Boy bo‘lish uchun qo‘l-oyoq qatori aqlni ham ishlatish kerak

Mamlakatimiz aholisi orasida “bu yerda ish yo‘q, pul yo‘q”, deb xorijda ishlab yurganlari ham bor. Bundaylar bir tomondan “yaxshi” - ish kuchini eksport qilish bilan birga anchagina mablag‘ni mamlakatimizga olib kelyapti. Ikkinchi tomondan, ko‘plarining oilasi, bolalari ota-ona mehridan yiroqda ulg‘oymoqda. Shuning uchun bu bolalarning kelajakda yaxshi insonlar bo‘lib yetishishiga kafolat yo‘q. Chunki mehr va yetarli darajada tarbiya ko‘rmaganlardan biror ijobiy narsani kutish qiyin. Koshki edi, yurtdoshlarimiz chetga borib, o‘zini ijobiy tomondan ko‘rsatib, ilg‘orlar safida bo‘lib yursa.

Guvohi bo‘lganlarim misolida aytish joizki, faqat qo‘l-oyoq bilan birga tafakkurni ishga solgan holda faoliyat ko‘rsatish kerak ekan. Yo‘qdan bor qilish uchun birorta kasbni sevib, undan samarali foydalanish zarur.

Bir tanishimning farzandi talaba edi. Oila yetishmovchilik bilan kun ko‘rar, ammo farzand juda intizomli edi, biror kun ham dars qoldirmasdi. Bir kuni shu talabadan so‘radim:

- Kamchiliklaring bo‘lsa ayt, balki yordam berib turarman. Hozir talabasan, tortinma!

- Yo‘q, domla, ehtiyojimga yetib turibdi, - dedi.

Otasidan so‘rasam, oilasidan pul olmasligini ta’kidladi.

Do‘stlaridan surishtirsam, bola darsdan keyin bozorda arava haydab pul topar ekan. “Arava haydaguncha savdogarlik qilsang yaxshi emasmi”, desam, “Biznes uchun menda mablag‘ yo‘q. Shu tufayli shu ishni afzal ko‘rdim”, deydi...

Talaba shu tariqa institutni bitirdi. Lekin ahvoli biroz o‘nglangani uning kiyinishi, yurish-turishidan bilinib turardi. O‘z kasbi bo‘yicha hisobchi bo‘lib ishga joylashdi. Bir joyda asosiy shtatda buxgalter, boshqa bir nechta xususiy firmalarning hisobchiligini ham olib boradigan bo‘ldi. Oyligi professornikidan ko‘p.

Ma’lum vaqt o‘tgach, to‘plagan puliga bitta do‘konni sotib olib, uni ijaraga berib, qo‘shimcha pul topadigan bo‘ldi. Ahvolini so‘rasam, “Domla, o‘zingizning ishlaganingizdan mulkni ishlatib topgan pulingiz ham barakali bo‘lar ekan. O‘zim topganni ro‘zg‘orga ishlataman, mulkdan kelganlarini jamg‘arma qilib borayapman. Yana bitta do‘kon sotib olib, uni ham ijaraga topshirib qo‘ydim”, deydi.

Ikkita do‘konning ijarasini to‘plab kichikroq oshxona ochishga muvaffaq bo‘ldi. To‘rt-besh kishini ish bilan ta’minlab, haqiqiy tadbirkorga aylandi. Hozir nima qilaman desa, zaxirasi ham, puli ham bor. Ammo hamon hisobchilik qiladi. “Ishni qo‘yib, biznesni boshqarib, pulni sanab yursangiz bo‘lmaydimi”, deyishar ekan tengdoshlari. “Buxgalterlik sevgan kasbim, yoqtirgan ishimni tashlab xor bo‘lishni istamayman”, deb kasbini tashlamaydi. Hozir buxgalteriya hisobining xalqaro standartlarini ham to‘liq o‘zlashtirib olgan.

Aytishlaricha, unga rahbarlik lavozimlarini ham tavsiya qilishgan. Ammo u buxgalterlikni afzal biladi. Chunki ushbu kasb uni shu darajaga yetkazdi. Kasbingizga sadoqat bilan xizmat qilsangiz, u sizga baraka, muvaffaqiyat olib kelar ekan.

Birodarlar, “ishim yo‘q, mablag‘im yo‘q” deb nolimang. Harakat qilsangiz, o‘zingizning, bolalaringizning ham qorni to‘yadi. Hozir o‘zini o‘zi band qilishning yuzlab imkoniyati yaratilgan. Pulingiz, ishingiz bo‘lmasa ham 170 dan ziyod kasbdan birini tanlab, o‘z faoliyatingizni boshlashingiz mumkin.

Faqat biror kasbni sevib, uni sidqidildan bajarsangiz boyligingiz noldan milliardgacha yetishi hech gap emas. Boshqa yurtlarga borib, sarson bo‘lib yurishga majbur ham emassiz.

Mamayunus PARDAYeV,

Samarqand iqtisodiyot va servis instituti professori, iqtisodiyot fanlari doktori.