Bu yil Samarqandda 2 ta shohbekat, 10 ta yangi yo‘nalish tashkil etiladi

Transport xizmatlari hajmi 12,6 trillion so‘mga yetkazilib, 14,3 foizga o‘sishi ta’minlanadi. Millionli shahar jamoat transportida yangi yo‘nalishlar tarmog‘i bo‘yicha 10 ta magistral hamda 33 ta yetkazib beruvchi yo‘nalishlar ishga tushiriladi. Bunda, qo‘shimcha 100 dona zamonaviy avtobus (shundan, 50 ta elektrobus Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining kredit mablag‘lari hisobidan) olib kelinadi.
Bu haqda viloyat iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi shu’ba boshlig‘i Davron Rasulov ma’lumot berdi.
- Samarqand shahrida faoliyat yuritayotgan jami 503 ta zamonaviy avtobuslar BRUTTO shartnomasi asosida aholiga transport xizmati ko‘rsatilishi ta’minlanib, jamoat transportlari raqamlashtiriladi va monitoring tizimiga integratsiya qilinadi, - deydi D.Rasulov. - Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki mablag‘lari hisobidan 1-bosqichda 8 kilometr tramvay liniyalari quriladi va 14 dona tramvay vagonlari xarid qilinadi. Jamoat transporti qamrovi past bo‘lgan hududlarda qishloqlarni tuman markazlari bilan hamda tumanlarni viloyat markazi bilan bog‘lovchi 10 ta yangi jamoat transport yo‘nalishlari tashkil etiladi.
Samarqand shahrining tumanlar bilan tutash hududlarida 2 ta avtoshohbekat quriladi. Misol uchun, M-37 avtomobil yo‘lining Samarqand tumani “Motrit” halqa yo‘li hududida M-39 avtomobil yo‘lining Samarqand tumani Chumchuqli mahallasi ("Betonka" - Tayloq krug) hududida qurilish rejalashtirilgan.
O‘ktam Xudoyberdiyev.