"Boynazar" suv tozalash inshooti qachon ishga tushadi?
O‘shanda qurilish ishlari uchun yetarlicha mablag‘ ajratilgan bo‘lishiga qaramay, inshoot roppa-rosa 13 yildan so‘ng, ya’ni 1989 yilda ishga tushirildi, biroq bor-yo‘g‘i ikki yil ishladi, xolos. O‘shandan buyon bu maskan atrof tumanlar, qo‘shni viloyatning chegaradosh hududlari aholisi va ekologiyaga katta zarar keltiryapti.
– 27 yil avval inshoot faoliyati to‘xtab qolgan paytlarda viloyat va poytaxtdagi mutasaddi idoralardan yordam so‘rab murojaat qilgandik, – deydi "Boynazar" oqova suvlarni tozalash inshooti boshlig‘i Shavkat Tursunov. – Ammo murojaatimiz e’tiborsiz qoldi. Oradan o‘n yil o‘tib, Vazirlar Mahkamasining Zarafshon daryosi havzasida ekologiya va sanitariya holatini yaxshilashga qaratilgan qarori va shu asosda viloyat hokimining ham qarori qabul qilindi. Mazkur qarorlar ijrosiga ko‘ra, 2002-2005 yillarda "Boynazar" oqova suvlarni tozalash inshootini "Zarafshon" (Qoradaryo) qirg‘oqbo‘yi hududidan chiqarish belgilangan bo‘lishiga qaramasdan, hanuzgacha mablag‘ ajratilmaganligi sababli yuqoridagi qarorlar ijrosi ta’minlanmayapti. Shuningdek, Kattaqo‘rg‘on tumani hududidan inshoot uchun 18 gektar yer maydoni ajratib berish haqidagi qaror ham qog‘ozda qolib ketdi. Inshoot uchun sarflangan elektr energiyasining haqi to‘lanmaganligidan katta qarzdorlik yuzaga keldi va bu yerdagi nimstansiyani elektr tarmoqlari korxonasi o‘z ixtiyoriga oldi. Endi inshootni elektrsiz ishlatishning imkoni yo‘q.
– Kattaqo‘rg‘on shahridagi avtomobil yuvish shoxobchalari, oshxonalar va boshqa joylarda ishlatilgan zaharli suvlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri daryoga quyiladi, – deydi tuman ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish inspeksiyasi boshlig‘i Jasur Ahmedov. – Suvni tozalash inshooti ishlamaganligi tufayli Qoradaryodagi baliqlar, shu yerda yashaydigan odamlar, yon-atrofga ekilgan daraxtlar, daryo suvidan ichadigan hayvonlar salomatligiga salbiy ta’sir qilmoqda. Inshootni kapital ta’mirlash masalasi Oliy Majlis Senati, Qonunchilik palatasida bir necha bor ko‘tarilganiga qaramay, hanuzgacha hal etilmayapti.
– Bu ishlar uchun Jahon banki investitsiyasi hisobidan 106 million dollar ajratilishi belgilangan, – deydi Kattaqo‘rg‘on shahar hokimi o‘rinbosari Davron Rahmonov. – Ana shu mablag‘ hisobidan Kattaqo‘rg‘ondagi Ko‘rpa, Murtak va shahar toza ichimlik suvi ichki tarmoqlari hamda "Boynazar" oqova suvlarni tozalash inshooti qayta quriladi. Yaqinda Jahon bankining mutaxassislari kelib, bu boradagi loyihalar bilan tanishishdi. Ushbu loyiha amalga oshsa, ko‘p yillardan buyon aholini qiynayotgan muammolarga barham beriladi.
Azim QODIROV.