Bugun tug‘ilgan kun
Taniqli shoir Mamarasul Boboyev 1911 yil 3 aprelda Kattaqo‘rg‘on shahrida tug‘ilgan.
1931 yilda Mamarasul Boboyev Samarqand pedagogika akademiyasining ijtimoiy fanlar fakultetiga o‘qishga kirsa-da, respublika xalq xo‘jaligini kollektivlashtirish, savodsizlikni tugatish kompaniyalariga komsomol yo‘llanmasi bilan safarbar etilib, ishga kirishib ketadi. U dastlab Bulung‘ur rayonida o‘qituvchilik qildi, keyinchalik Namangan pedagogika bilim yurtida va Toshkent maktablarida ona tili va adabiyot fanidan dars beradi.
1938 yilda Toshkent pedagogika institutini tugatgan.
1941-1946 yillarda Ikkinchi jahon urushida qatnashgan. Keyinchalik, umrining oxirigacha respublika gazeta, jurnal, nashriyotlari va O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida ishlagan.
«Janubiy nuqtada», «Eron daftari», «Sadoqat haqida» she’rlar turkumi va boshqa kitoblari nashr etilgan.
Uning «Yoshlik chog‘im — oltin chog‘im», «Go‘zallik istab» kabi dramalari katta sahnalarda qo‘yilgan. Rus (M.Lermontov, N.Nekrasov, T.Shevchenko, N.Tixonov, K.Simonov), tatar (M.Jalil), avar (R.Hamzatov) shoirlari asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.
Mamarasul Boboyev 1969 yil 23 iyulda Toshkent shahrida vafot etgan.
***
BOBOM ARMONI
Yer tinmay aylanar. Doimo bedor –
Qanotida yuzlab qish va yoz so‘nar...
Shundan faqatgina bir necha bahor
Jamolin ko‘raman: nur bilan o‘ynar.
Mana bobom! Unga har narsa ehson
Qilaman. Asrga yaqindir yoshi.
Yuzdagi ajinlar – yillariga son,
Ammo bor bir armon, bitta xohishi.
Bugun ham u bilan shirin suhbatda
Har to‘g‘rida fikr ayladik bayon.
Yoshlik, baxtimizni maqtar har gapda,
Nazarimda, qilar u shunday armon:
“Yasharsam, yosharsam! –
Shunday o‘ylar u, -
Bilgich bu doktorlar bir chora ko‘rsa,
Keksalik dardiga bir davo qilsa,
Bu yorug‘ kunlardan ko‘z olsa yog‘du.
Kiprigim ustidan quvsa, yo‘qol, deb,
Tushayotgan o‘lim soyasin yiroq.
“Mana yigitliging, chol, qayta ol” deb,
Olov yillarimni qaytarsa ozroq!..
Bu kechgan umrimning jami onini
Shu kunlar damiga tenglayolmadim.
Muhtojlik yeridan rizqim donini
Terib yedim, ammo to‘yib yemadim...
U zamonda mendek talay bechora
Uysiz, boshpanasiz darbadar o‘tgan.
Erksiz va huquqsiz, siynalar pora,
Haqsizlik ko‘p ojiz boshlarni yutgan.
Endi, xiralashib qolgan ko‘zlarim
Obod, dorilamon hayot ko‘rmoqda.
Shod, baxtiyor yurtning o‘g‘il, qizlari!
Oydin kelajak ham porlab turmoqda!
Olgan har nafasim tuyilar boldek.
Bunda keksalik ham katta baxt! Biroq, elga madad bermog‘im uchun –
“Mana yigitliging, chol, qayta ol” deb,
Olov yillarimni qaytarsa ozroq!”.
1939 yil
* **
«ZANJIRLANGAN ShER*»
“Zanjirlangan sher” O‘!.. ko‘zida g‘azab,
Atrofiga “la’nat!..” deya boqadi.
Agar erkin bo‘lsa, qudrat shunchaki,
Zulm dunyosini tog‘day yiqadi.
Qarshisida hokim chirik saltanat,
Jallod ko‘zlaridek manfur va qonli.
Erlar tahqirliyu, sherlar zanjirli,
Fosih haramlarda hayvoniy ishrat...
U zanjirli, demak, bashar zanjirli,
Qullar qilgan isyon, zafar zanjirli.
U zanjirli, demak, she’r zanjirli,
Mehnat, ijod, sevgi, fikr zanjirli.
Bu “Zanjirlangan sher” – mujassam bir xalq,
Bunda gavdalanar: mehnatkash dehqon,
(Bellari dol bo‘lgan omoch uchiday),
Tog‘ qazuvchi, me’mor, qirdagi cho‘pon,
Vijdon, quyosh betli haqiqat va haq...
Bu “Zanjirlangan sher” – mujassam siymo,
Bu – oshiq Majnundir, donishmand Farhod.
Bu – vafoli Shirin va go‘zal Laylo,
Bu – mehribon Shopur, alamli Behzod.
Bu “Zanjirlangan sher” – ulug‘ Alisher,
Ming yillik bilimning o‘lmas qomusi.
Bir sherki, hayotga mangu kelgan er,
Hayotbaxsh va jo‘shqin she’r Amusi.
1939 yil.