Bo‘yimadaron qanday o‘simlik? Funduk daraxti Samarqand sharoitida ko‘paytiriladi, baliqlarga xushxo‘r suv o‘tlari tayyorlanadi

Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar institutida “O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligini barqaror rivojlantirishning ilmiy va amaliy asoslari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi ish boshladi.

Unda viloyat hokimining mahalliy sanoatni rivojlantirish masalalari bo‘yicha yordamchisi Nozir Ibragimov, qishloq xo‘jaligi sohasida ilmiy tadqiqot ishlari olib borayotgan professor-o‘qituvchilar ishtirok etdi.

Ilmiy-amaliy konferensiyada qishloq xo‘jaligini barqaror rivojlantirishda innovatsion resurs tejamkor va raqamli texnologiyalar, qishloq xo‘jaligi ekinlari seleksiyasi va urug‘chiligidagi muammolar va ularning yechimlari hamda rivojlanish istiqbollari, xalqaro bozor talablari doirasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash, qayta ishlash, sertifikatlash va standartlash kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.

- Qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilishi kerak bo‘lgan ilmiy ishlar juda ko‘p, - dedi institutning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Bobur Eshonqulov. – Har bir mavzu o‘zining dolzarbligi bilan ahamiyatli. Ushbu konferensiyamizga 110 dan ortiq ilmiy ma’ruzalar taqdim etildi. Ulardan 30 tasi boshqa oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari tomonidan yozilgan bo‘lib, ular ichidan saralangan ma’ruzalar ikki kun davomida 4 ta shu’bada muhokama etiladi.

Konferensiya doirasida institut talabalarining startap loyihalari, ilmiy tadqiqot ishlari ko‘rgazmasi tashkil etildi.

- Qarovsiz, tashlandiq yerlarga bo‘yimadaron o‘simligini yetishtirish va undan dorivor mahsulotlar tayyorlash ustida ilmiy izlanyapman, - dedi institut talabasi Shahzodabonu Kurashova. – Bo‘yimadaronning, asosan, guli va poyasidan xomashyo olamiz. U oshqozon yarasi, oshqozonosti bezi kasalliklariga davo bo‘ladi. Buni ekish uchun institutimiz yer ajratgan bo‘lib, bir yilda 280 kilogacha xomashyo olamiz. Bu loyiha mamlakatimizda ilk bor amalga oshirilyapti, bu haqda ilmiy maqolalar chop etganman. Bo‘yimadaron o‘simligidan dorivor choy tayyorlash va uni sotuvga chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchiman.

Shuningdek, talabalar tomonidan funduk daraxtini Samarqand sharoitida ko‘paytirish, baliqlarga xushxo‘r suv o‘tlari tayyorlash, gulchilikda xorij tajribasini qo‘llash kabi yigirmaga yaqin startap loyihalar namoyish etildi.