Bozorda patta puli qancha?

G.Komilov,

Paxtachi tumani.

– Aniq me’yorlar bor. 2018 yil 17 fevralda viloyat hokimi qarori bilan viloyatdagi barcha bozorlar va savdo komplekslari ma’muriyati tomonidan undiriladigan bir martalik yig‘imlar tasdiqlangan. Hujjatda 30 turdan ziyod qishloq xo‘jalik mahsulotlaridan olinadigan bir martalik yig‘imlar miqdori ko‘rsatilgan. Bundan tashqari, bozor joylashgan hududga qarab ham uch xil kategoriya mavjud.

Masalan, siz ho‘l meva sotayotgan bo‘lsangiz, bir martalik yig‘im uchun Samarqand, Kattaqo‘rg‘on shaharlari va Urgut, Samarqand tumanlarida 5000 so‘m to‘laysiz. Nurobod va Qo‘shrabot tumanida xuddi shu yig‘im 3000 so‘m, qolgan tumanlarda 4000 so‘m. O‘zingiz yashaydigan Paxtachi tumanidagi bozorlar misolida bir necha turdagi mahsulotlar uchun bir martalik yig‘im miqdori quyidagicha:

– quruq mevalar – 6500 so‘m;

– sabzavotlar (shu jumladan, issiqxonada yetishtirilganlari), tuzlamalar, tuxum, uyda tayyorlangan konservalangan mahsulotlar, pazandalik, qandolatchilik mahsulotlari uchun 3500 so‘m;

– mol, qo‘y va boshqa hayvon go‘shtlari uchun 15000 so‘m;

– don mahsulotlari uchun 6500 so‘m;

– dukkakli mahsulotlar uchun 6000 so‘m;

– poliz mahsulotlari uchun 5500 so‘m.

Shuningdek, mol bozorida sotiladigan har bir yirik shoxli qoramol uchun viloyatning barcha bozorlarida bir xil narx – 22000 so‘m to‘lov belgilangan. Qo‘y, echki uchun esa 16000 so‘m.

Savolga viloyat bozorlar va savdo

komplekslari uyushmasi mutaxassisi

Solijon O‘SAROV javob berdi.