Britaniyalik mutaxassis qo‘l berib ko‘rishishdan butunlay voz kechishga chaqirdi

Londondagi gigiyena va tropik meditsina maktabi mikrobiologi Beron Piotning fikriga ko‘ra, Buyuk Britaniya kelajakda pandemiyalarning oldini olishi uchun bir qator odatlardan voz kechmog‘i lozim. Xususan, qo‘l berib ko‘rishishdan voz kechish kerak.

Mutaxassis, an’anaviy qo‘l berib ko‘rishishni yaponcha usuldagi ko‘rishishga almashtirish kerakligini ta’kidlab o‘tdi. Bundan tashqari, respirator kasalliklar tarqalgan vaqtda himoya niqoblarini taqish va ijtimoiy masofaga amal qilish odatiy holga aylanishi zarur.

Piot so‘zlariga isbot tariqasida ijtimoiy masofa va niqob taqish amaliyoti keng qo‘llanilayotgan va gripp kabi yuqumli kasalliklar ko‘rsatkichi keskin kamayib ketgan Avstraliya statistikasini keltirib o‘tdi. Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, shaxsiy gigiyenaga amal qilib, niqob taqib va ijtimoiy masofa qoidalariga keng ko‘lamda amal qilinsa, koronavirus tarqalishi keskin qisqaradi.

Taqdim etilgan so‘nggi ma’lumotga ko‘ra, bugungi kunga kelib Buyuk Britaniyada 297 146 nafar koronavirus holati aniqlangan.