Bugun tug‘ilgan kun
Buyuk ma’rifatparvar, taniqli dramaturg, publitsist, jamoat arbobi, jadidchilik harakati yetakchilaridan biri Mahmudxo‘ja Behbudiy 1875 yil 19 yanvarda Samarqandda tug‘ilgan.
18 yoshidan qozixonada mirzalik qilgan, qozi, mufti darajasiga ko‘tarilgan.
Behbudiy Qozon va Ufaga borib (1903-1904), u yerdagi yangi usul maktablari bilan tanishadi, tatar ziyolilari bilan aloqani yo‘lga qo‘yadi. Yangi maktablar uchun darsliklar tuzishga kirishadi. «Risolai asbobi savod» («Savod chiqarish kitobi», 1904), «Risolai jug‘rofiyai umroniy» («Aholi geografiyasiga kirish», 1905), «Muntahabi jug‘rofiyai umumiy» («Qisqacha umumiy geografiya», 1906), «Kitobat ul-atfol» («Bolalar xati», 1908), «Amaliyoti islom» (1908), «Tarixi islom» (1909) kabi kitoblar chop ettiradi.
Behbudiy 1911 yilda «Padarkush» dramasini yozdi. Bu birinchi o‘zbek dramasi edi. U bu asar janrini «milliy fojia» deb atagan.
Noshir va muharrir sifatida «Samarqand» gazetasini chiqaradi. Gazeta o‘zbek va tojik tillarida chop etildi. So‘ng «Oyna» jurnali chiqara boshlaydi.
Behbudiy matbuotimiz tarixida maqolanavis sifatida alohida mavqega ega. Uning hozircha aniqlangan maqolalarining soni 300 ga yetadi.
1919 yilning erta bahorida mamlakatdan chiqib ketayotganida Shahrisabzda Inqilobiy favqulodda komissiya ayg‘oqchilari ko‘magida Buxoro amirligi odamlari tomonidan qo‘lga olinadi, Qarshida zindonga tashlanadi va qatl qilinadi.
2020 yil Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludiga 145 yil to‘ldi. Shu munosabat bilan Prezidentimiz e’tibori bilan ushbu sana keng nishonlandi. Toshkentda yangi ochilgan Adiblar xiyobonida buyuk ma’rifatparvarning haykali o‘rnatildi, jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti talabalari uchun Mahmudxo‘ja Behbudiy nomidagi stipendiya ta’sis etildi. Samarqand shahrida uy-muzey ochildi, ko‘plab madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2020 yil 30 oktyabrdagi farmoniga ko‘ra, Behbudiy Vatanimizning yuksak mukofoti – “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandi.