igacha bo‘lgan qismida 480 metr masofani 3-4 metrgacha pasaytirib bormoqda.
- Shu paytgacha avtomobil yo‘lining kengligi 14 metrni tashkil etgan bo‘lsa, endi 25 metrga yetkaziladi, - deydi korxona ish boshqaruvchisi Nurbek Bekmurodov. – Mashinalar uchun olti qatorlik yo‘ldan tashqari 2,20 metr yashil maydon va manzarali daraxtlar ekilib, 2 metr kenglikda piyoda va veloyo‘lak quriladi. Ichki ko‘chalarga olib boruvchi mahalliy yo‘l ham bitgach, ko‘chaning kengligi 45 metrga yetadi.
Loyiha bo‘yicha bu yo‘l joriy yilning 20 noyabrigacha foydalanishga topshiriladi.
Dilmurod To‘xtayev.