Boylik va saxovat to‘g‘risida masal

Bir kambag‘al bo‘lgan ekan. U ko‘pincha  qo‘shnilarining boyib ketayotganini, ularning savdosi yaxshi yuritishini kuzatib, o‘zining ishi yaxshi bo‘lmaganidan norizo bo‘lib yurar ekan.

Kunlarning birida u odatdagidek g‘amga botib yurganida, yo‘l bo‘ylab yurib ketayotgan donishmandni uchratibdi.

- Nimadandir xafa ko‘rinasan, - so‘rabdi donishmand.

- Men qashshoqlikdan qutula olmayapman, - tan olibdi kishi. – Men ilm bilan ham, savdo bilan ham shug‘ullanib ko‘rdim, lekin hech biri yaxshi natija bermadi.

- Sen saxiy bo‘la olmaganing uchun qashshoqsan, - javob beribdi donishmand.

- Qanday qilib saxiy bo‘laman axir? Menda hech vaqo yo‘q. Hatto o‘zimga yaxshi kiyim ham sotib ololmayman, qayiq yasashim kerak, unga ham pulim yo‘q. Jon deb odamlarga biron narsa sovg‘a qilardim, lekin topgan pulim o‘zimga yetmaydi.

- Saxiylik faqat pulda namoyon bo‘ladi, deb o‘ylaysanmi? Har bir inson puli bor-yo‘qligidan qat’i nazar baribir boy. Har bir kishida yettita boylik bor, moddiy boylik ularning biri. Senda bittasi yo‘q, biroq qolgan oltitasi bor-ku.

- Aytsangiz-chi, u qaysi manbalar ekan?

- Bu sening yuraging, fikrlaring, ko‘zlaring, tabassuming, so‘zlaring va qo‘llaringdir. Yuraging orqali sen chin dildan hammaga baxt tilashing mumkin. Fikrlar – ular pok va saxovatli bo‘lishi kerak. Ko‘zlar bilan dunyoga umid, muhabbat va samimiylik bilan qarash mumkin. Tabassum – sen kattalarga, bolalarga, hayvonlar va o‘simliklarga, osmonga, umuman, hammaga cheksiz tabassum baxsh et. So‘zlar – sen qo‘lingdan kelganicha birovga yaxshilik tilashing, shunchaki go‘zallikdan bahramand bo‘lishing, yaxshi  narsalarni aytishing kerak. Qo‘llar bilan har kuni biror bir muhtojga foydang tegsin. Masalan, keksa qo‘shningga bog‘ini tozalashga, qo‘shni ayolga esa og‘ir bo‘xchalarini ko‘tarishga yordam ber.

- Yaxshi, siz aytganingizdek qilib ko‘raman, - kambag‘alning ko‘zlarida umid paydo bo‘ldi.

- Yodingda tut, - yana bir fursat to‘xtatdi uni donishmand. – Bu boylik evaziga biron bir narsa so‘ramasdan uni baham ko‘r. Qo‘lingdan kelganicha tortiq qil. Shundan so‘ng senga dunyodan haqiqiy boylik, ehtimol boshqa odamlar, boshqa ishlar orqali kelsa ajabmas.

Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.