Bu yilgi askarlar qachon qasamyod qilishi ma’lum bo‘ldi
Markaziy harbiy okrug qo‘shinlarida xizmat burchini boshlagan muddatli harbiy xizmatchilar uchun “Forish” va “Sazag‘on” dala-o‘quv maydonlarida jangovar texnika va qurol-yarog‘lar ko‘rgazmasi o‘tkazildi.
Bu haqda Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati ma’lum qildi.
Odatda, bu kabi ko‘rgazmali mashg‘ulotlar yangi chaqirilgan askarlar bilan O‘zbekiston armiyasida Vatanga qasamyod tantanasidan bir kun oldin o‘tkaziladi.
Karantin qoidalariga roiya etilgan holda tashkil etilgan ko‘rgazmali va amaliy mashg‘ulotlar oldidan okrug qo‘shinlaridagi mavjud zamonaviy texnikalar haqida ma’lumot berildi.
Shundan so‘ng muddatli harbiy xizmatchilarga otish tayyorgarligining nazariy va amaliy jihatlari yana bir bor tushuntirildi. Poligonda ilk bor askarlar shtatdagi AK-74 qurollaridan yotgan holda 100 metr uzoqlikdagi nishonga qarata o‘q otishdi.
Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning 12 iyul kuni Mudofaa vazirligi qo‘shinlariga yangi chaqirilgan askarlar uchun "Vatanga qasamyod" tadbirlari o‘tkaziladi. Karantin sabab, ularning yaqinlari mazkur tadbirda ishtirok eta olishmaydi.