"Bu xunrezlikni kuzatayotgan va chora ko‘rmayotgan insoniyat uchun sharmandalik": Shu so‘zlar bilan Eronda namoyishchilarni qo‘llab-quvvatlagan taniqli aktrisa hibsga olindi

Oldinroq Eron hukumati mamlakatning eng mashhur aktrisalaridan birini namoyishchilarni qo‘llab-quvvatlagani uchun hibsga olgandi. U mamlakatni qamrab olgan namoyishlar haqida "yolg‘on tarqatish"da ayblanmoqda.

Chet tilidagi eng yaxshi film nominatsiyasida Akademiya mukofotini qo‘lga kiritgan aktrisa Tarane Alidosti Eron hukumatining tartibsizliklarni bostirish borasidagi sa’y-harakatlarini ochiqdan-ochiq tanqid qilgan. O‘tgan hafta ham u namoyishchining qatl etilishini qoralab, hukumatga qarshi ijtimoiy tarmoqda post qoldirgan.

38 yoshli ayol o‘z postida xalqaro tashkilotlarni Mohsin Shekariyning qatl etilishiga to‘sqinlik qilmayotgani uchun tanqid qilgan. 8 dekabr kuni u hukumatparast harbiylashtirilgan "Basij" guruhi a’zosiga hujum qilish, shuningdek, Tehron ko‘chalaridan birida transport harakatiga to‘sqinlik qilishda ayblanib, osib o‘ldirilgan edi.

"Uning ismi Mohsen Shekari edi. Bu xunrezlikni kuzatayotgan va hech qanday chora ko‘rmaydigan har bir xalqaro tashkilot insoniyat uchun sharmandalik", deb yozadi u.

IRNA davlat axborot agentligiga ko‘ra, aktrisa “o‘z da’volarini tasdiqlovchi hujjatlar” taqdim eta olmagani uchun politsiya tomonidan hibsga olingan. Aktrisaning 8 milliondan ortiq obunachisi bo‘lgan akkaunti o‘chirib tashlangan.

Namoyishlar davom etmoqda

Bu yil boshlangan norozilik namoyishlari 1979 yilgi inqilobdan beri Eron rejimi duch kelgan eng katta qarshilik bo‘ldi.

Eronda norozilik to‘lqini kelib chiqishi kurd ayol - 22 yoshli eronlik Mahsa Amini 16 sentyabr kuni politsiya bo‘limida islomiy kiyinish qoidalarini buzganlikda ayblanib hibsga olinib, vafot etganidan so‘ng boshlandi.

Shundan so‘ng ayollar, universitet talabalari va hatto o‘quvchi qizlar ko‘chalarga chiqdi. Namoyishlar odatda tinch o‘tmoqda, ayollar va qizlar ro‘mollarini yechib, ko‘chalarda yoqib yuborishmoqda, hukumatga qarshi shiorlar aytib, huquq-tartibot kuchlari bilan to‘qnash kelishmoqda.

Eron hukumati bu to‘lqinni to‘xtata olmay, norozilik namoyishlarini g‘alayon deb atadi va hamma aybni o‘zining asosiy raqibi – AQSh, shuningdek, ularning ittifoqchilari – birinchi navbatda Isroil va Buyuk Britaniyaga yukladi. Ayni paytda Eron hukumati minglab namoyishchilar, jumladan olimlar, jurnalistlar va huquqshunoslarni hibsga olgan va namoyishchilarni tarqatib yuborish uchun kuch ishlatmoqda.

Huquq faollari axborot agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgacha xavfsizlik kuchlari kamida 488 namoyishchini o‘ldirgan va yana 18 259 kishi hibsga olingan. Agentlik shuningdek, xavfsizlik kuchlarining 62 nafar a’zosi halok bo‘lganini ham ma’lum qildi.

Rasmiylar “Xudoga dushmanlik”da aybdor deb topilgan ikki kishini allaqachon qatl qilgan. Eron qonunlari bu jinoyatni qurol orqali hayot yoki mol-mulkka tahdid qilish orqali jamoat xavfsizligiga putur yetkazish sifatida tavsiflaydi.

Inson huquqlari guruhlari namoyishchilar uchun o‘lim jazosi bilan yakunlangan sud jarayonlari tegishli jarayonsiz o‘tkazilayotganini ta’kidlamoqda.

Dekabr boshida Amnesty International tashkiloti yana 18 namoyishchi o‘lim jazosi bilan tahdid qilinganini ma’lum qildi. Ulardan 12 nafari allaqachon sudlangan va o‘lim jazosiga hukm qilingan, qolganlari sudda va o‘lim jazosi berilayotgan jinoyatlarda ayblanmoqda.

Eron har yili o‘limga hukm qilinganlar soni bo‘yicha Xitoydan keyin ikkinchi o‘rinda turadi va 2017 yildan beri birinchi marta bu yil 400 tadan oshib ketgan.