Bu yilgi “Umra“ ziyoratiga qancha sarf-xarajat qilinadi?

8 oktyabr kuni O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashining “Yoshlar press-klubi”da Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan umra ziyorati bo‘yicha brifing o‘tkazildi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar bermoqda.

Brifingda yurtimiz umra safariga boruvchi ziyoratchilarning sonini belgilash bo‘yicha (kvota) cheklovlar olib tashlangani, 2019 yil umra mavsumi uchun sarf-xarajatlar smetasi loyihasi ishlab chiqilib, har bir ziyoratchidan olinadigan mablag‘ o‘tgan mavsumda umra safari uchun to‘lanadigan mablag‘ miqdoridan arzonlashtirilgani, ya’ni 11 600 000 so‘mdan 11 450 000 so‘mga tushirilgani aytildi.

Joriy yil sentyabr oyidan boshlab Saudiya Arabistoni Haj va umra ishlari vazirligi tomonidan har bir ziyoratchi uchun qo‘shimcha 132 AQSh dollari miqdorida mablag‘ joriy etilmoqda. Yuqoridagi xarajatlar smetasiga ushbu mablag‘ kiritilmagan. Kelishuvga ko‘ra, mazkur qo‘shimcha mablag‘ umra ziyorati uchun joriy yil noyabr oyidan boshlab tuziladigan keyingi shartnomada qo‘shilishi belgilab olindi.

Saudiya Arabistoni Podshohligi hukumati tomonidan haj va umra sohasida chet el ziyoratchilariga qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida keng qamrovli islohotlar olib borilib, ziyoratchilarga xizmat ko‘rsatishning yangi tizimi, ya’ni elektron platforma joriy qilingan. Yangi tizim to‘liq ishga tushirilmaganligi sababli 20 kun Saudiya Arabistoniga kirish vizasi faoliyati to‘xtab qolgan. Shu yilning 25 sentyabr kunidan boshlab elektron platforma orqali dastlab kichik guruhli (5-25 nafar) umra ziyoratchilariga “V2S” turdagi kirish vizalari rasmiylashtirish boshlangan.

Lekin umra ziyoratiga kelishi rejalashtirilayotgan hukumatlararo kelishuv asosidagi katta guruhlarga esa mazkur portalning to‘liq ishga tushirilmaganligi sababli “V2V” turdagi viza berish tizimi hozirgacha ishga tushmaganligi haqida rasmiy bildirildi. Ushbu turdagi kirish vizasini rasmiylashtirish bo‘yicha O‘zbekiston hukumati tomonidan barcha amaliy ishlar amalga oshirilib, jarayon shay holga keltirilgan. Saudiya Arabistonidagi hamkorlar tomonidan o‘zbekistonlik ziyoratchilarni kutib olish ishlari nihoyasiga yetgan. Barcha shart-sharoitlar hozirlab qo‘yilgan, dedi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari M.Komilov.

Brifingda e’lon qilingan mablag‘ har bir ziyoratchi uchun to‘lanadigan mablag‘ ichiga:

-  Saudiya Arabistoni podshohligi rasmiy vizasi;

-  “Toshkent-Jidda-Toshkent” yo‘nalishi bo‘yicha aviachipta;

-  Makka va Madina shaharlaridagi 5 va 4 yulduzli mehmonxona;

-  oshpazlar tomonidan tayyorlanadigan tansiq taomlar;

-  sarxil mevalar, shirinliklar, salqin ichimliklar;

-  24 soatlik bepul to‘liq tibbiy xizmat;

-  mamlakatimiz ramzlari tushirilgan maxsus nimcha va sumka;

-  Umra qo‘llanmasi (kitobi), beyjik, qo‘l tasmasi, vaksina, zamonaviy transport hamda boshqa ziyorat xizmatlari kiritilgani ham qayd etildi.

O‘tgan yildan buyon ziyoratchilarimizga Madina shahrida “Masjidun Nabaviy”dan 50 metr uzoqlikda joylashgan 5 yulduzli “Pulman Zam-zam”, Makka shahrida esa “Masjidul haram”dan 600-650 metr uzoqlikdagi 4 yulduzli “Abroj al-Kisva” mehmonxonasi xizmat ko‘rsatmoqda. Ziyoratchilarimiz uchun mehmonxonalarda yuqori darajadagi servis yo‘lga qo‘yilib, 24 soat davomida bepul tibbiy xizmat ko‘rsatish punktlari joriy etildi.

Brifingda tayyorgarlik va tashkiliy ishlarni o‘z vaqtida, tizimli va tartibli amalga oshirish uchun Makka shahrida 3 nafar va Madinada 2 nafar, jami 5 nafar ishchi guruhi, 200 nafar guruh rahbari (ellikboshi) va 47 nafar shifokor xizmat ko‘rsatishi ma’lum qilindi.