Bozorda sifatsiz oziq-ovqat tovarlarining sotilishini bartaraf etish uchun bozor ma’muriyatiga tavsiyanoma berildi
Kecha, 7 iyun kuni zarnews.uz saytida “Urgut bozorida sotilayotgan go‘sht hidiyam, ko‘rinishiyam ta’bni xira qiladi” mavzusida murojaat e’lon qilindi.
Unda “Urgut tumanidagi “Dehqonobod” bozorida sifati kafolatlanmagan tovuq go‘shti sotilayotgani, bu haqda SES xodimlariga aytdik, lekin natijasi bo‘lmayapti”, deyilgan.
Biroq ta’kidlash o‘rinliki, go‘sht mahsulotlari sifati bilan bog‘liq holatlarga vakolat doirasida javobgarligi va mas’ulligi bo‘lgan tashkilot bor. Bu “SES” emas, veterinariya xizmatlari mutaxassislaridir.
Ammo viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi hamda Urgut tuman bo‘limi mutaxassislari birgalikda murojaatni joyida o‘rganish maqsadida Urgut tuman “Dehqonobod dehqon bozori” MChJda bo‘ldi. Bozor direktori J.Ergashevning aytishicha, bozorda faoliyat ko‘rsatayotgan tuman veterinariya va qishloq xo‘jaligini rivojlantirish bo‘limi xodimi o‘z ishiga sovuqqonlik va mas’uliyatsizlik bilan yondashgan. Bozorda sotilayotgan go‘sht va sut mahsulotlarining sifati va xavfsizligini nazorat qilish, kafolatlanmagan mahsulotlar savdosini to‘xtatish, brakeraj qilish to‘g‘ridan to‘g‘ri ushbu xodimning vazifasi bo‘lsa-da u xodim har bozor kunlarida faqatgina kartoshka va piyoz mahsulotlarini yig‘ib, laboratoriyaga olib borishi va shunda ham tekshirish o‘tkazmasligi ma’lum bo‘ldi. Xodim bir necha marta ogohlantirilishiga qaramasdan o‘z vazifasini bajarmagan, hatto tahlil laboratoriya xonasi talab darajasida emas.
Yuqoridagi holatlar bo‘yicha direktor J.Ergashev Urgut tumani veterinariya va qishloq xo‘jaligini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘iga bildirish xati bilan murojaat qilgan.
Vaholanki, Urgut tumani sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limi tomonidan bozorda sifatsiz oziq-ovqat tovarlarining sotilishini bartaraf etilishi borasida bozor ma’muriyatiga bir necha marta tavsiyanomalar berilgan. Berilgan tavsiyanomalar ijrosi ayrim mas’uliyatsiz xodimlarni deb ta’minlanmayotganligi aholi salomatligiga jiddiy xavf tug‘dirishini mutasaddi tashkilotlar to‘g‘ri anglasalar maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
Samarqand viloyat sanitariya-epidemilogik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi axborot xizmati.