Botga murojaat: “Bir necha yildan buyon filtrsiz zavodning changidan aziyat chekyapmiz”

Tahririyatga Samarqand shahar Farhod qo‘rg‘oni, Shirin mahallasida yashovchi fuqarolardan murojaat keldi.

“Uyimiz yonida “Ideal elektro lyuks” gaz plitasi ishlab chiqaruvchi korxona bor. Korxona yuqorisidan har kuni 10 minut davomida qizil rang zararli kukun aralash chang tarqatiladi. Bir lahzada atrofdagi xonadonlar qip qizil changga belanadi. Changdagi og‘ir cho‘kindilar uyimizdagi hamma joyni qoplab oladi, nafas olishga qiynalamiz, bolalarning sog‘lig‘idan xavotirlanamiz. Ekin va hatto daraxt mevalari ham zararlanadi”, deydi murojaat egalaridan Shirin mahallasi 27/2 xonadonda yashovchi Abayeva Nodira.

Tahririyatdan: Bizga yetib kelgan hujjatlardan ko‘rinadiki, fuqarolar mazkur holatdan bir necha yillardan beri aziyat chekadi. Samarqand shahar prokuraturasiga, Ekologiya boshqarmasi DSENM va boshqa qator tashkilotlarga murojaat qilingan. Ekologiya boshqarmasi mutasaddilarining fuqarolarga javob xatida holat o‘rganilgani, haqiqatan ham zararli chang aniqlangani bayon etiladi. Ammo muammo muammoligicha qolib ketgan. Murojaatga ko‘ra, hududda yashovchilar Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudiga ham ariza bilan borgan, ammo ariza qabul qilinmay, hokimlikka borish tavsiya etilgan.